«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKdagi tarkibiy o‘zgarishlar yakunlandi

O‘zbekiston 17:29 / 11.11.2019 19099

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5584-sonli farmoniga muvofiq, maxsus tuzilgan Ishchi komissiya tomonidan «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va amaliy ko‘maklashish bo‘yicha ishlar olib borildi.

Xususan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK direksiyasi, shuningdek, «Uchuvchilar majmuasi», «Havo aloqalari bosh agentligi» va «O‘zaviatexta’minot» moddiy-texnik ta’minot majmuasi» davlat unitar korxonalari negizida Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tarkibiga kiradigan davlat unitar korxonalari mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirildi.

Shuningdek, Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati unga quyidagi MChJlarning ustav fondlaridagi davlat ulushini o‘tkazilishi yo‘li bilan tashkil etildi:

«Andijon» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Buxoro» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Qarshi» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Navoiy» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Nukus» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Namangan» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Samarqand» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Termiz» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Urganch» xalqaro aeroporti» MChJ;
«Farg‘ona» xalqaro aeroporti» MChJ.

«Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi» DUK negizida Uzbekistan Helicopters mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. «O‘zaeronavigatsiya» markazi» davlat korxonasi esa O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ixtiyoriga o‘tkazildi, deyiladi Uzbekistan Airways ma’lumotida.

Xabarda bildirilishicha, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta’minlash, aeroportlar infratuzilmasini, havo harakatini boshqarish va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rildi. 

Shu bilan birga, mamlakatning fuqaro aviatsiyasida uning jahon aviatashishlar bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash va ushbu tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish uchun tarkibiy islohotlarni yanada amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotgani aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: