Yil oxirigacha 3ta viloyatda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochiladi – AKT vaziri

O‘zbekiston 15:05 / 08.11.2019 2891

2019 yil oxirigacha  Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 6 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ma'lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘quv markazlarida yoshlarga kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, kompyuter grafikasi o‘rgatiladi. Bu yerda shuningdek, robototexnika, kompyuter o‘yinlari va kibersport bilan ham shug‘ullanish mumkin.

AKT vazirligi Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Fayzulla Arifjonovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida 4tadan, Toshkent shahri va Namangan viloyatida 2tadan, Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida 1tadan, jami 18ta markaz faoliyat yuritmoqda. Hozirgacha markazlarda 965 nafar tinglovchi o‘quv kurslarini yakunladi, ayni paytda 1224 nafar tinglovchi tahsil olmoqda.

«Loyiha asosan maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Ular darsdan bo‘sh vaqtlarida bekor yurmasdan ushbu markazlarda bepul shug‘ullanishi, IT-savodxonligini shakllantirishi mumkin. Ko‘pchilik o‘quvchilar oddiygina kompterdan foydalanishni bilishmaydi. Hech bo‘lmasa markazda shu narsalarni o‘rganishadi. Reja bo‘yicha 2025 yilgacha O‘zbekistonning barcha tuman-shaharlarida ana shunday markazlar tashkil etiladi. Kecha, 7 noyabr kuni Samarqandda navbatdagi markazni foydalanishga topshirdik», deya Fayzulla Arifjonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida, shuningdek, pulli kurslar ham tashkil etiladi. Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan yoshlar, hokimliklar, davlat va xo‘jalik organlarida faoliyat yuritayotgan yoki ayni paytda ishsiz bo‘lgan oddiy aholi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalish bo‘yicha shartnoma asosida tahsil olishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: