Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi «yangi Yevropa ittifoqi» bo‘la oladimi?

Iqtisodiyot 12:25 / 04.11.2019 41662

Serbiya Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan erkin savdo shartnomasini imzolashidan bir necha kun oldin Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Belgradda bu xabarni ommaga oshkor qilgan edi. Tasodifni qarangki, bir necha hafta avval o‘xshash vaziyat yuz berdi – Rossiya Federal Kengashi raisasi Valentina Matviyenko Toshkentga qilgan tashrifi davomida O‘zbekiston YeOIIga kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida aytib yubordi.

Munozaralarga sabab bo‘lgan bu xabar ko‘pchilikni o‘yga cho‘mdirdi: O‘zbekiston YeOIIga a'zo bo‘lishi kerakmi yoki yo‘q, buning foyda va zararlari nimalardan iborat? Ko‘p mutaxassislar masalaga O‘zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy holati va uning savdo munosabatlari nuqtai nazardan yondashib, YeOIIga a'zolik hozircha maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga keldi. Lekin, negadir, YeOIIning ichki iqtisodiy dinamikasi qanday, iqtisodiy institut sifatida kelajagi bormi, bu tashkilotni tuzishdan asl maqsad nima edi degan savollar ochiq qoldi. Keling, bu savollar ustidan biroz fikr yuritib ko‘raylik. 

YeOIIdan ko‘zlangan maqsad

Bir qarashda YeOII oldiga qo‘ygan maqsadi jihatidan boshqa iqtisodiy ittifoqlardan ko‘p farq qilmaydi: bojxona tariflarini qisqartirish, erkin savdoni joriy qilish, mahsulot, xizmatlar va ishchi kuchi uchun yagona bozor tashkil qilish orqali iqtisodiy integratsiyasini mustahkamlash – tashkilotning e'lon qilingan maqsadlari. Ammo, afsuski, bu iqtisodiy maqsadlar uning asl mohiyatini to‘liq ma'noda ochib bera olmaydi. Buni ittifoqning ichki savdo dinamikasida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.     

Oddiy misol – YeOII bilan yaqinda erkin savdo shartnomasini imzolagan Serbiya. Bu davlatning Rossiya bilan savdo hajmi bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil qiladi. Rossiya esa YeOII ichidagi eng katta bozor.

YeOIIning asosiy ta'sischilari bo‘lgan Rossiya va Qozog‘istonning YeOII ichidagi savdosi bundan-da qiziq. Chatham House ma'lumotiga ko‘ra, Rossiya savdo aloqalarining asosiy qismi YeOIIdan tashqaridagi davlatlar bilan bog‘liq bo‘lib, uning YeOII bilan savdosi 5 foizni tashkil qiladi, xolos. Qozog‘istonning 2015 yili Yevropa davlatlari va Xitoyga mahsulot eksporti hajmi mos ravishda 53 foiz va 12 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bu raqam Rossiya bilan faqatgina 10 foizni, YeOIIga a'zo bo‘lgan boshqa davlatlar – Qirg‘iziston, Armaniston va Belarusning o‘zaro savdo aloqalari atigi 2 foizni tashkil qiladi. Lekin ularning Rossiya bilan yakka holdagi savdo hajmi 98 foizdan oshiq. Aslida yakka davlatning dominantligi, qolgan a'zolarning iqtisodiy notengligiga asoslangan bunday hamkorlikni «ittifoq» deyish qiyin. Xo‘sh, unda nega bu davlatlar o‘z iqtisodiyotlari uchun muhim bo‘lgan davlatlar bilangina ikki taraflama savdo shartnomasi tuzib qo‘ya qolmasdan, kuchli iqtisodiy dinamikaga ega bo‘lmagan, buning ustiga mas'uliyat yuklaydigan tashkilotga a'zo bo‘lishgan?

Bu davlatlarning siyosiy holatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, savolga javob topgandek bo‘lamiz – bu ittifoqning vujudga kelishida ko‘proq siyosiy omillar, a'zo davlatning tashqi savdo, ishchi kuchi va bojxonaga taalluqli iqtisodiy masalalaridan ko‘ra ko‘proq elitalarning tor manfaatlari ko‘zlangan.  

Shu sababdan ham chet el matbuotida YeOII haqida so‘z borar ekan, unga ma'lum iqtisodiy maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan tashkilot deb qarash o‘rniga uning Rossiya ichki yoki tashqi siyosatida qanday rol o‘ynashi haqida gapiriladi.

E'tibor berilsa, ittifoqning boshlang‘ich poydevori aslida 2000-yillarda, Vladimir Putin hokimiyatga kelishi bilan qo‘yilgan, ammo u paytda g‘oya qog‘ozda qolgan. Ittifoq ichida yagona chegarani (customs union) shakllantirish masalasi oradan yillar o‘tib, faqatgina 2010 yildan boshlab, Rossiya iqtisodi uchun muhim bo‘lgan neft narxi keskin pasayishidan keyin qayta ko‘tarildi.

Rossiya tashqi savdosida ittifoqning roli unchalik katta bo‘lmasa-da, mana ikki-uch yildan beri Rossiya hukumati tashkilotga yangi a'zolar olib kirish harakatida. Buning ortida 2014 yildan e'tiboran G‘arb davlatlari tomonidan qo‘yilgan sanksiyalar ta'sirini kamaytirish va siyosiy barqarorlikni ushlab qolish maqsadi yotadi.

Ittifoq uchun muhim bo‘lgan yana bir davlat – Qozog‘istonning ham YeOII doirasida ko‘zlagan va mazmunan iqtisodiy bo‘lmagan manfaatlari borligini tan olish kerak. Qozog‘iston uchun YeOIIga a'zolik savdo aloqalarini mustahkamlash bilan birga Rossiya bilan bo‘ladigan turli munosabatlarni yakkalangan holda emas, balki ko‘pchilik bilan kechadigan murosa orqali hal qilish imkoniyatini beradi.

YeOIIning tashkilot sifatidagi muammolari

Tashkiliy tuzilmasi yagona prinsipda barpo qilinmagan ittifoq ichida qanday muammolar vujudga keladi?

Birinchidan, YeOIIni tom ma'noda iqtisodiy hamkorlik sifatida shakllanishdan to‘sib turgan muammo – a'zo davlatlar unga haqiqiy iqtisodiy tashkilot sifatida qaramayotganidir. Afsuski, tashkil topishidan boshlab bugungi kungacha a'zo davlatlar o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishlari va uni faqat zarur bo‘lib qolgandagina jonlantirishga urinishlari sabab ittifoqning yagona bozor barpo qilish va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash kabi asl maqsadlari orqa fonda qolib ketyapti.

Qisqa qilib aytganda, a'zo davlatlar ittifoqning rivoji uchun hali-hanuz o‘zlarini tom ma'noda bag‘ishlay olganlari yo‘q, deb bemalol aytish mumkin. Buni tashkilotning asosiy asoschisi bo‘lmish Rossiyaning yillar davomida tashkilotga beparvoligida ko‘rish mumkin. Geosiyosiy muammolar girdobida qolayotgan Rossiyaning qay darajada YeOIIni rivojlantira olishi so‘roq ostida turibdi.

Ikkinchidan, YeOII kuchli hamkorlik nuqtasi bo‘lib shakllanishiga to‘siq bo‘lgan ikkinchi muammo – bu uning institut sifatida zaifligi.

YeOII savdo munosabatlarini erkinlashtirish, a'zo davlatlar orasida umumiy siyosatni shakllantirish, tartibga solish va iqtisodiy institutlarni uyg‘unlashtirish uchun bu masalalarni hal qilish kuchiga ega bo‘lgan davlatlararo boshqaruv institutini yuzaga keltirishi lozim. U esa yo‘q. Bu vazifalar Yevrosiyo Iqtisodiy komissiyasiga yuklatilgan bo‘lsa-da, de-fakto u kuchga emas, zero a'zo davlatlarning hech biri siyosiy erkining bir qismini unga berishga rozi emas. Ittifoq ishlari demokratik institutlarga emas, balki yakkahokimlik uslubida ish tutadigan shaxslarga bog‘lanib qolgan.

Shuning uchun ham, ittifoq ichida kattaroq muammo sodir bo‘lsa (avvaliga savdo masalasi bilan boshlangan Qozog‘iston-Qirg‘iziston mojarosi keyinchalik siyosiylashib ketgani bunga misol bo‘la oladi), ittifoq sudiga emas, balki katta siyosatdonlarga murojaat qilishadi...

Ma'lum shaxslarning kuchiga bog‘langan ittifoqning taqdiri siyosiy o‘tish davriga tayyorlanayotgan Rossiyada vaziyat o‘zgarib qolsa nima bo‘ladi, degan savol ko‘ndalang bo‘lmoqda.

Uchinchidan, yuqoridagi institutsional kamchiliklardan tashqari ittifoqning iqtisodiy muammolari ham talaygina. Shulardan biri – ittifoqning dunyoning boshqa davlatlari bilan savdo aloqalarida tarif va notarif to‘siqlarni qo‘yish orqali proteksional siyosat yuritib kelishidir.

YeOII ichki bozorlarni ochish, ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, mahsulot va xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali ichki iqtisodiyotlarni zamonaviylashtirishi ko‘zlangan bo‘lsa-da, bu harakatlar davlatlar ichidagi ma'lum monopol bizneslar manfaatlari (rent-seeking) yo‘lidagi urinishlari evaziga chippakka chiqmoqda.

Shuningdek, a'zo davlatlar ittifoq doirasida kechayotgan savdolari bilan o‘zlarini ovutib, tashqi dunyodan, innovativ g‘oyalardan ajralib qolayotganlarini bilishmayapti. Eng achinarlisi, barqaror iqtisodiy rivojlanish turli ittifoqlarga a'zolik bilan emas, balki avvalo mulk huquqini mustahkamlash va turli byurokratik to‘siqlardan voz kechish kabi strukturaviy muammolarni hal qilish bilan bo‘lishi tushunib yetilmayapti.

Yuqoridagi tahlilga tayangan holda xulosa qilsak, aytish mumkinki, YeOII to‘liq ma'noda o‘z a'zolarining iqtisodiy manfaatlarini ko‘zlaydigan tashkilot sifatida shakllana olgani yo‘q. Ichki qarama-qarshiliklar, institutsional zaiflik, siyosat dominantasi, proteksional ruh YeOIIni tom ma'noda iqtisodiy rivojlanish olib kela oladigan ittifoq sifatida shakllanishiga yo‘l bermayapti.

A'zo davlatlar ittifoqni ichidan zaiflashtirayotgan ziddiyatlarga barham berishlari va umumiy maqsad yo‘lida birlashishlari lozim.

Umid qilamizki, YeOII haqida berilayotgan bu kabi tahlillar mamlakatimizning bu ittifoqqa a'zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik, yoki qay shartlarda a'zo bo‘lish bo‘yicha to‘g‘ri qarorga kelishi uchun xizmat qiladi.

Bekzod Zakirov

Tokio universiteti talabasi

Ko‘proq yangiliklar: