Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqishning yangicha tartibi o‘rnatiladi

O‘zbekiston 07:39 / 13.11.2019 18670

O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqishning yangicha tartibi o‘rnatiladi. Prezidentning tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) natijasida o‘z huquqlari yoki erkinliklari buzilganligi haqidagi murojaatlari vertikal bo‘ylab davlat organining barcha bo‘g‘inlarida ko‘rib chiqilgandan so‘ng, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tashkil etiladigan Nizolarni sudgacha hal qilish apellyatsiya kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi o‘rnatiladi.

Qaror loyihasida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, joylarda esa Xalq qabulxonalari tashkil etildi, hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish tizimining joriy etilganligi xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi.

Shu bilan birga, ushbu sohada islohotlarning hozirgi bosqichi, davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimi mavjud emasligini, hakamlik sudlari hamda mediatsiya hanuzgacha fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘lgan nizolarni hal etuvchi muqobil institutlarga aylana olmayotganligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan:

birinchidan, davlat organlari faoliyatida murojaatlar bilan bog‘liq ishni tashkil etishda rasmiyatchilik, byurokratizm va sansalorlik holatlari saqlanib qolayotganligi sudlarda ish hajmining sun'iy ravishda ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda;

ikkinchidan, davlat organlari tizimida nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqadigan, sohaga oid qonunlar qo‘llashning nizoli masalalari bo‘yicha xulosalar beradigan hamda qonunlarda aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish choralarini ko‘radigan kollegial organ mavjud emas;

uchinchidan, mediatsiya mexanizmlarini qo‘llash, nizolarni mediatorlar va hakamlik sudlari orqali hal etish afzalliklari haqida jamoatchilikning xabardorlik darajasi pastligicha qolmoqda;

to‘rtinchidan, hakamlik sudyasi lavozimiga nomzodlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarasiz tizimi, oliy ta'lim muassasalarida mediatsiya bo‘yicha o‘quv kurslarining mavjud emasligi ularda zarur amaliy ko‘nikmalar shakllanishiga yo‘l qo‘ymayapti;

beshinchidan, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan nizolarni hal etadigan hakamlik sudlarini tashkil etish imkoniyati mavjudligi, hakamlik sudining qarorini ijro etish bo‘yicha ijro varaqasini olishning murakkab jarayoni ushbu sudlar tomonidan obektiv qarorlar qabul qilinishiga, shuningdek ularning tezkor ijro etilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda;

oltinchidan, oilani mustahkamlash, nizoli holatlar va ajrashishlarning oldini olish sohasida mediatsiya institutining imkoniyatlaridan yetarli foydalanilmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: