Xarajat kam, daromad esa yuqori – parrandachilik xo‘jaligiga sayohat

Iqtisodiyot 20:45 / 01.11.2019 53857

Parrandachilik – daromadli, shu bilan birga anchayin nozik soha.

Parrandalar nafaqat go‘shti, tuxumi, balki pati uchun ham boqiladi. Bu soha hozirga kelib chorvachilikdagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanib ulgurdi. Buning sababi – parranda boqish katta xarajat talab qilmaydi, saqlash inshootlari juda oddiy.

Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy yetakchi davlatlarda ham parrandachilikka katta e'tibor qaratiladi. Chunki aynan parrandachilik aholini go‘sht, umuman, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishda asosiy ahamiyat kasb etadi, shuningdek, aholini ish bilan band bo‘lishiga hissa qo‘shadi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda sohaning bugungi axvoli qanday, aholining parranda go‘shti va tuxumiga bo‘lgan talabi to‘la ta'minlanganmi? Kurkachilik, bedanachilik, kaklikchilik va boshqa yo‘nalishlar nega keng rivoj topmayapti? Nega parrandachilik uchun asosiy ozuqa vositalari hamon import hisobiga qondirilmoqda?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollarga javob topish va aholi orasida qiziqish yuqori bo‘lgan sohaning sir-asrorlari haqida batafsil ma'lumot olish maqsadida Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan «XADRA MARKET» parrandachilik xo‘jaligida bo‘ldi.

Xo‘jalikda bugungi kunda tuxum yo‘nalishidagi 220 mingdan ortiq parranda yetishtirilmoqda.

Sayohatimizda bizga «Parrandasanoat» uyushmasi rahbari Yashin Abdurazzoqov va xo‘jalik rahbari Mirazim Abzalov hamrohlik qildi hamda xo‘jalik bilan tanishuv chog‘ida biz tomonimizdan berilgan savollarga ham javob qaytardi.

Uyushmaning vazifasi – parrandachilikdagi barcha jarayonlarda bevosita ishtirok etish

Suhbat avvalida uyushma rahbari Yashin Abdurazzoqovdan O‘zbekistonda parrandachilikning bugungi holati va uyushma faoliyati haqida so‘radik.

- «Parrandasanoat» uyushmasi 2010 yilda tashkil qilingan va qisqacha qilib aytadigan bo‘lsak, parrandachilikdagi barcha jarayonlarda bevosita ishtirok etamiz.

Hozirda respublikada 81 million atrofida parranda yetishtiriladigan bo‘lsa, shundan 35 millioni sanoatlashgan sharoitda yetishtiriladi, – deydi Abdurazzoqov.

Parrandachilik uchun zarur ozuqaning 65 foizi import hisobiga to‘g‘ri kelmoqda

Hozirda O‘zbekistonda parrandachilik yo‘nalishidagi asosiy ozuqa mahsulotlari hamon import hisobiga qondirilmoqda. Masalan, parranda ozuqasi hisoblangan soya shroti Argentina, bug‘doy esa Qozog‘iston va Rossiyadan keltiriladi. Tabiiyki, bu mahsulotlar bizga yetib kelguncha tan narxidan ko‘ra, anchagina qimmatroqqa tushadi.

Uyushma rahbaridan ushbu mahsulotlar nega o‘zimizda yetishtirilmasligi haqida so‘radik.

Suhbatdoshimizning aytishicha, parrandachilik klasterlari ochilayotgani bu muammoga yechim bo‘lishi kutilmoqda.

– Haqiqatdan ham, parrandachilikni tashkil qilishda asosiy e'tibor berilishi kerak bo‘lgan jihat – bu ozuqa zaxirasi hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda parrandachilikni ozuqa bilan ta'minlanish ko‘rsatkichining 65 foizi import hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuni hisobga olgan holda, bizda parrandachilik yo‘nalishidagi klasterlar tashkil qilinmoqda.

Bu klasterlar uchun ajratilgan ma'lum yer maydonlarida ozuqa uchun kerakli bug‘doy, soya, kungaboqar kabi ekinlar ekiladi. Bizning hisobimiz bo‘yicha bunday klasterlar uchun 137 ming ga. yer maydoni ajratilgan va ushbu maydonlardan olinadigan hosil evaziga biz import hajmini keskin kamaytirishni maqsad qilyapmiz.

Parrandachilik xo‘jaligiga uyushtirgan sayohatimiz davomida suhbatdoshlarimizdan, shuningdek, uy sharoitida parranda yetishtirish va undan foyda olish sirlari, yuqori kaloriyali ozuqa tarkibi, parranda yetishtirishda e'tibor berish kerak bo‘lgan asosiy jihatlar haqida ham kerakli ma'lumotlarni oldik.

O‘ylaymizki, mazkur suhbat tadbirkorlikning parrandachilik tarmog‘iga qiziqqan insonlar uchun qiziqarli va foydali bo‘ladi.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: