Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish» loyihasi amalga oshiriladi. O‘zbekiston prezidentining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, quyidagilar:
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi Direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish» loyihasini moliyalashtirish uchun 7 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 25 yil muddatga 23,023 mlrd. yapon iyenasi (213,175 mln. AQSh dollari ekvivalentiga teng) miqdoridagi qarz ajratilishi ma'qullangan;
Loyihaning umumiy qiymati 321,575 mln. AQSh dollari ekvivalentini, ulardan:
213,175 mln. AQSh dollari ekvivalenti Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi qarzini tashkil etadi;
59,1 mln. AQSh dollari ekvivalenti miqdorida soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish shaklida O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etadi;
49,3 mln. AQSh dollari ekvivalenti miqdorida Loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushini tashkil etadi.
Belgilanishicha:
Loyiha O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi, uni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobotni yuritish uchun mas'ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
Loyiha doirasida to‘lov amaliyotlari, jumladan oylik ish haqlari, soliq va boshqa xarajatlarni to‘lash Agentlikning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriligi G‘aznachiligida hamda tijorat bankida alohida ochiladigan hisob raqamlari orqali amalga oshiriladi.
Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2020 – 2024 yillar) tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziriga O‘zbekiston Respublikasi nomidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi o‘rtasida tuziladigan Loyihaning qarz bitimini va unga kiritiladigan o‘zgartirishlarni imzolash vakolati beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda quyidagilarga huquqiy xulosa beriladi:
O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi o‘rtasidagi qarz bitimiga;
Loyiha doirasida Agentlik hamda Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarz mablag‘larini qayta kreditlash bitimlariga.
Quyidagilar:
Loyihani amalga oshirish doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi qarzi hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlaridan tashqari), qo‘shilgan qiymat solig‘idan, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar va yig‘imlardan;
Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliqdan ozod qilinadi.