Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini moliyalashtirish uchun kreditlar yoki moliyaviy yordam bermasligi belgilab qo‘yildi.
Davlat rahbari “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Ushbu Qonun Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma'qullangan.
Oliy Majlis Senati a'zosi Abduqodir Toshqulovning yozishicha, hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining huquqiy maqomi, vakolatlari, vazifalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi mustahkamlab qo‘yilgan.
Qonunga ko‘ra Markaziy bank yuridik shaxs bo‘lib, u davlatning mutlaq mulkidir va o‘z xarajatlarini o‘zining daromadlari hisobidan amalga oshiradi. Shu bilan birga, Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga hisobdordir. Oliy Majlis Senati Markaziy bankning yillik hisobotini auditorlik tashkilotining xulosasi bilan birga ko‘rib chiqadi.
Bundan tashqari, Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini moliyalashtirish uchun kreditlar yoki moliyaviy yordam bermaydi.
Shuningdek, Qonunda Markaziy bankning moliyaviy holati nazarda tutilib, u Markaziy bankning ustav kapitali, foydani aniqlash va taqsimlash, Markaziy bankning yillik hisoboti hamda Markaziy bank faoliyatining ichki va tashqi auditidan iborat.
Shu bilan birga, Markaziy bank raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Markaziy bankning O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va kredit tashkilotlari bilan munosabatlari belgilangan. Xususan, Markaziy bank kredit tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valuta birjalari, kredit byurolari va banklar guruhlarining faoliyatini, shuningdek qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarishni tartibga soladi va nazorat qiladi.
Buni quyidagilar orqali amalga oshiradi:
tartibga solishga doir vazifalari va nazoratga doir vazifalarini bajarish,
kredit tashkilotlari xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar, asoslantirilgan mulohazaning qo‘llanilishi, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish,
nazorat qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) o‘tkazish,
banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq banklarga, banklarning bevosita hamda bilvosita aksiyadorlariga, shu jumladan, oxirgi benefitsiar mulkdorlariga, kuzatuv kengashi va boshqaruvi a'zolariga, banklarning muhim ahamiyatga ega xodimlariga nisbatan choralar hamda sanksiyalar qo‘llash.
Shu bilan birga, Qonunda xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning markaziy banklari hamda bank nazorati va monetar siyosat bo‘yicha boshqa organlari bilan hamkorlik qilish hamda axborot almashish to‘g‘risidagi normalar ham mustahkamlangan.
Bundan oldin, Markaziy bank xodimlariga nimalar taqiqlanishi aniqlashtirilgandi.