O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ilk marta keng miqyosli tahlil o‘tkazadi

O‘zbekiston 19:45 / 12.11.2019 8666

O‘zbekiston hukumati vakillaridan iborat ishchi guruh BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) ro‘yobga chiqarish yuzasidan hozirga qadar davlat tomonidan qilingan ishlar va ularning samaradorligi yuzasidan keng miqyosdagi tahlil ─ Ixtiyoriy milliy tahlil (IMT)ni o‘tkazadi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, mazkur tahlil natijalari BRMni tatbiq etish masalalariga bag‘ishlab har yili o‘tkaziladigan yuqori darajadagi siyosiy forumning 2020 yil iyul oyidagi yig‘ilishida taqdim etiladi.

Ixtiyoriy milliy tahlil (Voluntary National Reviews) BRMni amalga oshirish yo‘lida davlatning sa'y-harakatlarini baholash va keyingi qadamlarini belgilash maqsadida o‘tkaziladi. Har bir davlat tomonidan taqdim etilgan IMT yuqori darajadagi siyosiy forumda tinglanadi.

Mazkur tahlilni ilk marotaba o‘tkazayotgan O‘zbekiston bu borada Gruziya modeliga asoslanadi. Gruziya o‘z IMTini 2016 yilda muvaffaqiyatli taqdim etgan.

Shu maqsadda O‘zbekiston hukumati, mamlakatdagi fuqarolik jamiyati va OAV vakillaridan iborat delegatsiya joriy yilning 4-8 noyabr kunlari Gruziyaga tashrif buyurdi. Unda Gruziyaning moliya, statistika, ijtimoiy himoya, adliya, parlament yo‘nalishlarida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayoni va ularning samaradorligini baholash tizimi bo‘yicha batafsil ma'lumot olindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziyada

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash, aholiga yuridik xizmat ko‘rsatish borasida ham Gruziya tajribasi o‘rganildi.

Gruziya Savdo-sanoat palatasi vakili Diana Xomerikining qayd etishicha, Gruziya va O‘zbekiston hozirga qadar BRM masalasida yetarlicha tashabbus ko‘rsatmagan.

Diana Xomeriki

«Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik dasturi har ikki tomon uchun ham katta tajriba maktabi bo‘ldi. Gruziya ikkinchi marotaba yuqori darajadagi siyosiy forumda ixtiyoriy milliy tahlilni taqdim etadi. Bu borada o‘z tajribamiz hamda duch kelgan muammolarimiz bo‘yicha xulosalarni O‘zbekiston bilan bo‘lishmoqdamiz.

Hozirga qadar Gruziya ham, O‘zbekiston ham BRMni joriy etishda sust ish olib borgan. Ammo endilikda BRMni tatbiq etishda faollashish va o‘zaro uzviy hamkorlik olib borishga kelishib olindi. Shuningdek, har ikki davlat Savdo-sanoat palatalari tomonidan bu jarayonga faqatgina davlat tashkilotlarini emas, xususiy sektor vakillarini ham faol jalb qilish masalasi muhokama qilindi», – deydi Diana Xomeriki.

Delegatsiya tashrifi davomida berilgan ma'lumotlarga qaraganda, O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Gruziyada nodavlat-notijorat tashkilotlari ham BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish jarayonida faol ishtirok etadi. Xususan, ekologiya muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi CENN nodavlat-notijorat tashkiloti vakillari BRMni milliylashtirish ishchi guruhi tarkibiga kiritilgan hamda ular o‘z faoliyatini BRM tatbig‘i bilan uyg‘unlashtirgan holda olib boradi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziyada

«Bizning tashkilotimiz BRMni milliylashtirish bo‘yicha ishchi guruhning tarkibiga kiritilgan. Biz BRM bo‘yicha aniq taklif va g‘oyalarga egamiz. Masalan, o‘zimizning barcha loyihalarimizni BRM bilan bog‘lashga harakat qilamiz. Gruziyadagi maktablar uchun o‘tkaziladigan tanlovimiz bor. Bu tanlovda ishtirok etuvchilar o‘z loyihalari, g‘oyalarini BRM bilan bog‘liq holda taqdim etishlari kerak. Bu jarayonda ular BRM haqida tasavvurga ega bo‘lib borishadi.

Aholi BRM haqida nafaqat shunchaki bilimga ega bo‘lishi, balki uni amalga oshirishda real g‘oyalarni ham yaratishi kerak. BRM o‘ta umumiy narsadek ko‘rinsa-da, har bir eng kichik va lokal muammolar ham u bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biz o‘z loyihalarimizda shu bog‘liqlikni ko‘rsatishga, BRMni ommalashtirishga harakat qilamiz», – deya ta'kidlaydi CENN mutaxassisi Tamar Iakobidze.

Tamar Iakobidze

Ma'lumot uchun, Barqaror rivojlanish maqsadlari – 2012 yilda BMT tomonidan ishlab chiqilgan dastur bo‘lib, u har bir inson uchun farovon turmush tarzini yaratishga xizmat qiluvchi iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur maqsadlar BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan 2015-2030 yillarda amalga oshirilishi kun tartibiga kiritilgan.

BRM dasturi 17ta global maqsadni hamda ular bilan bog‘liq 169ta vazifani o‘z ichiga oladi: 1) qashshoqlikni yo‘qotish; 2) ochlikni tugatish; 3) sog‘lik va farovonlik; 4) sifatli ta'lim; 5) gender tengligi; 6) toza suv va sanitariya; 7) arzon va toza energiya; 8) munosib ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy o‘sish; 9) sanoatlashtirish, innovatsiyalar, infratuzilma; 10) tengsizlikni kamaytirish; 11) barqaror shaharlar va qulay yashash joylarini yaratish; 12) mas'uliyatli iste'mol va ishlab chiqarish; 13) iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish; 14) dengiz ekotizimlarini asrash; 15) quruqlikdagi ekotizimlarni asrash; 16) tinchlik, adolat va samarali boshqaruv; 17) barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik.

O‘zbekiston mazkur maqsadlardan 16tasini milliylashtirish va amalga oshirish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan. Respublika hududida dengiz havzalari mavjud bo‘lmagani bois, 14-maqsad (dengiz ekotizimlarini asrash) O‘zbekiston tomonidan milliylashtirilmagan.

BRM dasturining BMTga a'zo davlatlar tomonidan ma'qullanishi va amalga oshirilishi insoniyatni qashshoqlikdan xalos qilish, Yer sayyorasini yaxshilashni nazarda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: