O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyevning 5 noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida O‘zbekistondan Xitoyga yeryong‘oq eksport qilish bo‘yicha fitosanitariya talablari va nazorati to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.
Ushbu bayonnoma asosida O‘zbekistonning eksport korxonalari yeryong‘oqni Xitoyning bir qator talablarini bajargan holda eksportni amalga oshirishi mumkin.
Asosiy talablar bu, Xitoyga O‘zbekistondan eksport qilinadigan yeryong‘oq Xitoyning barcha fitosanitariya va oziq-ovqat xavfsizligiga tegishli qonun hujjatlari, qarorlari va milliy oziq-ovqat xavfsizlik standartlariga muvofiq bo‘lishi, Xitoy tomoni uchun xavfli bo‘lgan karantin ostidagi zararkunandalardan xoli bo‘lishi lozim.
O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan yeryong‘oqni yetishtirish, qayta ishlash va saqlashdan tortib, butun jarayon patogen mikroorganizmlar, biotoksinlar, zaharli va zararli moddalar bilan ifloslanishining oldini olish uchun ikkala tomonning tegishli nazorat va fitosanitariya talablariga javob berishi kerak.
Xitoyga eksport qilinadigan O‘zbekiston yeryong‘og‘i Xitoyning kirish portlariga yetkazilganidan so‘ng, Xitoy tomoni qonuniga muvofiq tekshirish va karantin nazoratini amalga oshiradi.
Agar yeryong‘oqlar ro‘yxatga olinmagan ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash korxonalaridan kelgani aniqlansa, ularning Xitoyga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yeryong‘oqni eksport qiluvchi korxonalarda ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlashda zararli organizmlar monitoringi va nazorati O‘zbekiston tomoni vakolat bergan xodimlar nazorati ostida o‘tkazilishi lozim.
O‘zbekiston tomoni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asosiy talablarga javob beradigan ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash korxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi va Xitoy tomoniga tavsiya qiladi, ular Xitoy tomonidan tasdiqlanib ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ma'lumotlar korxonaning nomi, ro‘yxatdan o‘tkazish raqami, ro‘yxatdan o‘tgan manzili va korxona turini o‘z ichiga olishi kerak.
Yeryong‘oqning Xitoyga eksportini amalga oshirish istagini bildirgan ishlab chiqarish korxonalari «O‘zboshdavkarantin» inspeksiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
Tel: +998712552851, +998712557323;
Elektron pochta: glavkaruz@mail.ru; www.karantin.uz
Elchixonadagi mas'ul bo‘lim pochtasi: uzchinaexport@mfa.uz
Shu bilan birga, hozirgi kunda Xitoyga qo‘shimcha ravishda uzum, limon, olxo‘ri, shaftoli, o‘rik, loviya va bir qator quritilgan meva-sabzavotlar eksport qilinishiga ruxsat olish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.