2020 yil boshiga O‘zbekistonning davlat qarzi 21,3 mlrd AQSh dollari miqdorida bo‘lishi (YaIMga nisbatan 36 foiz) miqdorida prognoz qilinmoqda. Shundan tashqi qarz 15,3 mlrd AQSh dollarini (YaIMga nisbatan 25,4 foiz) tashkil etadi. Bu haqida fuqarolar uchun 2020 yil budjet loyihasida aytib o‘tilgan.
Davlat tashqi qarzi kreditorlar kesimida xorijiy davlatlardan olingan qarzlar 6,7 mlrd AQSh dollarni, xalqaro moliya institutlaridan 7,7 mlrd AQSh dollarni va investorlar hisobiga 1 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi.
2015 yilning yanvaridan 2019 yilning yanvarigacha davlatning Xitoy oldidagi qarzi asta-sekin 1,055 mlrd dollardan 1,964 dollargacha o‘sgan. 2020 yilga borib, O‘zbekistonning Xitoydan qarzi 3,006 mlrd dollarga yetadi.
Yaponiyadan olingan qarz ko‘rsatkichi esa 2019 yilning 1 yanvar holatiga 1,490 mlrd dollar, Germaniya – 334 mln, Janubiy Koreya – 114,1 mln va Fransiya – 27 mln dollar ko‘rsatkichlarini tashkil qilgan.
Xalqaro moliya institutlari orasida O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan (OTB) eng ko‘p qarz oladi, 3,929 mlrd dollar yoki O‘zbekiston davlat qarzining 51 foizi aynan OTB ulushiga to‘g‘ri kelishi prognoz qilingan.
Moliya vazirligi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, mo‘'tadil qarz yukini saqlab turish maqsadida davlat qarzini boshqarishning asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilandi:
- davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish;
- davlat ichki va tashqi qarziga o‘z vaqtida va to‘liq xizmat ko‘rsatilishi kafolatini ta'minlash;
- davlat qarzini diversifikatsiyalash va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshib ketish xatarlarini pasaytirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan yoki uning kafolati ostida jalb qilinadigan qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini ta'minlash.
Bundan avvalroq, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov 2020 yil budjeti uchun davlat qarzining me'yorlari birinchi marta belgilanishi haqida aytgan edi.
«2020 yil budjeti uchun me'yorni qo‘ymoqdamiz. Qonun bo‘yicha bundan ko‘p [qarz] olish mumkin emas. Bu – respublika tarixida birinchi marta bo‘lyapti. Qonun parlament tomonidan tasdiqlanganidan keyin me'yor yilning oxirigacha e'lon qilinadi», – dedi Odilbek Isoqov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat budjeti loyihasi noyabr oyida Oliy majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.