Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari saylovda ovoz berish uchun qayerga borishlari kerak?

O‘zbekiston 20:10 / 08.11.2019 5800

22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Saylov bo‘lib o‘tadigan kuni Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik saylovchilar ovoz berish uchun qayerga borishadi? 

Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari 22 dekabr kuni soat 8:00dan 20:00gacha Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Vladivostok, Rostov- Don, Novosibirsk va Yekaterinburg shaharlaridagi diplomatik missiya va bosh konsulxonalarda tashkil etilgan maxsus saylov uchastkalarida ovoz berishlari mumkin.

Bunda, konsullik hisobida turmaydigan shaxslar tegishli saylov uchastkasida ovoz bermoqchi ekanligi to‘g‘risida saylov o‘tkaziladigan kundan kamida 15 kun oldin xabar qilishlari darkor – saylovchilar ro‘yxati 7 dekabrgacha tuziladi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya federatsiyasidagi diplomatik missiyasi vakillari Rossiya hududida bo‘lib turgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. 

Talabalar, mehnat migrantlari, ish yuzasidan Rossiya hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar axborot platformalari orqali ham ovoz berish tartibi va saylovchi huquqlari to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Ekologik partiya, Xalq demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi ishtirok etadi.

Ko‘proq yangiliklar: