Respublika ichidagi to‘lovlar arxitekturasiga elektron pullar joriy etilmoqda.
Norma’ning yozishicha, bu elektron pullar emitentining elektron tizimda elektron shaklda saqlanadigan va to‘lov vositasi sifatida qabul qilinadigan so‘zsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlaridir.
Elektron pullar faqat milliy valuta - so‘mda nominallashtirilgan bo‘lishi kerak. Markaziy bank va banklar (emitentlar) ularni ularning nominal qiymatiga teng bo‘lgan pul mablag‘lari summasiga almashtirishga chiqaradi. Jismoniy va yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va elektron pullar tizimi agentlari elektron pullarning egalari bo‘lishi mumkin. Jismoniy shaxslar elektron pullarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emitentdan yoki elektron pullar tizimining operatori yoxud agenti orqali oladilar.
Tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan va elektron pullar tizimining ishlashini ta'minlaydigan bank yoki boshqa tashkilot elektron pullar tizimining operatori bo‘lishi mumkin. Operator elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq tizimning faoliyat ko‘rsatish qoidalarini belgilaydi. Emitent va operator elektron pullarga ruxsatsiz ega bo‘lish va (yoki) ulardan ruxsatsiz foydalanganlik, shuningdek emitentning dasturiy ta'minoti ishidagi yoxud tizimning faoliyat ko‘rsatishidagi xatolar yoki uzilishlar oqibatida elektron pullar egasiga yetkazilgan zarar uchun uning egasi oldida javobgar bo‘ladi.
Emitent elektron pullar egasidan elektron pullarni chiqarganlik va ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlar uchun ular o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida vositachilik haqi undirishga haqli. Shartnoma tuzilguniga qadar elektron pullarning potensial egasiga ulardan foydalanish shartlari, vositachilik haqi miqdori va uni undirish tartibi, emitent va operator ma'lumotlari (nomi, joylashgan yeri, operator bank hisoblanmagan hollarda - litsenziya raqami) va e'tirozlarni berish usullari to‘g‘risida axborot taqdim etishlari shart.
O‘zbekistonda realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lashda faqat shu yerda chiqarilgan elektron pullar qabul qilinishi mumkin. Tizim emitenti va (yoki) operatori elektron pullar egasini: shaxsan hozirligida va o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda yoxud masofaviy identifikatsiya qilish tizimlaridan foydalangan holda identifikatsiya qilishni amalga oshiradi. Identifikatsiya qilinmagan jismoniy shaxslar bitta elektron qurilmada eng ko‘pi bilan 5 BHMni (e'lon qilish sanasida – 1 115,0 ming so‘m) saqlashlari va 1 BHM (223,0 ming so‘m) summasi miqdorida operatsiyani amalga oshirishlari mumkin. Identifikatsiya qilingan jismoniy shaxslarga elektron pullar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarga 100 BHM (22 300,0 ming so‘m) miqdorida limit belgilangan.
Elektron pullarning egasi ularni emitentga nominal qiymati bo‘yicha qaytarishda ilgari chiqarilgan pullarni qayta almashtirish qoplash deyiladi. Bunda qoplanayotgan elektron pullarga teng “oddiy” pullarning summasi (agar shartnomada emitent yoki operatorning vositachilik haqi nazarda tutilmagan bo‘lsa):
• agar shartnomada boshqa muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa, elektron pullar kelib tushgan kun davomida yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
• jismoniy shaxs bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi yoki unga naqd pul beriladi.
Yangi qonun kripto-aktivlarga doir operatsiyalarga (qiymati va egasiga ega blokcheyndagi yozuvlar jami) nisbatan tatbiq etilmaydi. Mazkur masala bo‘yicha alohida normativ baza shakllantirilmoqda, hozircha u Prezidentning ikkita qarorini (3.07.2018 yildagi PQ-3832-son; 2.09.2018 yildagi PQ-3926-son qarorlarga qarang) va Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomni o‘z ichiga olgan.
Yana bir nozik jihati. Hujjatda to‘lov xizmatlari yetkazib beruvchilari – MB, banklar, to‘lov tashkilotlari, agentlari va subagentlariga nisbatan sanksiyalar belgilangan:
• to‘lovlarni amalga oshirish muddatlari buzilgan taqdirda, u muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun muddati o‘tgan to‘lov summasining 0,1%i miqdorida, biroq muddati o‘tgan to‘lov summasining 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi shart.
• to‘lov noto‘g‘ri amalga oshirilgan taqdirda, u xato aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay pul mablag‘larini oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazishi shart, aks holda, to‘lovchi mablag‘larni qaytarishni, shuningdek muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun noto‘g‘ri amalga oshirilgan to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, biroq to‘lov summasining 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashni talab qilish huquqiga ega.
Tegishli normalar tijorat banklarining mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarida amal qilmoqda.