O‘zbekiston va BMT mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo‘yicha yangi loyiha boshlaydi

O‘zbekiston 15:05 / 11.11.2019 3545

Qiymati ikki million AQSh dollariga teng bo‘lgan qo‘shma loyihaning asosiy e'tibori mamlakatdagi ijtimoiy jihatdan eng zaif bo‘lgan insonlarga qaratiladi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatdagi doimiy vakili Helena Freyzer ijtimoiy himoya bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

O‘zbekistondagi BMT vakilligi xabariga ko‘ra, mazkur hujjat hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik maqsadida aholining ijtimoiy jihatdan eng zaif bo‘lgan qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi.  

So‘nggi yillarda O‘zbekiston yillik yalpi ichki mahsulotining 6-9 foizini ijtimoiy himoya xizmatlariga yo‘naltirib kelmoqda. Shunga qaramay, tizimda uning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi to‘siqlar mavjud. Masalan, ijtimoiy himoya vazifalari hozirgi kunda bir nechta vazirliklar va idoralar zimmasida bo‘lib,  tarqoq holdadir. Bu esa, himoyaga muhtoj insonlar va oilalarni tang vaziyatlardan chiqarish uchun zarur bo‘ladigan umumiy qarashlar va kompleks yondashuvlar yo‘qligiga olib keladi.

Dunyo tajribasiga ko‘ra, mamlakatda davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ba'zi ijtimoiy jihatdan zaif aholi qatlamlari uchun qisqa muddatli kuchli ta'sirni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois bunday insonlarga kuchli ijtimoiy himoya tizimi orqali yordam ko‘rsatish zarur.  

BMT hamda O‘zbekiston hukumati mamlakatning ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish dasturini birgalikda amalga oshirishga kelishdi. Dasturning maqsadi yuqori sifatli ijtimoiy himoya xizmatlari barcha insonlar uchun butun umrlari davomida ko‘rsatilishini ta'minlashdan iborat. Dastur asosiy e'tiborni quyidagi uchta ustuvor yo‘nalishlarga qaratadi:

ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona davlat organini tashkil etish orqali ijtimoiy himoya vazifalari turli vazirliklar va idoralar o‘rtasida tarqoq holda ekanligi muammosini hal qilish;

xalqaro standartlarga mos ravishda keng qamrovli milliy ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqish. Mazkur jarayon ijtimoiy himoya tushunchasini xayriyaga asoslangan yondashuvdan inson huquqlariga asoslangan yondashuv sifatida anglashga o‘tkazishga urg‘u berishi ko‘zda tutilgan;

nogironligi bo‘lgan insonlarga ijtimoiy himoyani taqdim etishda “nafaqalar + xizmatlar” integrallashgan yondashuvini sinov tariqasida amalga oshirish. Qo‘shma dastur Nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish hamda Faoliyatning xalqaro klassifikatsiyasini joriy etish orqali nogironligi bo‘lgan insonlarning huquqlarini yanada kengroq ta'minlash va ularning hayotlarini sezilarli darajada yaxshilashga e'tibor qaratadi.

Umumiy qiymati ikki million AQSh dollariga teng bo‘lgan qo‘shma dastur BMT tomonidan moliyalashtiriluvchi 24 ta muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo‘lib, ularni tanlash jarayonida jami 114 ta taklif o‘rganib chiqildi. Qo‘shma dastur keyingi ikki yil davomida amalga oshiriladi.

Qo‘shma dastur Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, turli vazirliklar hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. BMTning uchta agentligi – Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ushbu loyihaning amalga oshirilishida ko‘mak beradi.

Ko‘proq yangiliklar: