IIV rasmiysi: «Va'da beramiz, bir-ikki yil ichida propiska deyarli ko‘tarilmaydigan masala bo‘lib qoladi»

O‘zbekiston 19:35 / 07.11.2019 29808

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi mas'ul xodimi Ruslan Karimov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, ayni paytda vazirlikda bu bo‘yicha ishchi guruh ish olib bormoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin bir-ikki yilda propiska umuman ko‘tarilmaydigan masalaga aylanadi.

«Hech kimga sir emas, 2021 yildan ID-kartaga o‘tamiz, u pasportday bo‘lmaydi, unga muhr bosilmaydi. ID-karta bilan birgalikda propiska tizimini ko‘rib chiqamiz. Bu jarayon bir joyda qotib qolgani yo‘q. Ichki ishlar vazirligidayam bu bo‘yicha ishchi guruh ishlayapti. Maqsad: hamma narsani yengillashtirish, soddalashtirish.

Ichki ishlar vazirligi fuqaroga qiyin qilishni o‘ylaydigan vazirlik emas. Propiska tizimi soddalashtiriladi. Va'da beramiz, bir-ikki yil ichida propiska deyarli ko‘tarilmaydigan masala bo‘lib qoladi. Bu bo‘yicha ish olib borilyapti», deya Ruslan Karimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda fuqarolarni doimiy ro‘yxatga qo‘yish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish yuzasidan qilinayotgan ishlar, qaysi davlatlarning tajribasi o‘rganilgani haqida ham ma'lumot berildi.

«Doimiy propiska bizga nimaga kerak, propiska tizimisiz biz jinoyatchilikning oldini ololmaymizmi?» degan masala ko‘p ko‘tariladi. Hamma biladi, doimiy propiska dunyo bo‘yicha ikki-uchta davlatlarda qolgan. Bizga qonunchiligi yaqin bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi, Belarus va boshqa davlatlari tajribasini o‘rganganmizda ularda registratsiya yuritiladi. Propiska masalasi bugungi kunda to‘xtab qolgani yo‘q, o‘rganib chiqilyapti. Bekor qilsa nima bo‘ladi? Registratsiya tizimiga o‘tsak, nima bo‘ladi? Hammasi o‘rganilyapti. Bu borada Janubiy Koreya, Belarus kabi bizga to‘g‘ri keladigan davlatlarning tajribasi, amaliyoti o‘rganib chiqildi. Bu bo‘yicha tahlillarni o‘rganib chiqib takliflarni kiritamiz», deydi Ruslan Karimov.

 

Ko‘proq yangiliklar: