Erdo‘g‘an Tramp bilan S-400, Patriot va F-35 masalalarini muhokama qilmoqchi

Jahon 22:44 / 07.11.2019 9649

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 13 noyabrda AQShga amalga oshiradigan tashrifi davomida Donald Tramp bilan Turkiyaga Rossiyaning S-400 majmualari yetkazib berilishi, Amerikaning Patriot tizimi va F-35 qiruvchi samolyotlari masalalarini muhokama qilishini bildirdi.

"Biz ikki tomonlama munosabatlar va mintaqadagi vaziyatni muhokama qilamiz. S-400, Patriot, F-35 – albatta kun tartibida bo‘ladi. Maqsadimiz – savdo aylanmasini 100 milliard dollargacha yetkazish. Shuningdek, harbiy sanoatdagi qadamlarni muhokama qilamiz. Bizga Patriot sotilmadi, biz unga muqobil S-400ni topdik va bu ish tugadi", - dedi Erdo‘g‘an Vengriyaga tashrifi chog‘idagi matbuot anjumanida.

U Turkiya Patriot tizimini ham sotib olishi mumkinligini aytdi. 

"Biz uni sotib olishga tayyormiz, taklif berishsin, ko‘rib chiqamiz", - dedi Turkiya rahbari.

Avvalroq Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda 13 noyabrda AQSh poytaxti Vashingtonga tashrif buyurish to‘g‘risida kelishib olgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: