Samarqandda o‘tayotgan «Valday» klubi hamkorligidagi konferensiyada qanday masalalar muhokama etilmoqda?

O‘zbekiston 08:47 / 11.11.2019 10526

Samarqand shahridagi Xalqaro forumlar majmuasida «Valday» muloqot klubining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan X Osiyo konferensiyasi boshlandi.

Mazkur tadbirda jahonning 11 davlati — jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Shvetsiya, Hindiston, Filippin, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan 80dan ortiq nufuzli ekspertlar qatnashishmoqda.

Dasturga binoan, 10 noyabr kuni konferensiyaning birinchi kunida ikki davlatning uzoq muddatga mo‘ljallangan munosabatlari rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan «O‘zbekiston – Rossiya» maxsus sessiyasi doirasida ekspertlarning yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Oripov va «Valday» xalqaro muloqot klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash fondi Kengashi raisi Andrey Bistritskiy o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda «Valday» xalqaro muloqot klubi o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitim imzolandi.

Sessiyadan so‘ng Kun.uz muxbirlari jurnalistlar oldida chiqish qilgan rossiyalik va o‘zbekistonlik ekspertlarning fikrlarini yozib olishdi.

Rossiya Fanlar akademiyasining Xalqaro iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar instituti xalqaro tashkilotlar va global siyosiy boshqaruv sektori ilmiy xodimi Aleksey Kupriyanov sessiya yopiq eshiklar ortida o‘tgani bois batafsil tafsilotlar bilan o‘rtoqlasha olmasligini ma'lum qildi.

«O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylangach, ikki davlat munosabatlarida katta o‘zgarish ro‘y berdi. Biz umid qilamizki, munosabatlarimiz ana shu yo‘nalishda rviojlanaveradi. Sessiyada xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish, iqtisodiy aloqalar masalalari muhokama qilinganini ayta olishim mumkin», — dedi Kupriyanov.

Rossiya Fanlar akademiyasining Xalqaro iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar institutining ilmiy ishlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari, professor Aleksandr Lomanov konferensiyadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi ufqlarini izlab topishdan iboratligini ta'kidlab o‘tdi.

«Rossiya va O‘zbekiston munosabatlari global vaziyatlardan kelib chiqib, keyingi o‘n yilliklar mobaynida mustahkam, turli vaziyatlarga adaptatsiya qilingan bo‘lishi, tashqi kuchlar uning barqaror rivojlanishiga ta'sir o‘tkaza olmasligi kerak», — dedi A.Lomanov.

Rossiyalik jurnalistning «O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan geografik yaqinligidan kelib chiqib, xavfsizlik masalalari ham muhokama etildimi?» deb bergan savoliga professor Lomanov Xitoyga oid muammolar bo‘yicha mutaxassisligini ta'kidlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdan qochdi.

«Rossiya va O‘zbekistonning yirik barqudrat davlatlar bilan o‘rnatadigan munosabatiga ko‘ra, mintaqaviy mojarolarning hal etilishi va barqarorlashtirilishiga ta'sir o‘tkaziladi. Munosabatlarning pozitiv va konstruktiv tarzda o‘rnatilishi, albatta, ko‘plab mintaqaviy mojarolarni yechishga, barqarorlashtirishga yordam beradi. Ikki davlat o‘rtasidagi umumiy o‘zaro hamkorlik kontekstidan oladigan bo‘lsak, shu jumladan, afg‘on muammosini yechishda ham undan konstruktiv foydalanish mumkin», — dedi A.Lomanov.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-uslubiyot markazi direktori Mirzohid Rahimov «Valday» muloqot klubi forumining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun katta sharaf, deya ta'kidladi.

«Ko‘plab masalalar qatorida bu yerda O‘zbekison – Rossiya munosabatlarining xavfsizlik omili ham muhokama etilmoqda. Men iqtisodchi emasman, valuta haqida biror tayinli narsa deyishim qiyin, biroq har ikki mamlakat moliyaviy aloqalarni diversifikatsiya qilib, mashhur va ma'lum valutalarga o‘tishga urinmoqchi va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni bosqichma-bosqich rivojlantirmoqchi. Shubhasiz, bugungi tadbir so‘nggi uch yilda Rossiya - O‘zbekiston munosabatlarining dinamikasi shiddat bilan o‘zgarayotgani ko‘rsatib turibdi», — dedi M.Rahimov.

«Rivojlanish strategiyasi» markazining ijrochi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov O‘zbekistonning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha orttirgan tajribasi rossiyaliklar tomonidan yuqori baholanganini aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonga katta geosiyosiy kuchga ega bo‘lgan davlatlarning ham e'tibori kuchaymoqda. Jumladan, Rossiya ham O‘zbekiston bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlashga o‘z ishtiyoqini bildirgan. Mana shunday tadbirda bu yo‘ldagi aniq takliflar ko‘rib chiqilmoqda», — dedi E.Tulyakov.

«Valday» xalqaro muloqot klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash fondi Kengashi raisi Andrey Bistritskiy ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanayotganini ta'kidlay turib, xavfsizlik masalasi saqlanib turganini ham ta'kidlab o‘tdi.

«Bu mavzu tez tez qalqib chiqib turibdi. Chunki Afg‘oniston qo‘shni. Biroq, O‘zbekistonda bu borada ulkan tajriba, ekspertiza to‘plangan. Umid qilamanki, sessiya yakunlariga ko‘ra biz o‘z rejalarimizni yanada aniqlashtirib olamiz», — dedi A.Bistritskiy.

Rossiyalik jurnalistning Markaziy Osiyo davlatlari bozori uchun Rossiya va Xitoy raqobat qilayotgani haqidagi savoliga Andrey Bistritskiy shunday javob berdi:

«Mamlakatlar o‘rtasida raqobat hamma vaqt ham bo‘ladi. Hattoki eng yaqin do‘stlar o‘rtasida ham. Har kim o‘z manfaatlaridan kelib chiqib harakat qiladi. Manfaatlar esa har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Lekin mazkur holatda, naqadar g‘alati bo‘lmasin, bu raqobatning mazmun-mohiyati kooperatsiya qurishga borib taqaladi. Bu o‘rinda O‘zbekistonni shartli aytganda, YeOIIda ko‘rishga bo‘lish intilish ham o‘sha muloqotni topish va Xitoy loyihalari bilan muvozanatni ushlashda muhim instrument sanaladi. Bu mavzularning hammasi qalqib chiqmoqda va muhokama qilinmoqda. Hozirgi bosqichda barchasi o‘ta pozitiv», — dedi Bistritskiy.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Oripov «Valday» muloqot klubi bilan imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni sharhlab o‘tdi:

«Bu hujjat uzoq muddatli, jips, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Qisqa muddatlar ichida memorandum bo‘yicha imzolangan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish rejasini ishlab chiqamiz. Bugungi muloqotlar chog‘ida ham rivojlanishning misli ko‘rilmagan dinamikasiga egaligimiz qayd etib o‘tildi», — dedi Eldor Oripov.

Eslatib o‘tamiz, konferensiya 11 noyabr kuni o‘z ishini davom ettiradi va yakunlanadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: