Koreyalik mutaxassis: «O‘zbekiston statistikani jamlashda haligacha sovetcha usullardan foydalanadi»

Iqtisodiyot 13:40 / 01.11.2019 8221

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi, o‘zbekistonlik ishbilarmonlar hamda Koreyaning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etgan ilk «Koreya — O‘zbekiston» biznes davra suhbatida koreyalik vakil O‘zbekistonda axborotning yopiqligini ta'kidladi.

«O‘zbekiston hukumati tashqi investitsiyalarni o‘z iqtisodiyotiga jalb qilish uchun qattiq ishlayapti. Investitsiya kirib kelishining muhim omillaridan biri axborotning ochiqligi hisoblanadi. Investor olgan ma'lumotiga tayangan holda ish ko‘radi. Ammo O‘zbekiston holatida investor ma'lumotni izlab topishi kerak. Ko‘pgina o‘zbek kompaniyalari o‘zining ma'lumotlarini ommaga taqdim etishni istamaydi. Aslida maxfiy ma'lumotlardan tashqari barcha axborot omma uchun ochiq holda bo‘lishi kerak. O‘z o‘rnida maxfiy ma'lumot tushunchasi ham aniq mezonlar bilan belgilangan bo‘lishi lozim», deya janob Li Bek Xining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Axborot ochiqligining mavjud emasligi iqtisodiyotga zarar keltirishini ta'kidlagan vitse-prezident O‘zbekistonda shaxsan o‘zi duch kelgan holatni misol keltirdi.

«O‘zbekistonga kelishimni bilgan bir tanishim bu mamlakatda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha loyiha boshlamoqchi ekanligini bildirib, bir hududdagi havo harorati va namligi bo‘yicha ma'lumotlarni bilib berishimni so‘radi. Men gidrometeorologiya markaziga murojaat qildim. Ammo ular o‘zlarida bunday ma'lumot mavjud emasligini, katta to‘lov asosidagina bunday ma'lumotlar alohida tayyorlanishi mumkinligini aytishdi. Xarajat va ovoragarchilik ko‘pligini bilgan tanishim esa o‘z loyihasini amalga oshirishdan voz kechib qo‘ya qoldi», deydi u.

Ikki mamlakat o‘rtasida investitsion hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan mazkur tadbirda ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonga jalb qilingan Koreya investitsiyalari hajmi 7 mlrd dollardan ortiqroqni tashkil etadi. Mamlakatda Koreya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 160taga yetgan.

Tadbirda ishtirok etgan Koreyaning yetakchi kompaniyalari vakillari O‘zbekiston iqtisodiyotining rivoji bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirishdi. Xususan, KDB Bank Uzbekistan rahbari Jong Son Kim mamlakatdagi «yashirin iqtisodiyot» to‘g‘risida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

«Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun faqatgina tashqaridan investitsiya kiritish emas, ichki moliyaviy resurslarni ham maksimal darajada ishga solish kerak. Odamlarning qo‘lida yakka tartibda jamlangan pullar iqtisodiy aylanmaga jalb qilinishi lozim. Kuzatuvlarga qaraganda, o‘zbekistonliklar o‘z pul mablag‘larini bank depozitlariga qo‘yishdan ko‘ra qo‘lda saqlab turishni afzal ko‘rishadi. Bu holat O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushining ko‘pligiga sabab bo‘ladi. So‘nggi ma'lumotlarga asosan, mamlakatda yashirin iqtisodiyot 45 foizni tashkil etadi. Buni bartaraf etishning aniq mexanizmlari yaratilishi kerak», deydi u.

Jong Son Kimning ta'kidlashicha, rivojlanishning dastlabki bosqichlarida Koreya tashqi moliyaviy manbalarga bog‘lanib qolgan. Keyinchalik ichki moliyaviy resurslarning ishga solinishi, iqtisodiyotga yo‘naltirilishi taraqqiyotni tezlashtirgan.

Ko‘proq yangiliklar: