Unga ham import boji qo‘llanishi non narxiga ta'sir qiladimi? Mutaxassis javob berdi

Iqtisodiyot 10:50 / 08.11.2019 17241

Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bu «buxanka» non narxining oshishi mavzusi bo‘lmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra non narxi 1500 so‘m atrofida bo‘lishi bildirilgandi. Lekin taxminlar o‘zini oqlamadi va «buxanka» bahosi yana ko‘tarila boshladi. Buning sabablarini o‘rganish maqsadida soha mutaxassislari bilan suhbat qildik.

Suhbatdoshlarimiz Moliya vazirligi agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof-muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Mirzayev va Davlat statistika qo‘mitasi narxlar statitistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov bo‘lishdi.

– Fikringizcha, buxanka non narxi qanday ko‘rsatkichlargacha oshib boradi? Bu borada biror prognoz bormi?

To‘lqin Mirzayev: – Hozirgi oshishlarga ham fundamental asoslar yo‘q edi. Ya'ni biz birjalarga unni zaxirasi bilan chiqaryapmiz, bahoda keskin ko‘tarilish yo‘q, ishlab chiqaruvchilar faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun ham barcha choralarni ko‘rganmiz. Qolipli non bahosi yaqin kelajakda oshishiga sabab ko‘rmayapman.

Muxtor Umarov: – Garchi prognozlash vakolatimizga kirmasa-da, asosiy ishimiz narxlarni o‘rganishdan iborat bo‘lsa-da, yuqoridagi fikrni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki narxlar dinamikasiga e'tibor bersak, ma'lum muddatli o‘sish barqarorlashish bilan almashmoqda. Endi yana oshishga asos yo‘q.

– Non tayyorlash zanjirida faqat un QQS bilan qolib ketgan. Sababi, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan non narxini saqlash maqsadida don yetkazib beruvchilar QQSdan ozod qilindi. Ammo un savdosida QQS hisoblangani sababli bahosi oshyapti. Un asosiy mahsulotlardan bo‘lgani uchun uni ham QQSdan ozod qilish rejasi bormi?

To‘lqin Mirzayev: – Non va bug‘doyda QQS qo‘llanmagani sababi ham ijtimoiy himoyaga borib taqalardi. Non va un mahsulotlari narxlar erkinlashtirilganidan keyin ushbu mahsulotlarni QQSga tortish tizimi o‘zgargani yo‘q. Bir kilogramm un mahsulotining joriy yil 15 oktyabrgacha amalda bo‘lgan narxida QQS 67,7 so‘mni yoki bor yo‘g‘i 4,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu soliq bir kilogramm hisobiga o‘rtacha 56 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda yoki narxning 2,4 foizini tashkil etmoqda. Demak, bu zanjirda faqat unda QQS saqlanib qolgani faqat ramziy xarakterga ega, ya'ni non narxida katta rol o‘ynamaydi.

– Non narxi oshishidan oldin bundan buyon mahsulot narxi, non tayyorlovchilar faoliyati jiddiy kuzatuvga olinishi, xususan non vazni qattiq nazorat qilinishi belgilangandi. Jarayon qanday ketmoqda, bu borada dastlabki xulosalar bormi?

Muxtor Umarov: – Kuzatuv vakolatiga egamiz, nafaqat non, balki asosiy mahsulotlar narxini doimo o‘rganib, e'lon qilib boramiz. Mana, kuni kecha oxirgi ma'lumotlarni e'lon qildik. Non narxi barqarorlashdi.

– Shu o‘rinda sizlar e'lon qilayotgan narxlar bo‘yicha ham ko‘p e'tirozlar borligini qanday izohlaysiz?

Muxtor Umarov: – Albatta, bu e'tirozlarni o‘zimizga ham bildirishadi. Ammo ko‘p bora ta'kidlaganimizday biz aniq mahsulotning eng minimal va eng maksimal narxlarini e'lon qilamiz va bu narxlar aynan qayerda kuzatilayotgani bildirib o‘tamiz. Aytaylik, oxirgi ma'lumotda suyakli go‘shtning eng arzon narxi 36 ming so‘mdan Nukus dehqon bozorida kuzatilgani aytilgan. Bu narx butun respublikaga to‘g‘ri kelmasligini to‘g‘ri tushunish kerak. Ko‘pchilik «statistika qo‘mitasi 50-55 mingdan sotilayotgan go‘shtni 36 ming so‘m qilib ko‘rsatyapti» deb norozilik bildiradi. Aslida shu ma'lumotning o‘zida maksimal narx, ya'ni 57 ming so‘m ham ko‘rsatib o‘tilgan. Narxlar har bir hudud alohida tarzda, bozor eng gavjum paytda o‘rganiladi. Sababi, ertalab yuqori bo‘lgan baho kechga yaqin tushishi kuzatiladi, shuning uchun biz odatda soat 12 atrofida narxni o‘rganamiz.

– Demak, narxlarni sun'iy tarzda arzon ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma yoki «sirli buyruq» yo‘q?

Muxtor Umarov: – Mutlaqo yo‘q.

To‘lqin Mirzayev: – Nazorat qilishga kelsak, bilamizki, tadbirkorlar faoliyatini tekshirishga ya'ni ularning faoliyatiga aralashishga moratoriy e'lon qilingan. Ammo monopoliyaga qarshi kurashish, soliq tizimi, «O‘zstandart» agentligi tomonidan amaldagi standartlar talablaridan kelib chiqib non vazni va sifati bo‘yicha o‘rganishlar olib borishlari mumkin, olib borishyapti ham. Bu borada yaqin vaqt ichida bir yangilik joriy qilish ustida ish olib boryapmiz. Unga ko‘ra sotuvda bo‘lgan qolipli non va un mahsulotining sertifikati bo‘lishi shart bo‘ladi. Ya'ni savdo rastasidagi non va un mahsulot bo‘yicha iste'molchiga ko‘rinarli joyda ushbu mahsulot bo‘yicha tegishli ma'lumotlar qo‘yilgan bo‘lishi shart bo‘ladi. Bu ma'lumotda ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan sertifikatdagi ma'lumotlarni aks etishi kerak, ya'ni vazni, navi, tarkibiga oid ma'lumotlar va ishlab chiqaruvchi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi. Shundan keyin iste'molchi bemalol muvofiqlikni tekshirib ko‘rishi, talab qilishi mumkin bo‘ladi. Bu tajriba hozirgi kunda yirik savdo nuqtalarida ixtiyoriy tarzda qo‘llanmoqda, non peshtaxtasiga zarur ma'lumotlar yozib qo‘yilmoqda. Endi shuni majburiy qilmoqchimiz.

– 2020 yil 1 yanvardan 300dan ortiq turdagi tovarlarga import boji oshirilishi e'lon qilindi. Ular orasida unga ham 10 foizli boj ko‘zda tutilgan. Bu yana bir «narx sakrashi»ga sabab bo‘lmaydimi?

To‘lqin Mirzayev: – Haqiqatdan ham 2020 yil 1 yanvardan boshlab ayrim tovarlarga import boji kiritildi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni himoyalash maqsadida qilinmoqda. Ammo bu un narxiga ta'sir etmaydi. Sababi nima degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi.

Erkin savdoni amalga oshirish hududini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga qo‘shilgan mamlakatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1998 yil 8 aprelda 429-son bilan ro‘yxatga olingan bo‘lib, ushbu ro‘yxatdagi mamlakatlar bilan o‘zaro savdolarda import boji qo‘llanmaydi. Bu ro‘yxatga Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Ukraina, Tojikiston va Ozarboyjon kiritilgan.

Endi mamlakatimizga import qilinayotgan un mahsuloti asosan Qozog‘iston Respublikasi hissasiga (taxminan 95 foizdan ortiqrog‘i Qozog‘iston va 4 foiz atrofida Rossiya Federatsiyasi hissasiga) to‘g‘ri kelishini va boshqa mamlakatlardan keltiriladigan un mahsuloti miqdori 1 foizdan ham kamligini e'tiborga olsak, bu import un narxiga umuman ta'sir etmasligini ko‘ramiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: