Peshqadamlik uchun «jang». Osiyoda bizni qanday uchrashuvlar kutmoqda?

Sport 13:52 / 13.11.2019 17909

Ushbu haftada barchaning diqqat-eʼtibori terma jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarga qaratiladi. Xususan, 14 noyabr, payshanba kuni Osiyo bo‘ylab JCh-2022ning saralash bosqichi doirasidagi 5-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Bu turda O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni o‘yini bilan birga Iroq – Eron, Suriya – Xitoy, Iordaniya – Avstraliya singari markaziy qarama-qarshiliklar ham borki, butun Osiyo e'tiboridagi bu to‘qnashuvlar guruhdagi yaqqol favoritlarni aniqlab berishi mumkin.

«A» guruhi: Suriya - Xitoy

«A» guruhining markaziy uchrashuvi ham aynan ushbu turda o‘tkaziladi. 4-turdan keyin guruhda peshqadamlik qilayotgan Suriya va Xitoy terma jamoalari o‘zaro maydonga tushishadi. Ushbu bahs g‘olibi yakunda guruhdan 1-o‘rinni olib, yo‘llanmaga ega chiqsa, ajabmas. Xususan, mezbon sanalmish Suriya terma jamoasi g‘alaba qozongan taqdirda ular Xitoydan 5 ochko ilgarilab ketishadi. Suriyaliklar hozircha yuz foizli natija ko‘rsatishmoqda – 3 o‘yinda 3 g‘alaba. Ko‘ramiz, Xitoy raqibining g‘alabali seriyasini buza olarmikan? Chin yurti vakillarining g‘alabasi ularga peshqadamlikni arablardan tortib olish imkonini beradi.

«V» guruhi: Iordaniya - Avstraliya

«V» guruhidagi markaziy uchrashuv ham aynan ushbu turda kuzatiladi. Guruh peshqadami Avstraliya uch o‘yinda 9 ochko jamg‘arishga erishdi. Oldinda esa ularni yo‘llanma uchun yana bir da'vogar Iordaniya bilan safardagi bahs kutmoqda. O‘z guruhida hali mag‘lub bo‘lmagan jamoalar ishtirokidagi Ammandagi to‘qnashuv shiddatli o‘tishi aniq. Iordaniya “Kengurular”ni mag‘lub eta olsa, guruhda 1-o‘ringa chiqib oladi. Aks holda okeaniyaliklar amalda guruhdan chiqish vazifasini deyarli bajarishadi.

«S» guruhi: Iroq - Eron

«S» guruhida esa azaliy prinsial raqiblar o‘rtasidagi «jang» guvohi bo‘lamiz. Har tomonlama qarama-qarshi bo‘lgan Iroq va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuv butun Osiyo nigohida turibdi. Iroqning yirik shaharlaridagi norozilik namoyishlari sabab uchrashuv Iordaniya poytaxti Ammanda o‘tkaziladi. Iroq 3 o‘yindan keyin 7 ochko bilan guruhda peshqadam bo‘lsa, Eron terma jamoasi esa 6 ochko bilan 3-o‘rindan joy olgan. Iroqning g‘alabasi ularga Erondan 4 ochkoga o‘zib ketish imkonini bersa, forslarning g‘alabasi Mark Vilmots shogirdlariga peshqadamlikni taqdim etishi mumkin – Bahrayn Gonkongda ochko yo‘qotsa.

 «D» guruhi: O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni

Ketma-ket to‘rtinchi guruh sanalmish «D» kvartetida ham markaziy o‘yin 5-turda qayd qilingan. Guruh peshqadami bo‘lib turgan O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda Saudiya Arabistoni termasiga qarshi maydonga tushadi. Vadim Abramov va Erve Renar shogirdlari o‘rtasidagi bahs g‘olibi guruhdagi peshqadamni aniqlab beradi. Vakillarimizning g‘alabasi guruhdagi asosiy ta'qibchimiz Saudiyani 4 ochkoga ortda qoldirish imkoniyatini beradi.

Barcha uchrashuvlar va guruhlardagi hozirgi holat bilan tanishing:

JCh-2022. Saralash. Osiyo. 5-tur.

14 noyabr (payshanba)

“A” guruhi

Suriya – Xitoy

Maldiv – Filippin

“V” guruhi

Iordaniya – Avstraliya

Quvayt – Xitoy Taypeyi

“S” guruhi

Gonkong – Bahrayn

Iroq – Eron

“D” guruhi

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni

Yaman – Falastin

“E” guruhi

“E” guruhi

Afg‘oniston – Hindiston

Ummon – Bangladesh

“F” guruhi

Qirg‘iziston - Yaponiya

Myanma – Tojikiston

“G” guruhi

Vetnam – BAA

Malayziya – Tailand

“N” guruhi

“N” guruhi

Livan – Janubiy Koreya

Turkmaniston – Shimoliy Koreya.

Ko‘proq yangiliklar: