Adliya vazirligi rasmiysi: Vazirlik advokatura sohasida vakolatlaridan bosqichma-bosqich voz kechmoqda

O‘zbekiston 23:10 / 12.11.2019 3234

12 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentning «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tabdirlari to‘g‘risida»gi farmoni  ijrosi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda Advokatlar palatasining avtonomligi, ya'ni mustaqilligi, shuningdek, o‘tgan oy O‘zbekistonga kelgan BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan tomonidan berilgan tavsiyalar bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan mutasaddilarga savol bilan murojaat qilindi.

Eldor Mahkamov

«Adliya vazirligi advokatura sohasida vakolatlaridan bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Misol uchun, litsenziyani tugatish masalasi sudlarga berildi. Advokat bo‘lish uchun imtihon oladigan malaka komissiyasida adliya vakillari bir nafar qilib belgilangan. Hududlarda 7 nafar, Oliy malaka komissiyasida 9 nafar vakil bo‘lsa, buning uchdan ikki qismi advokatlardir. Shu jumladan, BMT maxsus ma'ruzachisi kelganida ham buni alohida ta'kidlab o‘tdi. Advokatura sohasidagi ikkita qonun birlashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, amaldagi qonunlarga binoan Advokatlar palatasi raisini saylashda Adliya vazirligi tomonidan taqdimnoma kiritiladi. Bu taqdimnoma baribir ham hududdan kelgan delegatlar, ya'ni boshqaruv a'zolari orasidan konferensiyaning o‘zi tomonidan saylanadi. Lekin vazirlik vakolatni advokatlarning o‘zida qoldirmoqda», deydi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Eldor Mahkamov

Advokatlar palatasini saylash masalasida Advokatlar palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Sodiqov ham fikr bildirdi.

Shuhrat Sodiqov

«Biz ham bu masalaga kengroq yondashmoqchimiz. Hududlardagi advokatlar palatasi boshliqlari rais tomonidan tayinlanadi. Uni to‘g‘ridan to‘g‘ri advokatlar tomonidan saylanishini, xorijiy tajribani implementatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Yangi qonun loyihasida faol qatnashish rejasidamiz», – deydi Sodiqov.

Ko‘proq yangiliklar: