Yaponiyaning eng uzoq o‘tmishga ega avtomobil kompaniyasi – Isuzu haqida 5ta fakt

Fan-texnika 16:30 / 11.11.2019 38305

Isuzu deganda ko‘pchilik o‘zbekistonliklar ko‘z o‘ngida birinchi bo‘lib kichik avtobus gavdalansa kerak. Shahar va qishloqlarimizda minglab kishilar har kuni ish yoki o‘qishga shu rusumdagi avtobusda qatnaydi, ammo hamma ham Isuzu`ning jahon darajasidagi brend ekanini bilavermaydi.

Xo‘sh, bu yapon kompaniyasi Yaponiyaning o‘zida, O‘zbekistonda va umuman jahon avtosanoatida qanday o‘ringa ega? Yaqinda Isuzu tashkil etgan press-tur doirasida kunchiqar yurtda bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri barchamizga yaxshi tanish brend haqida biz bilmagan ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Yaponiyaning ilk avtomobil ishlab chiqaruvchisi

Yaponiya avtosanoati dunyo miqyosida o‘z o‘rniga ega. Toyota, Nissan, Honda, Suzuki, Mazda, Mitsubishi kabilar – dunyo miqyosidagi brendlardir. Ammo samuraylar yurtidagi ilk yengil avtomobilni ishlab chiqarganlar – bular emas, balki aynan Isuzu`dir.

Tashkilot tarixi 1916 yilga borib taqaladi. O‘shanda Tokioda kemasozlik va gaz-elektr sohalariga ixtisoslashgan ikki kompaniya o‘zaro hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarishga kelishib olgan edi. 1918 yildan kompaniya zavodida yuk avtomobillarini yig‘ish boshlangan, 1922 yilga kelib esa Britaniyaning «Wolseley Motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda Yaponiyaning ilk yengil avtomobili ishlab chiqarilgan.

Havo sovutkichli dizel dvigateli bilan harakatlanuvchi TX80 modeli.
II jahon urushidan keyingi yillarda Yaponiyani vayronalardan tiklashda keng foydalanilgan

Isuzu – «ellik qo‘ng‘iroq» demakdir

1933 yilda yana ikki kompaniyaning birlashuvidan yangi alyans – «Automobile Industries» kompaniyasi tashkil topgan va shu yildan ishlab chiqarilayotgan yuk avtomobiliga «Isuzu» nomi berilgan.

Isuzu – Yaponiyadagi Isuzugava daryosi nomidan olingan bo‘lib, yaponchadan «ellikta qo‘ng‘iroq» ma'nosini anglatadi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin mazkur zavoddan chiqqan yuk avtomobillaridan Yaponiyani vayronalardan tiklashda keng foydalanilgan. 1949 yilda kompaniya hozirgi nomi – «Isuzu Motors Limited» bilan atala boshlagan.

1990 yillarda Isuzu o‘rta va og‘ir yuk avtomobillari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib olgandi.

Tokiodagi bosh ofis

Dizel dvigatellari bo‘yicha jahon yetakchisi

Isuzu – dunyo sanoatida dizel yonilg‘isi bilan ishlovchi dvigatellar ishlab chiqarish bo‘yicha asosiy liderlardan sanaladi.

Kompaniya bu yo‘nalishdagi maxsus tadqiqot ishlarini boshlaganiga 80 yildan oshgan. Ya'ni 1934 yildayoq kompaniyada dizel dvigatellari sohasida izlanish olib boruvchi maxsus qo‘mita tuzilgan. Ikki yil o‘tib, Yaponiyada birinchi havo sovutkichli dizel dvigateli – DA6 dunyoga kelgan va bu kunchiqar mamlakatda bu sohadagi rivojlanish tarixida ulkan muvaffaqiyat bo‘lgan.

1941 yilda Yaponiya hukumati mazkur kompaniyani dizel dvigatellari ishlab chiqarishga huquqli yagona kompaniya deb belgilagan. 1950 yilda Isuzu mukammal tuzilishdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri purkash tizimiga ega yonish kamerasini yaratgan. 1961 yilda esa yengil avtomobillar uchun 1991 kub sm hajmga ega DL201 birinchi dizel dvigatelini ishlab chiqargan.

Hozirgacha Isuzu chiqargan dizel dvigatellari soni 25 milliondan oshgan bo‘lib, bu dvigatellar o‘rnatilgan mashinalarni dunyoning deyarli har bir mamlakatida uchratish mumkin.

60-yillar oxirida Isuzu dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi jahondagi ilk sportkar – 117 Coupe modelini yaratgan.

117 Coupe modelidan 1972 yilda 965ta sotilgan bo‘lsa,
1974 yilda bu ko‘rsatkich 9506tani tashkil etgan.

Hozir yillik sof foydasi milliard dollardan ortiq

Hozirda Isuzu Motors asosan tijorat va yuk avtomobillari, avtobuslar va dizel dvigatellari ishlab chiqarmoqda.

Asosiy ishlab chiqarish hajmi Yaponiyaning o‘ziga to‘g‘ri kelsa-da, dunyoning o‘ndan ortiq davlatlarida Isuzu avtomobillari yig‘iladi. Kompaniya tizimida jami 8 mingdan ortiq xodimlar ishlamoqda.

2018 moliya yilida Isuzu 650 mingga yaqin avtomobil sotdi, olingan sof foyda miqdori esa 1 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qildi.

Kompaniyaning kelgusi rejalarida D-Max pikaplari muhim o‘ringa ega. Bu modelni Isuzu bir necha o‘n yillik hamkori – General Motors bilan birgalikda ishlab chiqqan. Modelning uchinchi avlodi Tailanddagi GM zavodida yig‘iladi. Ayni shu pikap Samarqandda ham ishlab chiqarila boshlashi mumkin.

2020 Isuzu D-Max

O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirmoqchi

«Isuzu Motors» Samarqand avtomobil zavodining texnologik hamkori hisoblanib, zavodda ishlab chiqariladigan avtobus, o‘rtacha tonnajdagi yuk va maxsus mashinalar va boshqa tijoriy texnikaga shassi va dvigatellar yetkazib beradi.

1996 yilda ochilib, 1999 yildan avtomobil ishlab chiqara boshlagan «SamKochAvto» O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi 10 yil faoliyat yuritgach, 2006 yilda Samarqand avtomobil zavodi («SamAuto» MChJ)ga aylantirilgan va O‘zbekiston Turkiya kompaniyasi aksiyalarini sotib olib, zavodda «Uzotoyol» markali avtomobillar ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan edi.

O‘sha yildan boshlab «SamAvto» «Isuzu Motors» bilan hamkorlik qilib keladi. 2007 yil yanvaridan Samarqanddagi zavodda ISUZU shassisi bazasidagi avtomobillar chiqarila boshlandi.

Samarqanddagi zavodning 30 minginchi avtomobili –
siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi HC45 rusumli avtobus (2017 yil)

2015 yilda zavod siqilgan tabiiy gazda yuruvchi ilk avtobusni chiqardi. Shu yili «Isuzu Motors» «SamAvto»ning 8 foiz aksiyasini sotib oldi. Yaponiyaning «Itochu» korporatsiyasi esa 2007 yildayoq Samarqanddagi zavod ta'sischisiga aylangan edi, bugungi kunda uning ham «SamAvto» ustav kapitalidagi ulushi 8 foizni tashkil etadi.

Yaqinda yapon kompaniyasining Samarqand avtozavodida ishlab chiqarish hajmini ikki barobardan ham ko‘proqqa oshirish rejasi borligi ma'lum bo‘ldi.

«Hozir bu zavodda yiliga 3-4 ming avtomobil ishlab chiqarilyapti. Bu ko‘rsatkichni yiliga 10 mingtagacha yetkazish rejamiz bor», – dedi «Isuzu Motors» rasmiy vakili Yasuyuki Nijima.

Samarqandda D-Max pikapi ham ishlab chiqarila boshlashi mumkin.
Ko‘proq yangiliklar: