Sterling «Liverpul» futbolchisi bilan janjallashib, terma jamoadan chetlatildi. Mojaro tafsilotlari

Sport 20:52 / 12.11.2019 13103

10 noyabr kuni Angliya Premer-Ligasida nafaqat turning, balki mavsumning ham markaziy o‘yinlaridan biri o‘tkazildi. «Liverpul» o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada, peshqadamlik qilayotgan «qizillar» va 4-o‘rinda borayotgan «shaharliklar» o‘rtasidagi farq 9 ochkoga yetdi.

Ammo jamoatchilik diqqat e'tiboriga gollar, uzatmalar, seyvlar kabi o‘yin tafsilotlari emas, balki Jo Gomes bilan Rahim Sterling o‘rtasidagi ziddiyat tushdi.

So‘nggi daqiqalarda Sterling jarima zarbasi ishladi va Gomesdan to‘pni tortib olib, tezroq o‘yinga kiritishga harakat qildi. Biroq, «Liverpul» himoyachisi uni itarib yubordi. Shundan keyin, har ikkalasi bir-birini gavdasi bilan turtib, «chiroyli so‘zlar» bilan «siyladilar».

Odatda bunaqa «to‘qnashuvlar» deyarli har bir o‘yinda yuz berib turadi va bu holat ham tezda unutib yuboriladigandek tuyuldi. Ammo voqealar rivoji buning aksini ko‘rsatdi. Dushanba kuni Gomes va Sterling yana bir bor to‘qnash kelishdi, bu safar Angliya milliy jamoasi qarorgohida. Rahim esa raqibiga yana bir bor tashlandi.

Sky Spors jurnalistlari Rob Dorsett va Kave Solxekol so‘zlariga ko‘ra, Sterling Gomesga yuzlanib: «O‘zingni haliyam juda zo‘rman deb hisoblaysanmi?», degan. Atrofdagilar uni hazillashyapti deb o‘ylagan. Ammo Rahim hazil qilmayotgan edi. U Gomesning oldiga borib, bo‘ynidan bo‘g‘gan. «Liverpul» himoyachisi esa tezda orqaga qadam tashlagan va Rahimga hech narsa demagan.

Milliy jamoa rahbariyati bu holatga zudlik bilan e'tibor qaratdi. Shu kunning o‘zidayoq Angliya Futbol Assotsiatsiyasi matbuot uchun bayonot berib, Sterling 14 noyabr kuni o‘tkaziladigan Chernogoriyaga qarshi o‘yindan chetlatilganini e'lon qildi.

«Jamoamizning eng kuchli tomonlaridan biri –klublar darajasidagi qarama-qarshilikni milliy jamoadagi o‘yinlardan har doim ajrata olganimiz bo‘lgan. Afsuski, «Liverpul» – «Manchester Siti» o‘yinidagi hissiyotlar hali so‘nmagan ekan. Menimcha, qilgan ishimiz to‘g‘ri bo‘ldi. Bu qarorni jamoaning roziligi asosida qabul qildik. Biz uchun futbolchilarni qo‘llab-quvvatlaganimiz va e'tiborimizni faqat payshanba kungi o‘yinga qaratganimiz muhim edi», - dedi bu haqida Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt.

Sterling ham xatosini tezda tan oldi. «Manchester Siti» yarimhimoyachisi milliy jamoadagilardan uzr so‘radi va instagramda muxlislarga murojaat qilib: «Men uchun o‘yin qanchalik muhim ekanini hamma biladi. Men bunday ishlarga moyil emasman. Jo bilan gaplashib, ziddiyatga barham berdik va endi oldinga qarab yuramiz. Hammasi tugadi, buni bo‘rttirish shartmas. Keling e'tiborimizni payshanba kungi o‘yinga qaratamiz», - deb yozdi.

Qayd etish joizki, Angliya milliy jamoasi Chernogoriyani mag‘lub etsa, Yevro-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Rahim Sterling saralash musobaqasida 8ta gol urgan va 5ta golga hammualliflik qilganini hisobga olsak, Angliyaga uning xizmati yetishmasligi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: