«Adolat» SDP deputatlikka yangi nomzodlarini tasdiqladi

O‘zbekiston 21:28 / 08.11.2019 9199

Siyosiy anjumanda partiya Siyosiy kengashi, Markaziy taftish komissiyasi a'zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» SDP deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlaridan saylangan delegatlar, parlament quyi palatasi deputatligiga partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qurultoyda O‘zbekiston «Adolat» SDP Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarovning «O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashining faoliyati hisoboti va yangi bosqichda partiya vazifalari to‘g‘risida»gi ma'ruzasi tinglandi. Ma'ruzada hisobot davrida partiya dasturidagi ustuvor yo‘nalishlarning bajarilishi tahlil etildi. Partiyaning mafkuraviy, tashkiliy-kadrlar sohasidagi faoliyati natijalari sarhisob qilindi.

E'tirof etilganidek, o‘tgan uch yil davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va davlatimizning taraqqiyot strategiyasi yangi bosqichga ko‘tarilganligi O‘zbekiston «Adolat» SDP faoliyatida ham o‘z aksini topdi.

Eng avvalo, partiyaning markaziy va hududiy organlari ish rejalarining har bir bandida inson manfaati, qonunlarning eng quyi tuzilmalarda ham sifatli ijrosini ta'minlash, ushbu jarayonlarga birinchi navbatda barcha deputatlik korpusini jalb etishga harakat qilindi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi bugungi kunda 414 478 ming a'zoga, mamlakatning barcha hududlarida 6313ta boshlang‘ich partiya tashkilotiga, 201ta hududiy bo‘linmaga, parlament va hokimiyatning mahalliy vakillik organlarida deputatlik guruhlariga ega bo‘lgan yirik siyosiy kuchga aylandi. 

– «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi 2015-2019 yillarda o‘z faoliyatini 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, partiyaning «Adolat – hayotimizning bosh mezoni, adolat – har bir inson uchun» Saylovoldi dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha jamiyatda mavjud muammolarni hal qilish borasida o‘z nuqtayi nazarini ifoda etgan amaliy harakatlar Dasturi asosida olib bordi, – dedi N.Umarov. – Saylovoldi dasturimizni amalga oshirish maqsadida partiyamiz tomonidan ishlab chiqilgan 20dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etildi.

Raqamlarga murojaat qilsak, aholi bilan yuzma-yuz olib borilgan muloqotlar 2017-2019 yillar oralig‘ida 24 586 marotaba mahallalar bilan, 467 855 marotaba xonadonlar bilan, 22 456 marotaba xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bilan bevosita bog‘liqligini ko‘ramiz. Albatta, ochiq muloqotlar doirasida fuqarolarni qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ular mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etib kelinmoqda.

Partiya Markaziy apparati va hududlarda tashkil etilgan «Adolat qabulxonalari»ga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan jami 66 876ta murojaat partiya deputatlik guruhlari tomonidan mas'ul tashkilotlarga 14 561ta deputatlik so‘rovi yuborish orqali o‘rganildi. Natijada 9834ta murojaat mutasaddi tashkilotlarni jalb qilgan holda o‘z ijobiy yechimini topdi, qolgan 41 645ta muammo va takliflar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.

Shuningdek, partiyamizning «Bir oyda bir ish o‘rni» loyihasi amalga oshirildi. Unga ko‘ra, mahalladagi uyushmagan yoshlar, yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan fuqarolar bilan ishlash, ularni faol hayot tarziga qaytarish, ta'lim olish, kasb o‘rganishga jalb etish, bandligini ta'minlashga ko‘maklashish nazarda tutilgan. Mazkur loyiha asosida shu yilning o‘zida partiyaga murojaat qilgan jami 1100 nafardan ortiq fuqarolar ishga joylashtirildi.

Hisobot davrida «Adolat» SDP fraksiyasining qonun loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan 200dan ortiq yig‘ilishi o‘tkazilib, ularda 580dan ortiq qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, fraksiya a'zolari Qonunchilik palatasining yalpi majlislari kun tartibiga kiritilgan barcha qonun loyihalari bo‘yicha qizg‘in muhokamalarda ishtirok etdi. Muhokamalar jarayonida qonun hujjatlariga zarur o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha «Adolat» SDP fraksiya a'zolari 1200ga yaqin takliflarni ilgari surdilar. Qonunchilik palatasidagi har bir qonun loyihalari yuzasidan partiyaning quyi tizimidan takliflar olish va umumiy pozitsiyani shakllantirish yo‘lga qo‘yilib, «Fraksiya – markaz – viloyat – tuman» tartibida ishlaydigan tizim joriy etildi.

Hisobot davrida fraksiyamiz a'zolari 43ta qonun loyihasiga tashabbuskor bo‘ldilar. Shulardan 9tasi yaxlit qonunlar bo‘lsa, 34tasi mavjud qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishdan iborat bo‘ldi.

Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 70-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati ma'qullandi.

Partiyaning yirik siyosiy anjumanida, shuningdek, partiyaning oliy organi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Partiya Siyosiy kengashi va Markaziy taftish komissiyasining yangi a'zolari saylandi. Partiya Ustavi yangi tahrirda qabul qilindi.

Partiya Qurultoyida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining IX Qurultoyi ishining yakunlari bo‘yicha mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston «Adolat» SDP Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov Qurultoy ishida ko‘rib chiqilgan asosiy masalalar mohiyati bilan jurnalistlar va blogerlarni tanishtirib o‘tdi.

Mazkur anjumanda  partiyaning yangi tahrirdagi Ustavi, Siyosiy hamda Saylovoldi dasturlari qabul qilingani to‘g‘risida ham axborot berildi.

Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan 150 nafar nomzodlarning 25 foizi o‘qituvchilar, 13 foizi shifokorlar, 10 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, 48 foizi davlat tashkiloti xizmatchilari, 3 foizi jamoat tashkilotlari va OAV xodimlari, 8 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillari, 3 foizi bank-moliya sohasi xodimlaridan iborat. Nomzodlarning 42 foizi ayollardir.

O‘zbekiston «Adolat» SDP
Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: