Xalqaro valuta jamg‘armasining fikricha, O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalarga ochilgani Markaziy Osiyoda «sog‘lom raqobat»ni keltirib chiqarishi mumkin.
XVJning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari departamenti direktori yordamchisi Mark Xortonning seshanba kuni Qozog‘iston poytaxti Nur Sultonda bergan intervyuda ma'lum qilishicha: «O‘zbekiston ijobiy investitsiyalar bo‘yicha Qozog‘istonning raqobatchisiga aylanadi». Raqobat «ikkala davlatni ham shaffoflik, o‘z siyosati va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun ko‘p harakat qilishga majburlaydi».
O‘zbekistonning bir necha yillik izolyatsiyadan keyin chet el sarmoyalariga ochilgani Qozog‘istonning Markaziy Osiyoning iqtisodiy markazi mavqeiga tahdid solmoqda. O‘zbekiston aholisi 33 million kishini tashkil etadi, bu Qozog‘iston aholisidan bir yarim baravar ko‘p, ammo, XVJ ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti uch baravar kamdir.
Xortonning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylariga XVJning siyosiy maslahatlari va texnik yordami kerak, mamlakat qisqa muddatda juda murakkab va keng ko‘lamli islohotlarni boshladi.
Xortonning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston katta bozorga ega va iqtisodiyoti har tomonlama rivojlangan, ayniqsa sanoat sektori salohiyatli, shuning uchun u har jihatdan Qozog‘iston bilan raqobatlashishga majbur bo‘lmaydi. Mamlakat Qozog‘istonning xorijiy sarmoyalarni jalb qilish borasidagi tajribasidan foydalanish yo‘llarini izlashi kerak hamda har ikki davlat hamkorlik va o‘zaro sarmoyalar uchun ochiq bo‘lishi lozim, deya qo‘shimcha qildi u.
Qozog‘iston Iqtisodiyot vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2016 yildagi 1,5 milliard dollardan 2018 yilda 2,5 milliard dollargacha oshgan.