Prezident qarori bilan Adliya vazirligiga qo‘shimcha vazifa yuklandi

O‘zbekiston 09:07 / 07.11.2019 24420

“Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qaror bilan qonun hujjatlarini amaliyotda qo‘llash samaradorligini tahlil qilish va ularning funksionalligini aniq mezonlar asosida baholash tizimini yaratildi. Shuningdek, norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi o‘zaro aloqa tizimi takomillashtirildi.

Mazkur ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida, Adliya vazirligi davlat boshqaruv organlarining huquqiy monitoringni o‘tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek qaror bilan huquqiy monitoring tizimining asosiy vazifalari belgilab berildi. Jumladan:

normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining yagona amaliyotini joriy etish;

huquqni qo‘llash amaliyotning normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish maqsadlariga muvofiqligini o‘rganish;

ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning to‘liqligini ta'minlash, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaga oid omillarni aniqlash va bartaraf etish kabi boshqa yana bir qator vazifalar belgilandi.

Maxsus vakolatli organ sifatida Adliya vazirligiga davlat boshqaruv organlari tomonidan o‘tkaziladigan huquqiy monitoring jarayonida ishtirok etish, huquqiy monitoringni o‘tkazishda qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish kabi qo‘shimcha vakolatlar berildi. Hozirda Adliya vazirligining markaziy apparatida huquqiy monitoring bo‘yicha maxsus bo‘lim tashkil etildi, ushbu bo‘lim qarorda belgilab berilgan asosiy vazifalarni ijrosini sifatli va o‘z vaqtida ta'minlab berishga xizmat qiladi.

Qarorga muvofiq, respublikada huquqiy monitoring Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring o‘tkazish rejasi asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, mazkur reja Adliya vazirligi tomonidan davlat boshqaruv organlari taqdim etgan takliflar asosida shakllantirilishi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilingan holda tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

Huquqiy monitoringni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.

Huquqiy monitoring o‘tkazishni tashkil etish va muvofiqlashtirish davlat organlarining yuridik xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi davlat boshqaruvi organlari tomonidan huquqiy monitoring o‘tkazilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tanlab olib, ularni sifatini yanada yaxshilash maqsadida takroriy huquqiy monitoring o‘tkazishi mumkin. Bu ham davlat organlarining mas'uliyati oshishiga xizmat qiladi.

Davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalarini tahlil qilish hamda tegishli chora-tadbirlar belgilash maqsadida ular to‘g‘risidagi hisobot Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida muhokama qilinadi.

Huquqiy monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida ham e'lon qilinishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: