«22 yildan beri Afrikadaman» - «Suyunchi»dagi Nazira bilan suhbat

Jamiyat 14:18 / 02.11.2019 220543

O‘lmas filmlar rejissyori Melis Abzalov tomonidan 1982 yilda suratga olingan “Suyunchi” kartinasi o‘zbek kinosining oltin fondidan munosib o‘rin egallagan. Durdona kinoasarlardan biri sanalgan ushbu film mana qariyb 40 yildirki, tomoshabinlar uchun hamon sevimli va qadrli.

Kun.uz’da yangi tashkil qilingan “Unutilayotgan chehralar” loyihasining bu galgi ishtirokchisi mazkur filmda Nazira rolini gavdalantirgan 56 yoshli Shahnoza Shamsiyeva (Hamroyeva) bo‘ldi. Uzoq yillardan buyon Afrika qit'asidagi Zambiya Respublikasida yashab kelayotgan Shahnoza opa bilan internet orqali bog‘lanib, suhbatlashishga muyassar bo‘ldik.

– Shahnoza opa, sizni izlab topish maqsadida so‘rab-surishtirib, Zambiyadaligingizni bildik. Ona yurtingizdan ancha olisdagi bu mamlakatga qachon va nima maqsadda ketgansiz?

– Avvalo, suhbatlashish niyatida bog‘langaningiz uchun katta rahmat. Zambiyaga 1997 yilning aprelida turmush o‘rtog‘im bilan birga kelganmiz. Men shifoxonalardan birida pediatr bo‘lib ishlayman. Bu yerda ko‘plab o‘zbekistonlik oilalar bor. Barchamizning munosabatlarimiz juda iliq, tez-tez yig‘ilib turamiz. Ular Nazira rolini ijro qilganimni yaxshi bilishadi.

O‘zbekistonga oxirgi marta o‘tgan yili borib, kelgandim. Xudo xohlasa keyingi yil yana borishni rejalashtiryapman.

– “Suyunchi”dagi birgina ijrongiz tufayli tomoshabinlar nazariga tushgansiz. Filmga qay tariqa kelib qolganingiz ko‘pchilik uchun qiziq.

– Barchasi tasodifan yuz bergan. O‘shanda 17 yoshda edim. Ukam Ulug‘bek Hamroyev filmlarda rollar o‘ynab yurardi va u pasport yoshiga yetmaganligi bois gonorarlari mening nomimga yozilardi. Bir kuni odatdagidek Ulug‘bekning pulini olish uchun “O‘zbekfilm”ga bordim. Meni u yerda rahmatli rejissyor Melis Abzalov ko‘rib qolib, qisqa suhbatimiz mobaynida anchadan beri Nazira roliga mos keladigan aktrisa qidirib topolmayotgani va meni shu rolga munosib ko‘rganini ta'kidladi. Ularga dadamdan so‘rab ko‘rishimni aytib, xayrlashdim. Uyga borib otamni Melis akaning taklifidan boxabar qilganimda, qat'iy rad etgan. Oradan ma'lum vaqt o‘tib, Melis Abzalov yordamchisi bilan uyimizga borib, bir amallab dadamning roziligini olishgan.

– Kinodagi qaysi sahnani suratga olish jarayoni siz uchun qiyin kechgan?

– Kamera qarshisida ilk bor gapirganim bois boshida bu holat menga qiziq tuyulgan. Ammo sira qiyinchiliklar bo‘lmagan, men qatnashgan kadrlar oson tasvirga tushirilgan. Faqat qahramonim o‘sma qo‘yadigan sahna bir necha marta dubl qilinishiga to‘g‘ri kelgan. Chunki qoshimni xunuk qilishni istamaganman. Melis aka “Aytganimdek qosh qo‘ysang yanada kulgiliroq va qiziqarli chiqadi”, deya meni ko‘ndirgan.

– Shahnoza va Nazira o‘rtasida qanday o‘xshashliklar mavjud?

– Ikkisi ham ko‘p jihati bilan bir-biriga o‘xshaydi. Nazira obrazi kabi hayotda ham juda shartaki, qaysar va dilidagi tilida bo‘lgan ayolman. Bu fikrni rahmatli qaynotam ham ko‘p gapirardi. Filmda borimcha namoyon bo‘lib, rol o‘ynaganman.

– “Suyunchi” katta ekranlarga chiqqach, ancha shov-shuv bo‘lganingiz shubhasiz.

– Haqsiz. Film ommaga havola qilinganidan so‘ng ko‘cha-ko‘yda ko‘pchilik tanib qolib, “Ana Nazira, uf-uf, choy”, deyishardi. Toshkentga tashrif buyurganimda ham yurtdoshlarimiz orasida hanuz meni taniydiganlar ko‘pligidan xursand bo‘laman.

– Kartinadagi aktyorlarning qaysilari bilan munosabatlaringiz hozirgacha saqlanib qolgan?

– Afsuski, hech qaysisi bilan aloqa qilmaymiz. Toshkent pediatriya institutida o‘qiganim tufayli boshqa narsalarga chalg‘imasdim, vaqtim ham bo‘lmasdi.

– Nima uchun “Suyunchi”dan keyin qaytib kinolarda ko‘rinmadingiz?

– Takliflar juda ko‘p bo‘lgan. Lekin dadam ruxsat bermagan. “Bitta rol yetadi, san'at haqida o‘ylamay, o‘qishingni o‘qi”, derdi. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Nigorani ham menga topshirmoqchi bo‘lishganida otam ko‘nmagan. O‘zimda san'atga qiziqish kuchli bo‘lsa-da, ammo uydagilarning qarshiligi sabab rosa ikkilanganman va oxiri o‘qishimni ustun bildim. Ota-onam xohlagandek, bolalar shifokori bo‘ldim. Institutni bitirgach, Toshkent shahridagi 1-bolalar shifoxonasida ishladim. Bir necha yil tibbiyot kollejida o‘quvchilarga dars berdim. Keyin Zambiyaga kelishga qaror qildim.

– Musofir yurtda vatan sog‘inchini qanday yengasiz?

– Kindik qoning to‘kilgan yurt sog‘inchi juda og‘ir va uni bosish ham oson emas. Yoshlikdagi dugonalarim, qarindosh-urug‘larim bilan internet orqali suhbatlashib, biroz bo‘lsa-da, o‘zimni O‘zbekistonga borib kelgandek his qilaman.

Xonadonimizda ona yurtimni yodga soluvchi narsalar ko‘p. Qozon, paxta gulli o‘zbek choynak-piyolasi, o‘zbek hunarmandlari tayyorlagan pichoq kabi buyumlarga har gal ko‘zim tushganida O‘zbekistonni eslayman.

Norin, chuchvara, osh, moshkichiri, moshxo‘rda, mastava singari milliy o‘zbek taomlarini deyarli har kuni pishirib, oilaviy dasturxon atrofida Vatanda kechgan damlarni shirin xotiralar bilan qumsaymiz.

– Afrika ko‘pchilikning tasavvuriga suvsiz, qurg‘oqchilik avj olgan joy shakllanadi. Aslida ham shundaymi?

– Barcha hududini ham bunday deb bo‘lmaydi. Zambiya tez rivojlanayotgan respublika hisoblanib, men yashaydigan Livingston ham juda chiroyli va turistik shahar. Bu kentda Viktoriya sharsharasi ham joylashgan. Xonadonimizga O‘zbekistondan keladigan mehmonlar “Biz Afrikani bunday tasavvur qilmagandik, yayrab dam oldik”, deya hayratlanib fikr bildirishadi.

– Filmni internet orqali ko‘rganingizda xayolingizda qanday xotiralar uyg‘onadi?

– Aslida kichik rol bilan muxlislarning tiliga tushishni tasavvur qilmaganman. Haligacha ijrom haqida iliq fikrlar aytishsa, quvonaman.

Filmni ko‘rganimda yoshlik paytlarim, o‘quvchilik davrlarim yodimga tushadi. Kino Toshkent viloyatidagi qishloqlarning birida suratga olingan. S'yomka jarayonlari yakuniga qadar ustoz san'atkor Zaynab Sadriyeva bilan bir xonada yashaganman. Ular o‘z nabirasidek yaqin olib, ham hayotiy, ham san'atga oid maslahatlar berardi. Qattiqqo‘l, tartib-intizomli ayol sifatida xotiramda qolgan.

Tasvirga olishda qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa, Abdurayim Abduvahobov hindcha qo‘shiqlar kuylab, bizni rosa kuldirardi.

– Qanday oilada dunyoga kelgansiz?

– Toshkent shahrida ziyoli oilada tug‘ilganman. Dadam Narimon Hamroyev asli namanganlik bo‘lib, mashhur aktyor Razzoq Hamroyevning o‘g‘li bo‘ladi. Onam Muhabbatxon aya esa buxorolik. Hozir 78 yoshda, keksalik gashtini suryapti.

Oilada ikki farzandmiz: men va ukam. Ulug‘bek bugungi kunda kinooperator sifatida faoliyat yuritadi.

– Shaxsiy hayotingiz to‘g‘risida ham gapirib bersangiz?

– Umr yo‘ldoshim bilan kasbdoshmiz. U – ko‘z shifokori. Uch nafar farzandimiz, ikki nafar nevaramiz bor. To‘ng‘ich o‘g‘lim Sherzod oilasi bilan Fransiyada yashaydi. Qizim Rayhonni ham uzatganman, u Zambiyada istiqomat qiladi. Kenjam Shuhrat esa Janubiy Afrikadagi oliygohlarning birida tahsil oladi.

– Suhbat uchun katta rahmat.

Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: