O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi respublikadagi siyosiy partiyalarga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston 17:40 / 08.11.2019 3369

​Bugun, 8 noyabr kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova tomonidan Parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlarda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarga qo‘mitaning maxsus Murojaatnomasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Quyida ushbu Murojaatnoma matni keltirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasidagi siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining murojaati

Xalqimizning orzu-umidlarini, ezgu tashabbuslarini o‘z dasturiy vazifalarida mujassam etgan hurmatli siyosiy partiyalarimiz!

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ayollarning ijtimoiy-siyosiy faol bo‘lishi muhim ekanini “Ayollarning jamiyatdagi o‘rnini, O‘zbekiston erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissasini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi” degan so‘zlari bilan izohladilar.

Va bir qator nutqlarida barcha ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda har bir ayol kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchiga aylanmog‘i lozimligini, hatto yurtimizda ayollar uchun belgilangan 30 foizlik kvotani 50 foizgacha ko‘tarish maqsadga muvofiq ekanini ham ta'kidladilar.

Bu munosabat davlatimiz rahbarining ayollarga oid siyosiy irodasining tantanasi bo‘ldi, desak, aslo xato bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning ayollar harakati tizimi g‘oyat qo‘llab-quvvatlandi, tuzilmaviy jihatdan kuchaytirildi. Shuningdek, biz butun xalqaro hamjamiyat oldida uzoq yillardan buyon bahsli bo‘lgan Gender tenglik borasidagi Qonunni qabul qildik.

Biroq, mana shunday o‘zgarish va yangilanishlar pallasida ham umumiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, siyosiy partiyalardan nomzodlar ko‘rsatilishida ayollarga munosabat keskin va kutilgan darajada ijobiy tarafga o‘zgarmagan. Bu holni ayollarning murojaatlari, ijtimoiy tarmoqlardagi ba'zi noroziliklar hamda umumiy kuzatuvlarimiz, raqamli ko‘rsatkichlar orqali anglab turibmiz.

Shu o‘rinda Yaratganning o‘zi har bir xilqatni ikkinchi bir bo‘lagi bilan isloh qilgani kabi Erkak va Ayolning jamiyatdagi o‘rnini ham oliy muvozanatda belgilab qo‘yganini eslatib o‘tmoqchimiz.

Albatta, saylov raqobatchi partiyalar, o‘z tashabbuslarini ilgari surayotgan kuchlar, xalq manfaatlarini ifoda etgan dasturlarini o‘z elektoratiga taqdim etayotgan nomzodlar kurashidir. Biroq partiyami, ayol yoki erkakmi siyosiy kurashlarda naqadar xilma-xil bo‘lmasinlar, ular O‘zbekistonimizning kuchli davlatga aylanishi, milliy yuksalishi yo‘lida bir gulxan atrofidagi bir maqsadli odamlardir aslida.

Bilasizki, “Ayolning jamiyatda faol bo‘lishi nima uchun kerak?” degan juda qadimiy, bahsli savolni ko‘p-ko‘p eshitamiz. Oddiy haqiqat va javob shuki, ayolning tafakkuri, salohiyati va albatta ulkan, mehribon qalbi qonun ijodkorligida, inson taqdiri bilan bog‘liq hukm-u qarorlarning xalqparvar hamda mehribon bo‘lishida juda ham zarur!

Shuningdek, aziz farzandlarimizning baxtu kamoli, yuqori sifatli ta'lim olishida, chekka-chekka qishloqlarda shahar qizlaridan ko‘ra og‘irroq sharoitlarda yashayotgan qizlarimizning hayot tarzi yaxshilanishida, tobora ildiz otib borayotgan ma'naviy-ijtimoiy muammolarga yechim topishda haqiqiy ma'noda xalq vakili bo‘la oladigan nomzod ayollarning katta siyosiy maydonga kirib kelishi davr ehtiyoji ekanini tan olishimiz kerak.

Qolaversa, islohotlarimizda ustuvorlik kasb etgan “Ayol hayotdan rozi bo‘lib, yayrab-yashnab yashashi kerak” degan kuchli hayotiy g‘oyaning amalga oshishi uchun ham, avvalo, ayol zotining o‘zi faol bo‘lmog‘i g‘oyat muhim!

Hurmatli siyosiy partiyalarimiz, bizning xalqimiz farovonligini ta'minlash yo‘lidagi aziz hamkorlarimiz!

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi aholisining 51 foizini ayollar tashkil etadigan mamlakatning yirik bir jamoat tashkiloti, 16 milliondan ortiq ayollar manfaatlarini o‘zida mujassam etgan ulkan bir tizim sifatida har biringizdan ayollarni siyosiy jarayonga jalb etish, saylovda nomzodlikka ko‘rsatish borasidagi pozitsiyangizni va Saylovoldi platformangizni ayollar manfaati yuzasidan qayta ko‘rib chiqishingizni iltimos qiladi!

Chunki biz ayollar ishtirokisiz kelgusi taraqqiyotni to‘la tasavvur etib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz!

Shuningdek, ayol tabiatan, xoh nomzod, xoh saylovchi bo‘lsin, u o‘z fuqarolik nuqtai nazarini namoyon etmoqni ma'naviy-huquqiy mas'uliyat deb, ijtimoiy-siyosiy faollikka intilishni esa saylovga zo‘rma-zo‘raki chiqish emas, balki inson qalbining faxrli bir majburiyati, deb qabul qila oladigan zotdir!

Ayol saylansa ham, ona Vatanining yuksalishi uchun, farzandlarining baxtu saodati uchun saylanganini, ovoz bersa ham, unib-o‘sib kelayotgan go‘daklarining oyoqqa turib, el koriga yarashi uchun, yurtida hayot bundan-da yaxshi bo‘lishi uchun ovoz berayotganini chin dildan anglovchi xilqatdir!

Azizlar!

Barchangizni har doim ham, ayniqsa, bugungi siyosiy jarayonlarda AYoLlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz!

Saylov deb atalgan muhim jarayonda AYoLni qo‘llab-quvvatlash – O‘zbekistonimiz erishgan va dunyo hamjamiyati tan olayotgan yutuqlarda xotin-qizlarimizning hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan hissasini e'tirof etish deganidir!

Ayolning qonun ijodkorligidagi ulushi ortishini, qaror qabul qiluvchi lavozimlarda bo‘lishini rag‘batlantirish – ONAni e'zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish, ayolni ardoqlash deganidir!

Keling, ayolni, onani, ulug‘ maqom sohibalarini qadrlaylik, qo‘llab-quvvatlaylik, azizlar!

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi
08.11.2019 yil, Toshkent shahri

Ko‘proq yangiliklar: