Chiroqchidagi ikki qishloq muammolari: ularni mutasaddilar qay tarzda hal etishmoqchi?

Jamiyat 21:00 / 07.11.2019 23513

Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidan tushgan murojaatlarni o‘rganish uchun mazkur tumanda bo‘ldik.

Chiroqchi tumani hududi juda katta. Shu sababli viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov, tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va boshqa sohalar rahbarlari vaziyatni joyida o‘rganish uchun bizga hamrohlik qilishdi.

Dastlabki murojaat tumanning «Oq-oltin» mahallasidan edi. Bu yerda qirlar tepasida istiqomat qilayotgan aholi vakillari ichimlik suvi muammosiga duch kelishgan. Ular qariyb 5 km uzoqlikdagi chashmadan yer qazib, quvur bilan tortib kelayotgan suvni qo‘shni qishloq aholisi buzib tashlamoqda.

Bu qishloq aholisi asosan chorva boqib, lalmi yerda dehqonchilik qilib kun ko‘radi. Qishloqda quduqdan suv chiqarish uchun 80-100 metr chuqur qazish kerak.

Mahalladoshlardan birining aytishicha, qir ustidagi yangi ro‘zg‘or bo‘lgan 40tacha xonadon ichimlik suvini pastdan tashib keltiradi. Ichimlik suvini 5 km uzoqlikdagi chashmadan hashar yo‘li bilan o‘rtaga pul tashlab, quvur tortib kelishganda qo‘shni qishloq aholisi quvurning 2 km joyini buzib tashlashgan. Sababi chashmadan ularning qo‘y-qo‘zilari suv ichar ekan, bu qishloqdagilar suvni tortib ketishsa, chorvaga suv yetmay qolar ekan.

Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘.Abdurahimov masala chigalligini aytib o‘tdi.

«Chashma turgan hudud narigi qishloq — Oqchuva hududi hisoblanadi. Bu masalani har ikki mahalla oqsoqollari ishtirokida tuman hokimligida ham o‘rganib chiqqan edik. Axiyri, bu yerdagi oqsoqol otaxonlar ham oqchuvaliklarning talabi to‘g‘ri ekanligiga ko‘nishgan edi», deydi u.

Shundan so‘ng tuman mutasaddilari masalaga boshqacha yechim taklif qilishdi. Sharoitsiz joyda istiqomat qilayotganlarga pastdan uy-joy qurish uchun yopiq auksion orqali yer ajratib berilishi taklif qilindi.

Bu taklifni fuqarolar ma'qullashdi. Hattoki «iloji bo‘lsa mana shu hududdan bo‘lsin», deb o‘zlariga ma'qul joyni ko‘rsatishdi. Chunki hamqishloqlaridan ayrimlari ayni paytda bu yerda uy ham ko‘tarishgan ekan.

Ikkinchi masala «Ko‘kdala» hududidagi Sho‘rbozor qishlog‘idan kelib tushdi. Sho‘rbozorliklar qishloq ichki yo‘li asfaltlanishini, ichimlik suvi va tabiiy gaz muammosi bartaraf bo‘lishini, qishloqda mahalla fuqarolari yig‘ini, qishloq vrachlik punkti va xususiy tadbirkor tomonidan barpo etilayotgan bolalar bog‘chasi tezroq bitkazilishini so‘rashgan.

Hokimlik tomonidan ishlar boshlansa, sho‘rbozorliklar qarab o‘tirmasdan albatta o‘z hissalarini qo‘shishlarini aytib o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda, sho‘rbozorliklar qishloq obod bo‘lib, islohotlardan chet qolmasligini xohlashadi.

Tuman hokimi o‘rinbosari aholi vakillarining talab va takliflarini tingladi. Yig‘ilganlar qishloqda mavjud muammo va yetishmovchiliklarni so‘zlab berishdi.

Tuman hokimi o‘rinbosari O‘.Abduhakimov qishloq kelgusi yil «Obod qishloq» dasturiga tushirilishi va ko‘plab muammolar hal etilishini aytib o‘tdi. Aholi tomonidan so‘zlab berilgan muammolar hal qilinishi uchun mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Jumladan, «Obod qishloq» dasturi asosida mahalla binosi qurib berilishi, yo‘lning maktabgacha bo‘lgan qismi asfaltlanishi, ichimlik suv ta'minoti masalasida maktab hududida mavjud suv minorasini ishlatib ko‘rish masalasi o‘rganib chiqilishi va'da qilindi.

Sho‘rbozor qishlog‘iga yaqin hududda yangi oilaviy poliklinika va bolalar sport maktabi barpo etilayotgani sanab o‘tildi.

100 o‘rinli xususiy bog‘cha masalasida tadbirkor Ikrom Qudratovga bu borada boshlab qo‘ygan ishlari tezlashtirilishiga yordam ko‘rsatilishi ham aytib o‘tildi.

Sho‘rbozorliklar bajarilmaydigan bunday va'dalarni ko‘raverib, mutasaddi tashkilotlardan xatlar olaverganidan, bu gaplarga ishonqiramay turishdi. Lekin muxbirlar oldida berilgan va'dalar, tuzilgan rejalar albatta amalga oshishiga ishonamiz. Hali biz mavzuga albatta yana qaytamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Faxriddin HOTAMOV (tasvirchi).
Kun.uz muxbirlari.

Ko‘proq yangiliklar: