Bugun, 31 oktabr kuni kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi maxsus qarori bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, eksportyorlar milliy valutada olgan krediti foiz xarajatlarining 10 foizgacha bo‘lgan qismi davlat budjetidan kompensatsiya qilib beriladi. Misol uchun, yillik 24 foiz stavkada kredit olinganda uning qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lgan qismi ya'ni 8 foizi bo‘yicha xarajatlar davlat budjetidan qoplanadi. Shuningdek, xorijiy valutada olgan krediti foiz xarajatlarining 40 foizi (stavkaning 4 foizigacha) davlat budjetidan kompensatsiya qilib beriladi.
Agar eksportyorning kredit olish uchun garov ta'minoti yetishmasa, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan kredit summasining 50 foizigacha (4 mlrd. so‘mgacha) qismi uchun kafillik olishi mumkin.
Agentlik tomonidan shu kunga qadar 8ta xalqaro ko‘rgazmada 105 nafar tadbirkor qatnashishi ta'minlandi va ularning ko‘rgazmalarda qatnashish bilan bog‘liq 2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan xarajatlariga moliyaviy ko‘mak berilgan.
Kun.uz muxbirining «bu qarordan tadbirkorlar qay darajada foydalanishi» haqidagi savoliga Eksport salohiyati va savdo infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jasur Avezov javob berdi.
«Shu kunga qadar o‘tgan vaqt davomida 47 nafar eksportyorga 104 mlrd so‘mlik kreditlari uchun kompensatsiyalar to‘landi, 4 nafar eksportyorning 7 mlrd so‘mlik kreditiga kafillik qilindi. Bu ko‘rsatkichlar kamligiga sabab hozircha eksportyor tadbirkorlarimiz bu imtiyozlarda to‘liq xabardor emasligidir. Bu kamchilikni bartaraf etish maqsadida hozir har bir viloyatda, har bir tumanda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparatidan biriktirilgan mas'ul xodimlar ishlashmoqda, eksportyorlarga bu imkoniyatlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda», deydi u.