Ijarada, mashinasiz, Mamayevga qo‘shni - Shomurodov bilan Rostovdagi hayoti haqida suhbat

Sport 19:53 / 12.11.2019 79047

Kun.uz milliy jamoa va «Rostov»dagi o‘yinlari bilan muxlislarni xursand qilayotgan Eldor Shomurodovning Rossiyada qanday yashayotgani haqida muxlislarga to‘liqroq ma'lumot berish uchun u yashayotgan Rostov shahriga bordi. Rossiya janubidagi havosi xuddi O‘zbekistonnikiga o‘xshaydigan Rostov safari davomida Eldor ishtirokidagi uchta o‘yinni stadionda tomosha qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«Rostov» — «Sochi», «Spartak» — «Rostov» va «Krasnodar» — «Rostov» o‘yinlarida hamyurtimizning harakatlari haqida ma'lumotlar berdik. «Sochi»ga qarshi o‘yindan so‘ng Eldorning uyida mehmon bo‘lib, undan intervyu oldik. Bugun suhbatning videosini e'tiboringizga havola qilamiz.

Avvalo Eldor Rostovda qanday yashayotgani haqida. Hujumchimiz Rostov markazidagi ko‘p qavatli uyda ijarada yashaydi. Eldorning aytishicha, qozog‘istonlik Baxtiyor Zaynuddinov kelganidan so‘ng ko‘p vaqtini u bilan o‘tkazmoqda. 1998 yilda tug‘ilgan Baxtiyor juda kirishimli yigit chiqib qoldi va mashg‘ulotdan so‘ng bizni bilyard o‘ynagani taklif qildi. Eldor va Baxtiyor bilan bilyard o‘ynagani bordik. U yerda ham Shomurodov ko‘plab muxlislar bilan suratga tushishga ulgurdi. Uni shahar ko‘chalarida doim shunday qarshilashlariga guvoh bo‘ldik.

Bilyard o‘yinida futbolchilar jamoasi biz jurnalistlar jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirmaganini tan olish kerak. Baxtiyor ham aynan Eldor yashaydigan ko‘p qavatli uyda istiqomat qilarkan. Eldor suhbat davomida Mamayev ham shu atrofda yashashini aytdi. Suhbat tugagach, hovliga chiqdik va u yerdagi bolalar «Ana Mamayev» deb uzoqdagi o‘rindiqda yolg‘iz o‘tirgan yigitni ko‘rsatishdi. Uning oldiga borib salomlashdik. Aytishicha, yangi yildan so‘ng maydonga tushishni boshlaydi. Yaqinda jazoni o‘tash koloniyasidan chiqqan Pashaga eng yomon kuni shu bo‘lganini aytib, unga omad tiladik.

Eldor shaharda oddiy odamlar kabi taksida yurarkan. Hozircha mashinasi yo‘qligini aytgan hujumchining gaplaridan mashinaga qiziqishi katta emasligini ham fahmlash mumkin edi.

Eldor klubdagi muhit haqida gapirar ekan «Rostov»da hammasi ajoyibligini aytdi: «O‘tgan mavsumda ham yomon o‘ynamadik, lekin ko‘p ochko yo‘qotib, yuqori o‘rinlarda qololmadik. Shunday bo‘lsa-da, jamoada muhit o‘zgarmadi. Bizda Yeryomenko, Popov, Sigurdson kabi yetakchilar bor».

Suhbat davomida Eldor Karpin haqida iliq fikrlar aytdi: «Karpinning qanday futbolchi bo‘lganini hamma biladi. U bilan ishlash oson. Karpin o‘yinlarga tayyorlanish vaqtida ruhiyatga ko‘p narsa bog‘liqligini aytadi. Bu raqibni yenga olaman, deb odam o‘zini ishontirishi kerak deydi».

Eldorning Vadim Abramov haqidagi fikrlari bilan ham qiziqdik: «Abramov bilan milliy jamoada ilk marta ishlayapman. Uning yaxshi murabbiy ekani gaplaridan ma'lum».

Shomurodov futbolga qanday kirib kelganini hikoya qilar ekan «Mash'al» haqida to‘lqinlanib gapirdi: «Futbol o‘ynashni o‘zim tug‘ilgan Jarqo‘rg‘onda boshlaganman. O‘sha vaqtda mahallalar o‘rtasida musobaqa bo‘lardi. U yerda mening o‘yinimni ko‘rgan Georgiy Viktorovich degan seleksioner dadamga meni «Mash'al»ga olib borishni taklif qilgan. Keyin akam bilan normativ topshirgani borganmiz. U vaqtda akademiyada shug‘ullanadigan men tengi 1995 yilda tug‘ilgan bolalar yo‘qligi uchun 1994 yilda tug‘ilgan bolalar bilan shug‘ullanganman.

Bahrom Vafoyev xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan musobaqada ikkita o‘yinda qatnashdim va murabbiylar Otajon Avezov va Bahodir Shaymardonovlar meni olib qolishgan. Keyinchalik Dilshod Annayev murabbiyligida o‘zimiz tengi bolalar guruhi ochilib, o‘sha guruhga o‘tganman.

«Mash'al»da professionallik kuchli edi. U yerda biz boshqa maktabga qatnardik, ammo akademiyada ham ingliz tili, informatika fanlaridan qo‘shimcha darslar bo‘lardi. Akademiyada sharoitlar juda zo‘r edi. Menimcha, o‘sha vaqt «Mash'al»dagi sharoit O‘zbekistondagi hech bir akademiyada bo‘lmagan».

Shomurodovning aytishicha, unga «Bunyodkor»dan tashqari «Paxtakor» va «Nasaf»dan ham taklif bo‘lgan. Hujumchi O‘zbekiston yoshlar jamoasida Sergey Lushchan bilan birga ishlagani uchun «Bunyodkor»ni tanlaganini aytdi.

Hujumchi milliy jamoadagi do‘stlari Doston Hamdamov va Otabek Shukurovlar bilan bir-birini yaxshi tushunishlari haqida ham gapirdi: «Ha, Doston bilan maydonda bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Balki u bilan ko‘p birga o‘ynaganimiz uchundir. Otabek haqida gapiradigan bo‘lsam, u jamoani har qanday holatda yetaklay oladi».

O‘tkir Jalolxonov, Muhammadjon G‘aniyev.
Kun.uz muxbirlari

Ko‘proq yangiliklar: