«Har qanday imtiyoz muddatli bo‘lishi kerak» - Qo‘mita mutasaddisi GM’ga berilgan imtiyozlar haqida

O‘zbekiston 16:30 / 08.11.2019 50463

«Mamlakatda raqobatni rivojlantirish bo‘yicha keyingi yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlar» mavzusidagi matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mutasaddilari tomonidan monopoliyaga qarshi kurashish, raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish, istiqbolli rejalar ishlab chiqish va sohaga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Tadbir davomida OAV vakillari soha vakillariga turli savollar bilan murojaat qilishdi.

2020 yil 1 yanvardan qimmatbaho avtomobillar importiga qo‘llangan imtiyozli stavka bekor qilinishi «inomarka»lar narxi yanada oshishiga olib kelishi, bunday qaror mashina bozoridagi monopoliya sharoitida qanchalik to‘g‘ri bo‘lishi to‘g‘risidagi savolga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov javob berdi.

«GM juda katta yutug‘imiz ham, muammomiz ham. Markaziy Osiyo, MDH davlatlari o‘rtasida solishtiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston yillar davomida o‘zining ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullangan. Qo‘shni davlatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, ularda ishlab chiqarish uncha rivojlanmagan. Shu narsaga urg‘u berilgan. Buni Yaponiya yoki Janubiy Koreya misollarida olsa bo‘ladi, ularda ham proteksionizm, ya’ni o‘zining iqtisodiyotini himoyalash siyosati olib borilgan. Bu siyosat ularga juda yaxshi natijalarni bergan.

Biz ham avtomobil qurish sohasini yo‘lga qo‘ydik. Juda sifatli mashinalar chiqaryapmiz. Lekin har qanday imtiyozlar muddatli bo‘lishi kerak. Muddatsiz bo‘lishi kerak emas.

GM esa muddatsiz vaqtga imtiyozlar olgan. Bu davlat siyosati. Agar hukumatimiz korxona buyog‘iga o‘zi ishlab ketishi mumkin, degan xulosaga keladigan bo‘lsa, bojxona stavkalari kamayishi va O‘zbekistonga boshqa mashinalar ham kirishi mumkin. Ha, bu raqobatni cheklaydi. Biz buni ko‘p joyda aytganmiz. Agar sohada siyosat boshqacha olib borilsa, mashinalar kirib keladigan bo‘lsa, bojxona stavkalari kamaysa, mashina sotadigan korxonalar ham ko‘payadi va GM bilan bemalol raqobatlashishadi. Iste’molchilar arzonroq va sifatliroq mashina olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Lekin bu qarorni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qabul qilmaydi. Biz faqat o‘z fikrimizni aytishimiz mumkin. Bu davlat siyosati darajadasidagi masala», - deya Karimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: