Vadim Abramov: «Saudiya Arabistoni bilan o‘yindan keyin ham peshqadamlikni saqlab qolishimiz kerak»

Sport 16:45 / 13.11.2019 11310

- «Ertangi bahs juda ham muhim o‘yin hisoblanadi. O‘ylaymanki, yo‘llanma uchun kurash guruhdagi aynan ushbu ikki jamoa o‘rtasida kechadi. Hozircha omadimiz kelayapti, biz peshqadammiz, ertaga ham o‘z o‘rnimizni saqlab qolishimiz kerak. Saudiya Arabistoni jiddiy va hurmatga sazovor raqib. O‘yinga munosib tayyogarlik ko‘rdik, umid qilamanki, ertaga omad biz tomonda bo‘ladi» - deya so‘z boshladi Vadim Karlenovich.

- O‘tgan yig‘in oldidan ruhiy bosim sabab Lutfulla To‘rayevga javob berib yuborilgandi. Bu safar u bilan ruhshunoslar ish olib borishdimi, Lutfulla o‘yinga tayyormi?

- Umuman olganda, Lutfulla To‘rayev Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda yomon taassurot qoldirmadi. O‘yinni buzib qo‘ygani yo‘q. U tajribali futbolchi, terma jamoadagi yoshlarga o‘rnak bo‘la oladi.

- Raqib bosh murabbiyi Erve Renar ushbu saralash sikli boshida Saudiya Arabistoni terma jamoasida ish boshladi. Raqibni o‘rganish jarayonida u o‘z uslubini terma jamoaga singdira olganiga guvoh bo‘ldingizmi?

- Men bu jamoaning natijalarini kuzatib borganim yo‘q. Fikrimcha, bu savolni saudiyalik jurnalistlarga berish kerak. U Afrika terma jamoalarida muvaffaqiyatli ishlaganidan xabarim bor. Uni tajribali mutaxassis sifatida bilamiz. U o‘z uslubini qay daraja singdira olganligini ertangi o‘yinda bilib olamiz.

- Ertaga Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan biriga qarshi o‘ynaymiz. Himoya pand berib qo‘ymasmikin?

- Biz o‘z kamchiliklarimizni bilamiz, ammo qisqa vaqt ichida barcha muammolarga barham berish qiyin. Kamchiliklarimizning qay darajada ko‘rinishi raqib jamoaning ham saviyasiga bog‘liq. Ertangi o‘yin oldidan muammo va kamchiliklar haqida gapirishni istamaymiz. Muhim bahsni o‘tkazib olaylik, keyin qanday muammolar bartaraf etilganligi haqida gapirish mumkin.

- Sardor Rashidov o‘z klubi safida yana ikkita gol urdi. Uni terma jamoamizning keyingi yig‘inlariga chaqirasizmi?

- To‘g‘ri, Sardor Rashidov o‘z klubida gollar urmoqda, ammo u hali o‘z klubida to‘liq moslashib olib, o‘zini ko‘rsatishda davom etishi kerak. Axir hamma gol urganlarni chaqira olmaymiz. Biz Sardor uchun juda xursandmiz. Bu ikkita bahsdan so‘ng katta tanaffus bo‘ladi. Shundan keyin balki uni chaqirishimiz mumkin, ammo hozir uni zaxirada o‘tirishi uchun chaqira olmaymiz.

Ko‘proq yangiliklar: