Mahalliylashtirilgan ikkinchi sportchi ham beshkurashda Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma qo‘lga kiritdi

Sport 11:01 / 13.11.2019 5066

Xitoyning Uxan shahrida davom etayotgan zamonaviy beshkurash bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionatida Aleksandr Savkin kelasi yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. 

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu sport turida o‘zbek sporti tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

Mazkur musobaqada Osiyo va Okeaniya mintaqasining eng kuchli 12 terma jamoasidan 32 nafar beshkurashchi bahs olib bordi. Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Xitoy, Tailand, Janubiy Koreya va Qozog‘iston jamoalaridan so‘ng beshinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Yaponiya, Hindiston, Avstraliya kabi yetakchi mamlakat vakillarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: MOQ

Kuni kecha Alise Faxrutdinova ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan saralash bosqichida uchinchi o‘rinni egallab, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma ko‘lga kiritgan edi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, sportchilar jamoaviy reytingda beshinchi pog‘onani egallab, Olimpiya o‘yinlarining 2 ta litsenziyasiga sazovor bo‘lishdi. 

Musobaqa yakunida terma jamoalarning egallagan o‘rinlari quyidagicha ko‘rinishga ega bo‘ldi:

1. Xitoy
2. Tayland
3. Janubiy Koreya
4. Qozog‘iston
5. O‘zbekiston
6. Shri-Lanka
7. Yaponiya
8. Xitoy Taypeyi
9. Hindiston
10. Qirg‘iziston
11. Avstraliya
12. Indoneziya

Ma'lumot uchun: joriy yilning avgust oyi oxirlarida rossiyalik beshkurashchilar Aleksandr Savkin va Alise Faxrutdinova xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnasha boshlashi xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: