«Tarix fani aksariyat mamlakatlarda siyosatga xizmat qiladi» - Tarixchi bilan suhbat

Jamiyat 20:22 / 02.11.2019 10928

Sohada bajarilayotgan ilmiy loyihalar sifati tushib bormoqda

Bugungi kunda ilmiy sohaga qaratilayotgan e'tibor, ilmiy-tadqiqotlar sifatini qanday baholaysiz?

– 2003 yildan beri Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ishlayman. Keyingi 2-3 yilda ilm-fan sohasida katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Buni ilmiy xodimlar ish haqining oshirilishi, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlovchi «El-yurt umidi» jamg‘armasining tashkil etilishi, olimlarning xorij safariga borish tizimi nisbatan yengillashgani misolida ham ko‘rish mumkin. Shunga qaramay, hali ham sohada hal etilishi kerak bo‘lgan ayrim muammolar bor.

Ilmiy tadqiqotlarning sifatiga kelsak, tarix yo‘nalishida olib borilayotgan izlanishlar, qilinayotgan ilmiy loyihalar, ayniqsa, dissertatsiyalar sifati tushib bormoqda. Maqolalarni aytmasak ham bo‘ladi.

Albatta, yaxshi tadqiqotlar ham bor, ularni e'tirof etishimiz kerak. Lekin yo‘nalish bo‘yicha bajarilgan ishlarni umumiylashtirganda ahvol yaxshi emasligini tan olishimiz kerak. Katta niyatlar bilan ilmiy izlanishlar sifatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan qaror va yo‘riqnomalar, talablar yana o‘sha eski qolipga moslashtirib olinmoqda.

Haligacha eskicha fikrlash va siyqasi chiqqan mavzularni «mustaqil O‘zbekiston tarixi» tamoyiliga solib o‘rganish hukmronlik qilmoqda. Aslida asosiy muammo – shu. Aksariyat olimlarimiz nazarida O‘zbekistonda alohida tarix fani bordek.

Ular o‘zlarining qobig‘iga o‘ralib, fanning bugungi ilmiy muammolarini, ilmiy tadqiqot metodlarini tan olishni istamagan holda ishlamoqda. Lekin yurtimizda tarix yo‘nalishidagi tadqiqotlarni dunyoda olib borilayotgan izlanishlardan ajratib olib, O‘zbekiston uchun maxsus amalga oshirish orqali rivojlantirib bo‘lmaydi.

Tasavvur qiling, bir olim o‘zining bir nechta shogirdiga bir muammoni turli hududlar yoki davrlar misolida bo‘lib beradi. Masalan, Xiva xonligida yer egaligi, Buxoro amirligida yer egaligi, Qo‘qon xonligida yer egaligi kabi. Aslida, bu muammo bitta shogirdining dissertatsiyasida asosiy o‘rinda va qiyosiy tahlil kontekstida chuqur o‘rganilish kerak. Chunki mavzu har bir xonlik yoki vohalar miqyosida o‘rganishni taqozo etmaydi.

Yana bir misol, bugun O‘zbekistonda islomshunoslik deganda ko‘pchilik fiqh, kalom, hadis, tafsirga bag‘ishlangan asarlarni o‘rganishni tushunadi. Aniq ilmiy muammo va yechimga qaratilgan bunday tadqiqotlarni men ham qo‘llab-quvvatlayman.

Lekin faqat shu to‘rt yo‘nalish bilan O‘zbekistonda islomshunoslikni rivojlantirib bo‘lmaydi. Islomshunoslik bugun kunda islom arxeologiyasi, islom madaniyati va san'ati kabi ko‘ptarmoqli yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi. Tariximizda islomning o‘rnini yoritmoqchi ekanmiz, yurtimizda bu kabi yo‘nalishlarda ham mutaxassislar yetishtirishimiz, tadqiqotlarni ko‘paytirishimiz kerak.

Tarix sohasi haqida so‘z ketganda O‘zbekiston tarixchilar jamiyati ham borligini unutmaslik kerak. Ushbu jamiyat faoliyati haqida jamiyatning mas'ullaridan eshitgan ma'qul deb o‘ylayman.

Ma'ruzachilar tanlov asosida OTMga ishga jalb qilinishi kerak

– Ilmiy yutuqlarning ma'lum qismi darsliklarga ham kiritiladi. Shu ma'noda OTMlarda darslik va o‘quv qo‘llanmalar muammosiga to‘xtalib o‘tsangiz?

– Ilmiy yangiliklarning darslik va o‘quv qo‘llanmalariga kiritilishi – eng og‘riqli nuqtamiz. Chunki oliy ta'lim tizimidagi o‘qituvchilarning o‘quv jarayonidagi qog‘ozbozlik va majlislardan vaqt orttirib risoladagidek darslik va qo‘llanma yaratishga umuman vaqti yo‘q.

Bugungi OTM o‘qituvchilarida o‘quv uslubiy majmua (UMM), hisobotlar va hokazolardan ortib ilmiy tadqiqot olib borish tugul, ertangi darsga jiddiyroq tayyorlanish uchun ham vaqt yo‘q. UMMga kelsak, bu topshiruvchi ham tekshiruvchi ham o‘qimaydigan matn. Achinarlisi, UMMlarni o‘qituvchilarning topshirig‘i bilan talabalarning o‘zi tayyorlayotganini guvohi bo‘lganman. Oliy ta'lim vazirligi va OTMlar bu UMMning keraksiz ekanligini bilib turib ham talab qilaveradi.

Darslik va qo‘llanmalarga qaytsak, bunday nashrlarni tegishli vazirliklar tanlov o‘tkazgan holda sohadagi olimlar va tajribali pedagoglar hamkorligida, buyurtma asosida tayyorlanishi kerak. Ayrim tor sohadagi fanlarni o‘qitishda ham OTMlar avval o‘qituvchilarni ishga qabul qilib, so‘ngra ularga fanlarni bo‘lib berish ham to‘g‘ri emas.

Aksincha, OTM ta'lim dasturiga kiritilgan fanlarni e'lon qilishi, da'vogar ma'ruzachilar esa o‘zi o‘tadigan mavzular, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, dars o‘tish metodlari aks etgan maxsus dasturini taqdim etishi, so‘ngra ular tanlov asosida ishga jalb qilinishi maqsadga muvofiq.

Yana bir muhim masala sohaga oid mashhur tadqiqotlar hamda kuchli metodologik asosga ega bo‘lgan yangi kitoblarning o‘zbek tilidagi nashrlarini ko‘paytirish suv va havodek zarur. OTMlar o‘z qo‘l ostidagi kutubxonalarni hadyalar evaziga emas, bevosita mutaxassislikka oid kitob va ilmiy jurnallarni doimiy sotib olish evaziga boyitishi, muqobil variant sifatida elektron kitoblar bazasini tashkil etishi lozim.

Magistrantlarga qo‘yilgan ilmiy maqola yozish talabi ularni «kuchli mutaxassis» qilib qo‘ymaydi

– Talabalariga qo‘yiladigan ilmiy nashr talablarini qanday baholaysiz? Bu yosh tadqiqotchilarni tayyorlashga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

– Magistrantlar uchun ikki yillik o‘qish davomida maqola chop etish talabi –eng katta xatolarimizdan biri. Chunki ilmiy maqola yozish qoidalaridan bexabar talaba qo‘liga tushgan kitob yoki internetdagi materiallarni ko‘chirib maqola deb e'lon qiladi. Eng yomoni talaba shu jarayonni ilm deb qabul qiladi, shunga moslashadi va oliy ta'limdan keyin ta'limda ham xuddi shu yo‘ldan ketadi.

Shuning uchun ham magistrantlarni go‘yoki «kuchli mutaxassis» qilib tayyorlashga qaratilgan bu tizimdan zudlik bilan voz kechish zarur. Kimdir aytishi mumkin, yosh tadqiqotchilar shu tarzda ilmga kirib keladi, pishib-yetiladi, deb. Ularga javobim, birinchidan, ilmiy maqola yozish uchun magistrantlarning zarur ko‘nikma va tajribasi yo‘q. Ular buning uchun avval ta'lim dasturidagi fanlarni, amaliyot mashg‘ulotlarini puxta o‘zlashtirishi kerak.

Ikkinchidan, 99,9 foiz talaba bu talabni o‘zi yurakdan xohlab bajarmaydi. Ana shunda maqola chop qilishdagi turli qing‘irliklar, ya'ni ko‘chirish, yengil-yelpi ishlash, birovga yozdirish kabilar yuzaga keladi. Chunki ular bir tomondan bu bosqichga tayyor emas. Boshqa tomondan kontrakt to‘lash uchun ishlash, darslarga qatnashdan ortib ilmiy maqola yozishga vaqtlari yetmaydi.

Uchinchidan, talaba uchun dars mashg‘ulotlarida referatlar, kurs ishlari va magistr ilmiy darajasini olish uchun yoziladigan dissertatsiya bor. Marhamat, talaba ilmiy rahbar nazoratida bemalol ilmini ham qalamini ham charxlayversin.

Agar magistrantlarning maqola yozishi to‘g‘ri bo‘lganda biz orzu qilayotgan rivojlangan davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida bu amaliyot joriy qilingan bo‘lmasmidi? U yerda tizim ham, yosh tadqiqotchilarning o‘zi ham bunday maqola yozishga tayyor emasligini, buning uchun, avvalo, zaruriy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lish kerakligini allaqachon tushunib yetishgan. Faqat biz buning noto‘g‘ri ekanini tushunishni, tan olishni istamayapmiz.

Natijada aksariyat talabalar mas'uliyatsizlik, ko‘chirmachilik va ilmiy tadqiqotni kimgadir yozdirish kabi illatlarini yuqtirgan holda ilmiy muhitga kirib kelmoqda.

O‘zbekistonda konferensiya o‘tkazish kasali avj olgan

Konferensiyabozlik — ilmiy sohadagi illatmi? Hisobot uchun o‘tkaziladigan ana shunday anjumanlar ham bo‘lishi kerakmi?

Judayam muhim savolni o‘rtaga tashladingiz. Albatta, bunday tadbirlar bo‘lishi kerak. Biroq ilmiy anjumanlarni kongress, konferensiya, seminar, o‘qish yoki vorkshop deymiz, bularning barchasini o‘tkazish talablari, ulardan kutilgan maqsad va vazifa bo‘ladi.

Nazarimda, bizda bu talablarga amal qilinmaydi. Masalan, bugungi kunda yurtimizda konferensiya o‘tkazish kasali avj olgan. 15-20 yildan beri bitta mavzuda konferensiya o‘tkazilaveradi, o‘tkazilaveradi. Ishtirokchilar ham, muammo ham deyarli o‘zgarmaydi. Konferensiyaning o‘zi ham, shoshilinch e'lon qilingan uning to‘plamidagi maqolalar ham hisobot uchun bo‘lib qolmoqda.

Aslida, konferensiya yoki seminar konkret mavzuda ishlayotgan mutaxassislar tomonidan mavjud muammolarni atroflicha ko‘rib chiqish maqsadida tashkil etilishi, ma'ruzachiga yetarli vaqt (o‘rtacha 30 daqiqa) berilishi va tadqiqoti haqida hamkasblarining fikrini bemalol eshitishi, tinglovchilar ham uning fikrlaridan o‘ziga yangilik olishi kerak.

Konferensiya materiallari esa xalqaro talablar asosida (20-30 betlik maqolalar) mualliflarning va mas'ul muharrirning jiddiy tahriridan so‘ng nashr etilishi lozim. Mayli, o‘tkaziladigan konferensiyalar kamroq bo‘lsin. Lekin har bir konferensiyaning natijasi, foydasi bo‘lishi kerak.

Albatta, ayrim ana shunday tadbirlar ma'lum darajada to‘g‘ri yo‘lga yo‘lga tushib bormoqda. Masalan, respublika miqyosida o‘tkaziladigan akademik Yahyo G‘ulomov nomidagi «O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi» Respublika ilmiy seminari, Tarixshunoslik o‘qishlari yoki yosh tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan «Akademik U.Karimov nomidagi yosh sharqshunoslar» konferensiyasini bunga misol qilish mumkin. Lekin ularning faoliyatini ham yanada yaxshilash, ilmiylashtirish choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq.

Yirik masshtabdagi va sifatli ilmiy anjumanlar katta mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun kichik formatdagi va aniq muammoga bag‘ishlangan xalqaro seminar va vorkshoplarni ko‘paytirish kerak. Taniqli xorijlik olimlar tez-tez ishtirok etadigan bunday anjumanlar va ularning nashrlari yurtimizda sof ilmiy muhitni shakllantirishda, mahalliy tarixchilar hamda yosh tadqiqotchilar uchun har tomonlama foydali bo‘ladi.

Kongressga kelsak, men o‘z faoliyatim davomida O‘zbekistonda tarix sohasida o‘tkazilgan kongressni eshitmaganman. Lekin tariximizning yechimi topmayotgan dolzarb masalalariga bag‘ishlangan kongress o‘tkazilsa, u qabul qilgan yechimlar darsliklar va tadqiqotlarga joriy etilsa, yomon bo‘lmasdi.

Albatta, o‘tkaziladigan kongress shunchaki «tadbir» emas, balki tajribali olimlarimiz tomonidan oldindan rejalashtirilgan, aniq maqsad va vazifalarni belgilab olgan bo‘lishi kerak.

Yirik monografiyalarga xolis yozilgan taqrizlar e'lon qilinmasligi tadqiqotchi izlanishlarini o‘z bilgancha nashr qilishiga olib kelmoqda

– Ilmiy saviyaning tushishiga ta'sir etuvchi omillar sifatida nimalarni ayta olasiz?

– Bilasizmi, bu haqda ko‘plab olimlarimiz to‘xtalgan. Mening javobim ham ularning fikrini takrorlashi tabiiy. Aniqroq aytganda, bugungi kunda yurtimizda ilm-fan rivojiga to‘siq bo‘lib turgan omillardan biri majlisbozlik va qog‘ozbozlik ekanligi ma'lum.

Tinimsiz o‘tkaziladigan majlislar va takroriy hisobotlar ilm ahlining tinkasini quritgan. Ilmiy muassasalar va olimlar zimmasiga yuklangan sun'iy majburiyatlar hali ham ko‘p. Bu illatni yo‘qotish uchun, avvalo, tezroq o‘z ishini vijdonan bajaradigan olimlar avlodini shakllantirishimiz kerak.

Yana bir muammo sof ilmiy muhitning yo‘qligi. Buning natijasida dissertatsiya muhokamalari, maqolalarni taqrizdan o‘tkazishdagi o‘zbekona «yuz-xotirchilik» yoki olimlarimizning shaxsiy adovatlari ko‘zga tashlanib qolmoqda. Opponentlarni dissertant yoki ilmiy rahbarning tanishlari orasidan, hatto mutaxassis bo‘lmagan shaxslarni tayinlash amaliyoti bajarilgan dissertatsiya yuzasidan xolis fikr bildirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shuningdek, yirik monografiyalarga ham xolis yoziladigan taqrizlar e'lon qilinmaydi. Bu esa tadqiqotchilarga izlanishlarini o‘z bilgancha nashr qilishiga olib kelmoqda.

ITM va OTMlarga qarashli ilmiy jurnallarning bugungi faoliyati, ishlash uslubi ham maqolalar sifatiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda. Bunday jurnal va ularda chop etiladigan maqolalar sifatini oshirmoqchi ekanmiz ularning faoliyatini tubdan isloh qilishimiz lozim. Avvalo, sovet davridan qolgan ITM va OTM rahbari mazkur muassasa nashr qiladigan ilmiy jurnalning doimiy «mas'ul muharriri» va «egasi» degan qoidani o‘zgartirishimiz shart.

Albatta, bu bilan ilmiy jurnallar sifatining tushishiga faqat mas'ul muharrir aybdor demoqchi emasman. Bu yerda «tahrir hay'ati» va muallif omilini ham unutmaslik kerak. Ayniqsa, aksariyat ilmiy jurnallar va ilmiy to‘plamlarning muallif mablag‘i evaziga chop etilishi sabab jiddiy tahrirdan o‘tkazilmaydi.

Bu bir tarafdan nashrlarni mualliflarga qaram qilib qo‘yadi. Boshqa tarafdan to‘lovning ortib ketishi 20-30 betlik haqiqiy hajmdagi ilmiy maqola chop qilish imkonini bermaydi yoki 4-5 betlik ko‘pgina maqoladan ko‘proq to‘lov bo‘ladi.

Ko‘pchilik hamkasblarim jurnallarni mualliflarning moliyaviy qaramligidan ozod qilish uning sifatini oshiradi deb hisoblaydi. Fikrimcha, moliyaviy mustaqillikning o‘zi jurnallar sifatini yaxshilamaydi. Chunki bepul maqola nashr qiladigan va OAK ro‘yxatiga kiritilgan, lekin ilmiy jihatdan sifati past bir nechta jurnalni ko‘rsatish mumkin. Sifatni yaxshilash uchun, avvalo, olimlarimiz, tadqiqotchilarimizning o‘zi vijdonan va mas'uliyatni his qilgan holda ishlay boshlashi kerak.

Endi yuqorida ITM va OTM rahbarlari jurnallarning «doimiy mas'ul muharriri» bo‘lmasligi kerak, degan fikrga kelsam. Avvalo, bu yerda ularning rahbarlik va ilmiy salohiyati nazarda tutilmaganini tushunishlarini istardim. Nazarimda, ular noshir sifatida o‘z jurnallarining har bir sonini o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy muammoga bag‘ishlab, sohadagi mutaxassis-mualliflar maqolasini buyurtma asosida yig‘ib yashirin taqrizdan o‘tkaza oladigan «mas'ul muharrir»larga topshirishi kerak (aslida bu ayrim taniqli ilmiy jurnallar uchun yangilik emas).

Tarix sohasidagi ilmiy izlanishlarning 2030 yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinganidek jurnallarning aytaylik 2021-2025 yillardagi sonlarini «tender»ga qo‘yish mumkin. Albatta, ilmiy muharrir/muharrirlarning bunday faoliyati xorijdagidek ularning keyingi ilmiy karerasi uchun ijobiy yutuq sifatida baholanishi kerak.

Tarix yo‘nalishidagi tadqiqotlarning ilmiy rahbarga qarab bir xillashib borishi ham sohaga oid tadqiqotlarni takrorlanish va zerikarlilikni keltirib chiqarmoqda. Masalan, XIX-XX asr boshlarini o‘rganish, bir qo‘lyozma-manbani tanlab olish kabi.

Nazarimda, O‘zbekistonda ham keng ko‘lamli tadqiqotlar (dissertatsiya, amaliy va fundamental loyihalar) saviyasini oshirish uchun ehtiyoj sezilayotgan yo‘nalishlar va ilmiy muammolarni ITM yoki homiylar (vazirliklar, fondlar) tomonidan taklif etish amaliyotini joriy qilish kerak.

Jumladan, bugun yurtimizda mavjud bo‘lmagan qadimiy yozuvlar (baqtriy, xorazmiy, so‘g‘diy kabi tillar), islom arxeologiyasi kabi tor sohalarda ishlash uchun yoshlarni xorijga PhD qilish uchun yuborish yoki mamlakatimizning o‘zida qo‘shimcha PhD o‘rinlari taklif etish lozim.

Har qanday o‘tmishni turli maqsadda namoyish qilish va bu orqali jamiyatga ta'sir o‘tkazish mumkin

– Har bir davr siyosati tarixiy voqelikdan o‘z talqiniga ko‘ra foydalanishini qanday baholaysiz? Tarixga xolis yondashuv qanday bo‘ladi?

– Tarix bu – o‘tmish, lekin kelajakka ta'sir o‘tkaza oladigan judayam kuchli mafkuraviy qurol. Har qanday o‘tmishni turli maqsadda namoyish qilish va bu orqali jamiyat ta'sirini o‘tkazish mumkin. Aksariyat mamlakatlarda, ayniqsa, possovet respublikalarda tarix amaldagi hokimiyat yuritayotgan davlat siyosatiga xizmat qiladi.

Masalan, O‘zbekiston tarixchilar jamiyati nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lgani bilan milliy g‘oya va mafkurani targ‘ib qiladi. Shuning uchun ham tarixga xolis yondashish bu, avvalo, tarixchining vijdoniga havola. Ba'zan bilib, ba'zan bilmasdan tarixiy voqelini noto‘g‘ri talqin qilinishi ham mumkin. Shuning uchun ham o‘zi ustida ishlovchi, ham vijdonli tarixchi yoshlarni tarbiyalashi maqsadga muvofiq.

Suhbatdosh: Yigitali Mahmudov

Ko‘proq yangiliklar: