Tojikiston bozorida asosan Xitoy, Turkiya va Qirg‘izistondan tovarlar sotiladi. Ammo chegaralar ochilganidan beri Made in Uzbekistan mahsulotlariga talab oshdi. O‘zbekiston Tojikistonga kiyim-kechak, oziq-ovqat, maishiy texnika yetkazib bermoqda, deb yozadi Gezitter.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi ikki baravar ko‘paydi.
Tadbirkor Nargis Hafizova Dushanbe shahridagi «Karvon» bozorida savdo qiladi va bungacha Xitoy hamda Qirg‘izistondan tovarlar olib kelib yurgan. Ammo yarim yildan beri u biznes yo‘nalishlarni o‘zgartirib, O‘zbekistondan kiyim-kechak olib kela boshladi.
- Bu Xitoy va Qirg‘izistonga qaraganda ancha yaxshi. Undan oldin men Xitoy yoki boshqa mamlakatga borish uchun yo‘lning o‘ziga 7-10 kun sarflardim. O‘zbekistonga esa 2-3 kun ketadi. U yerda tovarlarning narxi ham ancha past, - dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab tadbirkorlar Xitoy, Qirg‘iziston yoki Turkiyadan yuk tashish chog‘ida yo‘lda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bundan oldin Qirg‘izistonning to‘qimachilik sanoati qo‘shni davlatlar orasida yaxshi obro‘ga ega edi va yetakchi mavqeni egallab turardi. Ammo so‘nggi yillarda O‘zbekiston yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi.