Rossiyadan boshqa a'zo davlatlarning savdo balansi manfiy - YeOII haqida faktlar so‘zlaganda

Iqtisodiyot 16:00 / 11.11.2019 73926

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mavzusi ko‘tarilgach O‘zbekiston hukumati bu ittifoqqa kirish yoki kirmaslik haqida qaror qabul qilishdan oldin barcha ma'lumotlar, imkoniyatlar va tahdidlar yaxshilab tahlil qilib chiqilishini ma'lum qilgandi.

Kuni kecha Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi o‘rinbosari Odiljon Iminov Kun.uz’ga bergan intervyusida ittifoqqa kirish qarorini yoqlab, iqtisodiy manfaatdorlikni argument sifatida keltirib o‘tdi. Fikrimcha, iqtisodiy vajni asos qilishda nazariyadan tashqari amaliy ma'lumotlarga ko‘z tiksak to‘g‘ri tushuncha hosil bo‘ladi.

Raqamlar so‘zlaganda

Senator janoblari iqtisodning asosiy ko‘rsatkichlari sifatida eksport va import o‘rtasidagi «savdo balansi» farqini aytib o‘tgan. Darhaqiqat, mamlakat mahsulotlari jahonda qanchalik talabga ega bo‘lsa, boyish shunchalik oson kechadi. Shu bilan birga, eksport qilinayotlan tovarlar iloji boricha kattaroq qo‘shilgan qiymat bilan ishlab chiqarilgan bo‘lishi talab etiladi. Asosan xomashyo mahsulotlari eksporti bilan cheklanish tayyor mahsulotlarni tashqaridan ko‘proq import qilishni taqozo etadi. Bu degani mamlakatda ishlab chiqarish rivojlanmaydi, ishsizlik sur'ati oshib boradi, soliq tushumlari kamayadi, natijada mamlakat qashshoqlashib boradi. Bu haqda uzoq yozish mumkin, lekin, keling bevosita YeOII savdosi bilan bog‘liq raqamlarga murojaat qilaylik.

  • YeOII tashqi bozor balansi (ya'ni ittifoqqa kirmagan boshqa davlatlar bilan sof savdo hajmi)

Jadval Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi ma'lumotlari asosida tayyorlangan

Yuqoridagi raqamlar quyidagilarni ko‘rsatyapti: Qirg‘iziston va Armaniston YeOIIga a'zo bo‘lgach, hech qachon ijobiy savdo balansiga chiqa olmagan. Ya'ni, bu davlatlar o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga importni qoplaydigan darajada taklif qila olmagan. Belarusga kelsak, bu davlat o‘zining mavjud sanoat salohiyatiga qaramay, savdo balansini barqaror ushlab turishga erisha olgani yo‘q. Belarusliklar 2018 yili 4,29 mlrd AQSh dollariga teng savdo balansiga ega bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil yakunigacha bu ko‘rsatkich zo‘rg‘a 2 mlrd AQSh dollarigacha chiqishi kutilyapti.

Rossiya va Qozog‘iston savdo balansi musbat ko‘rsatkichga ega, ya'ni bu davlatlarning eksport ulushi tashqi savdo amaliyotlarida importga nisbatan ko‘proq.

Shu o‘rinda quyidagi faktlar inobatga olinishi kerak: Rossiya eksportining 81 foizi neft va gaz mahsulotlariga, qora va rangli metall, mineral o‘g‘itlarga to‘g‘ri keladi, Qozog‘istonda xuddi shu mahsulotlar eksportning 76 foizini tashkil etadi (2018 yil uchun ma'lumot).

Ya'ni, tabiiy boyliklardan iborat bo‘lgan mahsulotlar eksportda juda katta o‘rinni egallaydi. Bundan tashqari, 2019 yilning 8 oyi davrida iqtisodiy sustlashish kuzatilib, joriy yil oldingisiga nisbatan savdo ko‘rsatkichlari kamayishi kuzatilyapti. Xalqaro tahlilchilarning fikricha, bunga jahon bozorida YeOII mahsulotlariga talab kamayib borishi va xalqaro sanksiyalar ta'siri asosiy sabablar bo‘lmoqda.

Tabiiy zaxiralar jahondagi savdosi uchun hech qanday iqtisodiy ittifoqqa zaruriyat bo‘lmagan, YeOIIning tashkil etilishi a'zo davlatlarda katta qiymat qo‘shadigan ishlab chiqarishni va tashqi eksportni sifat va miqdor nuqtayi nazaridan rivojlantirmagan.

Senator Odiljon Iminov YeOIIga kirishning ijobiy tarafi sifatida o‘zaro savdo aloqalari yaxshilanishini ham keltirdi. Keling, yana raqamlarga yuzlanamiz.

  • YeOII ichki bozor balansi (ya'ni ittifoq a'zolari o‘rtasida sof savdo hajmi)

Jadval Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi ma'lumotlari asosida tayyorlangan

Ichki savdoda Rossiyadan tashqari barcha a'zo davlatlarning savdo balansi manfiy, ya'ni faqat Rossiya o‘z mahsulotlarini bu davlatlarga hammadan ko‘ra ko‘proq sotyapti. «Ittifoqdan asosiy iqtisodiy manfaat faqat Rossiya biznesi uchun bo‘ladi» deyilganda jumladan xuddi shu holat ham nazarda tutilgan edi.

Ma'muriy richag

Rossiya importni ma'muriy yo‘llar bilan cheklab, o‘z ichki bozorini himoya qilishga odatlangani anchadan beri kuzatiladi (vaholanki, bu - YeOII g‘oyalariga zid amaliyot). Birgina misol keltiramiz, joriy yil yozida «Rosselxoznadzor» Qozog‘iston shimolida ishlab chiqariladigan sut mahsulotlarini Rossiyada sotishga cheklov qo‘ydi. Balki qozog‘istonlik biznesmenlarning keskin bayonotlaridan keyin, balki O‘zbekiston uchun YeOIIning jozibasini tiklash uchun, har qalay oktabr oyida Rossiya tomoni ba'zi qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilar uchun bunday cheklovni bekor qildi.

Yuqoridagi misol Rossiya o‘zining ichki bozorini ittifoqdoshidan himoyalashini ko‘rsatadi. Ba'zida esa siyosiy sabablar bilan ham shunday qadamlar tashlanishi mumkin. Yana bir misol keltiramiz: joriy yilning 1 iyunida Rossiya hukumati Qozog‘iston ko‘miri Ukrainaga borishini ogohlantirishsiz to‘xtatib qo‘ydi. Shu vaqtdan boshlab, Qozog‘istondagi yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilar oyiga 11 mln AQSh dollaridan zarar qila boshlashdi. Bu faqat joriy yo‘qotishlardir. Jahon bozorida Qozog‘iston ko‘miriga nisbatan ishonch yo‘qolishi, shuningdek YeOII bozorlarida ko‘mir taklifi haddan ziyod ortishi natijasida narxlar keskin tushib ketishi Qozog‘iston iqtisodiga qanchalik ziyon yetkazayotgani hisob-kitob qilib ko‘rilsa, albatta natijalar YeOII foydasiga bo‘lmaydi.

Ittifoqqa kirish tarafdorlari Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga yengillik tug‘dirishiga ko‘p urg‘u qaratishmoqda. Iqtisodchi olim Sherzod Eraliyev Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolasida ittifoqqa kirish uchun o‘zbekistonlik migrantlar bilan bog‘liq iddaolar asossizligini isbotlab berdi. Biz ham keyingi maqolamizda YeOIIga a'zo bo‘lish oqibatida mehnat migratsiyasi borasida vaziyat hozirgidan ham og‘irlashib ketishi haqida aytib o‘tamiz.

Jamshid Muslimov, iqtisodchi

Ko‘proq yangiliklar: