Elektr energiyasini ishlab chiqarish tabiiy monopoliya sohasidan chiqarib yuboriladi – Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

O‘zbekiston 14:50 / 08.11.2019 4193

8 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Mamlakatda raqobatni rivojlantirish bo‘yicha keyingi yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda monopoliyaga qarshi kurashish, raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish, istiqbolli rejalar ishlab chiqish va sohaga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Matbuot anjumanida berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlik sektorining bosqichma-bosqich rivojlanishi kuzatilmoqda. Faqatgina oxirgi uch yil mobaynida amalda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining soni deyarli 25 foiz ko‘paygan, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari tomonidan yaratilgan yalpi qo‘shimcha qiymat YaIM umumiy hajmining 88,8 foizini tashkil etgan va 5,1 foizga o‘sgan.

Hozirda qo‘mita tomonidan yangi qonun ustida ish olib borilmoqda. Unga «Raqobatni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun nomini berish taklifi berilgan. 

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari tomonidan jurnalistlarning savollariga javoblar berildi.

Tadbir davomida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov xususiylashtirish jarayoni sabab tabiiy monopoliya sub'yektlari soni yana qanchaga kamayishi haqidagi savolga javob berdi.

«Yangi qonunchilikda tabiiy monopoliya tushunchasini umuman o‘zgartiryapmiz. Agar qonunimiz parlament tomonidan qabul qilinsa, temir yo‘lda yuk va yo‘lovchilar tashish xizmatlari [tabiiy monopoliya sub'yektlaridan] umuman chiqib ketadi. Temir yo‘llar tizimida ko‘p korxonalar bor. Yoki aytaylik elektr energiyasi bo‘yicha. Hozirgi kunda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uni uzatish va sotish mana shu uchta soha. Elektr energiyasini ishlab chiqarishni tabiiy monopoliya sohasidan umuman chiqarib yubormoqchimiz. Chunki iqtisodiyotimiz rivojlanyapti, innovatsiyalar kirib kelyapti. Bu sohani tabiiy monopoliya sohasidan chiqarib yuboradigan bo‘lsak, ertaga investorlar kiradi va elektr energiyasini ishlab chiqaradigan va uni sotadigan korxonalar ko‘payadi. Ular tabiiy monopoliya hisoblanmaydi. Tabiiy monopoliyada faqat elektr energiyasini uzatish korxonalari qoladi. Umumiy olganda tabiiy monopoliya [sub'yektlari] juda katta raqamga kamayadi», - deya keltirmoqda Karimovning so‘zlarini Kun.uz muxbiri. 

Ko‘proq yangiliklar: