Turdimov Samarqand viloyati tadbirkorlariga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston 21:13 / 13.11.2019 11644

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 7 noyabr kuni tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari «Bundan buyon taraqqiyot va farovonlikka faqatgina tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash orqali erishish mumkin», degan fikrni ilgari surib, hokimlar va sektor rahbarlariga tadbirkorlarga murojaat bilan chiqish topshirig‘ini bergan edi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyat yoshlar markazida tadbirkorlarga murojaat yo‘lladi. Kun.uz muxbiri hokim murojaatining belgilangan rejalarga doir ayrim jihatlarini keltirib o‘tdi.

«Tadbirkorlik – innovatsion va zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etiladigan iqtisodiy yo‘nalish sifatida taraqqiyot omiliga aylanib bormoqda.

«Faol tadbirkor» deganda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan fidoyi insonlar qatlami tushuniladi.

Viloyatda bugungi kunda 26600ta kichik biznes sub'yekti faoliyat yuritmoqda. Ularning soni joriy yilda 8500taga ko‘payishi kutilmoqda.

Viloyatda paxtachilik tarmog‘ida 8ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada ushbu klasterlarda nafaqat g‘o‘zani yetishtirish, balki paxtani yig‘ishtirib olish va qayta ishlash, ip kalava, tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. 2020 yilda klaster tizimi yanada keng rivojlanib, g‘allachilik yo‘nalishida 19ta klaster korxonalari tashkil etiladi.

Hududiy dasturlar doirasida 2019 yilning yakuni bilan 6 trln so‘mlik 801ta loyiha amalga oshirilishi va 16094ta ish o‘rinlari yaratilishi ta'minlanadi. Buning natijasida qo‘shimcha 25 mln dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi», – dedi viloyat hokimi yil davomida erishilgan yutuqlarni sanab.

Turdimov o‘z murojaatida kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularga yordam qo‘lini cho‘zishda rahbarlar yangicha ish uslubiga o‘tishlarini e'lon qildi. Chunonchi, Samarqandda tadbirkorlikka ko‘mak beruvchi mas'ul idoralar, 4ta sektor rahbarlari bundan buyon «Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz!» mezoni asosida o‘z ish faoliyatini tashkil etadi.

Viloyatdagi 4ta sektor rahbarlari, barcha bo‘g‘indagi boshqaruv va nazorat organlari tadbirkorlikning rivojlanishiga xalaqit qilayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish hamda har bir hududda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning kafolatlarini ta'minlaydi.

«Bir narsani chuqur anglashimiz kerak: sizning loyihangiz — viloyatimizning kelajagi va aholimiz farovonligining kafolatidir.

Bunda:

  • tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olish, endilikda davlat organlari bilan munosabatlar tekshirish emas, balki tadbirkorlarga faqat va faqat yordamlashish nuqtayi nazaridan qaraladi;
  • har bir tadbirkorning mulki daxlsiz, hech bir tadbirkordan turli sabablarni vaj qilib, uning mulki tortib olinmasligi yoki buzilmasligi kafolatlanadi hamda tadbirkorlar mol-mulki daxlsizligi ta'minlanadi;
  • tadbirkorlar ishtirokida turli majlisbozlikka chek qo‘yiladi, mahalliy hokimlik idoralari vazifalarini tadbirkorlarga yuklash va ularni homiylikka majburlash amaliyotiga butunlay barham beriladi.

Agarda sizning faoliyatingizga noqonuniy aralashuvlarga yo‘l qo‘yilsa yoxud qaysidir jabhada sizlarga ko‘mak zarur bo‘lsa, mening doimiy ishlovchi Telegram-messenjerimga (97 405-40-06), Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifam, viloyat hokimligida tashkil etilgan 24 soat ishlovchi 1177 ishonch telefoni orqali yoxud Cavdo-sanoat palatasining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida haftaning dushanba kuni «Tadbirkorlar qabuli»ga, haftaning chorshanba kuni «Investorlar kuni» munosabati bilan o‘tkaziladigan qabullarimga kelib, shaxsan murojaat qilishingiz mumkin.

Biz, albatta, sizning muammongizni qisqa muddatlarda hal etish hamda amaliy yordam berish choralarini ko‘ramiz», – dedi Erkinjon Turdimov o‘z chiqishida.

Mavzuga oid:
Viloyat hokimlari tadbirkorlarga murojaat bilan chiqish qilishdi

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev tadbirkorlarga murojaat yo‘lladi.

Ko‘proq yangiliklar: