Bugun, 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar va mas'ul organlar tomonidan «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi va 2020-2022 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi masalalari ko‘rib chiqildi.
Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qonun loyihasining asosiy muhim jihatlarini sanab o‘tdi.
«Qonunning asosiy maqsadlarini sanab o‘taman. Birinchidan, budjetni qabul qilish va ijrosini ta'minlashda parlament nazoratini kuchaytirish. Ikkinchidan, budjet intizomini yanada mustahkamlash, budjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishni ta'minlash, budjet jarayoni ishtirokilarining mas'uliyati va javobgarligini oshirish. Qonun loyihasida keyingi yil uchun davlat budjeti daromadlari xarajatlari va 2021-2022 yillar uchun budjet mo‘ljallari avvalgi yillardan farqli o‘laroq ma'lumot uchun kiritilmoqda. Buning mohiyati shundaki, respublika budjeti xarajatlari va mahalliy budjetlarga transfertlar Oliy Majlis tomonidan, mahalliy budjet xarajatlari esa mahalliy xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlanish tartibi joriy etilmoqda. Shuning uchun Oliy Majlis mahalliy budjetlarni ham o‘z ichiga olgan davlat budjeti xarajatlarini tasdiqlamasligi lozim bo‘ladi.
2020 yildan boshlab mahalliy budjet mustaqil ravishda shakllantiriladi. Mahalliy hokimliklar o‘zlariga biriktirilgan soliqlardan tushumlarni ko‘proq tushirsalar shunga mos ravishda xarajatlarni ham oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Agar mahalliy soliqlar bo‘yicha pronoz ko‘rsatkichlari bajarilmasa, hokimliklar shunga yarasha o‘z xarajatlarini qisqartirishlariga to‘g‘ri keladi. Hududning daromadi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan omillar hisobiga 5 foizdan pasayib ketsa va xarajatlarni qisqartirish yoki bu daromadlar o‘rnini qoplash imkoniyati bo‘lmasa respublika budjetidan mahalliy budjetga yordam berish tizimi ishga tushadi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.