O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni uchrashuviga 25 ming dona chipta sotildi, bugun «Paxtakor»da anshlag kuzatiladi

Sport 12:43 / 14.11.2019 13340

JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichi 5-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi uchrashuv muxlislarning katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish bo‘limi rahbari Abdurahmon Fozilovning Tribuna.uz muxbiriga bergan ma'lumotlariga ko‘ra, milliy jamoamizning Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvida o‘yingoh muxlislar bilan liq to‘lishi kutilmoqda.

«Guruh favoritlari O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi uchrashuv o‘zbekistonlik muxlislarda katta qiziqish uyg‘otganligini uchrashuv chiptalarining sotilishidan ham bilsa bo‘ladi. Bugungi uchrashuvgacha internet va sotuv orqali allaqachon 25 ming donaga yaqin chiptalar sotib bo‘lindi. Ya'ni, «Paxtakor» stadionining markaziy sektorlari uchun chiqarilgan chiptalar to‘liq sotib bo‘lingan. Bugunga kelib kassada taxminan 5 mingga yaqin chipta qoldi, xolos. Bosh jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘yinga butun O‘zbekistondan muxlislar kelishini inobatga olsak, stadion liq to‘lib, angshlag kuzatiladi» - deydi Abdurahmon Fozilov Tribuna.uz muxbiriga.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni uchrashuvi bugun, 14 noyabr soat 17:00da «Paxtakor» stadionida boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: