«Yil o‘rtasida budjet taqchilligi oshib ketdi» - Moliya vaziri o‘rinbosari ko‘rilgan choralar haqida gapirdi

Iqtisodiyot 19:50 / 01.11.2019 8815

31 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat dasturining 2019 yil III choragida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisoboti tinglandi.

Majlisda deputat Qodir Jo‘rayev 2019 yilning 9 oyi davomida davlat budjeti taqchilligi 7,3 trilion so‘mni tashkil etganiga e'tibor qaratdi.

Uning aytishicha, o‘tgan yili deputatlar tomonidan tasdiqlangan budjetning defitsit qismi parametrlari 4,5 triliondan oshmasligi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, hozirgi ko‘rsatkich belgilangan parametrlardan anchagina oshib ketganini ko‘rsatmoqda. Deputat hukumatdan defitsit taqchilligi yil oxirigacha oshib borishi yoxud kamayishi, buning narx-navolarga qanday ta'sir qilishi bo‘yicha izoh berishni so‘radi. Uning savoliga Moliya vaziri o‘rinbosari Shohruh Shorahmetov javob qaytardi.

«Rostanam yil o‘rtasida budjet taqchilligi oshib ketgan edi. Shuning uchun biz ayrim choralarni ko‘rdik. Defitsitni qoplash uchun prezident qarori bilan uchta yo‘nalishdagi manbaga ruxsat berilgan. Birinchisi, kreditlar hisobidan. Ikkinchisi, davlatning qisqa muddatli obligatsiyalarini chiqarish hisobidan. Uchinchisi, xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan. Biz mana shu uchta instrumentni ishlatib, yil davomida defitsitni kamaytirib bordik. Uchinchi chorakdayam rahbariyatga qo‘shimcha takliflar tayyorladik, ya'ni samarasiz xarajatlarni 1,4 trilion so‘mga qisqartirishga harakat qildik. Bu degani vazirlik va idoralar tomonidan so‘ralgan shuncha miqdordagi xarajatlarni qabul qilmadik. Budjet taqchilligini kamaytirish bo‘yicha ishlar yil oxirigacha davom ettiriladi», deya Moliya vaziri o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shohruh Shorahmetovning ta'kidlashicha, budjet taqchilligi mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligi, narx-navo siyosatiga ta'siri, raqamlarga bog‘liq. Defitsit katta bo‘lib ketadigan bo‘lsa, bu makroiqtisodiy vaziyatga jiddiy ta'sir etishi mumkin. Chet el tajribasiga ko‘ra budjet taqchilligi 3 foiz atrofida bo‘lsa, buni chidamli raqam desa bo‘ladi, uni bemalol boshqarish mumkin. Shu sababli Moliya vazirligi tomonidan har xil instrumentlar yordamida defitsitni kamaytirib borilgan.

«Budjet taqchilligi ko‘plab mamlakatlarda uchraydi, bu tabiiy hol. O‘tgan yili ham budjetni tasdiqlash paytida defitsit bilan kelib, yil oxiriga borib profitsit bo‘ldi. Chunki bizda ko‘proq daromadlar IV chorakda tushadi. Shuning uchun vaqtinchalik taqchillik bo‘lishi mumkin, lekin asosiy daromadlar dekabrda tushishi hisobiga defitsit keskin kamayadi deb umid qilamiz», deydi Shohruh Shorahmetov.

Ko‘proq yangiliklar: