Yarim trillion dollarlik oltin-valuta zaxirasiga ega davlatlar ham chetdan qarz oladi – Odilbek Isoqov

Iqtisodiyot 21:19 / 29.10.2019 14405

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan davra suhbatida jurnalistlarning davlat tashqi qarziga oid savollariga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

– Qarz olmasdan ham iqtisodiyotni rivojlantirish darajasiga kela olamizmi?

– Har bir mamlakat qarz oladi. Amerika, Germaniya, Angliya, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni ham qarz oladi. Masalan, Saudiya Arabistonining 500 mlrd dollardan ortiq oltin-valuta zaxiralari bor. Bir yilda 20 mlrd dollardan ortiq qarz oladi. Bu – xalqaro amaliyotda normal holat. Sababi, bu kreditlarning ko‘pi rivojlantirish loyihalariga ketyapti.

Siz aytishingiz mumkin: qarz olinmasa, qanday manbalar mavjud? Qarz olinmasa, davlat budjeti bor. Davlat budjetida qanday hisob-kitoblar bo‘lishini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Ijtimoiy soha davlat budjetida 55 foizni tashkil qiladi. Budjetdan ketayotgan xarajatlarning ustiga bu loyihalarni qo‘ya olmaymiz. Bunga imkoniyatimiz yo‘q.

Izoh: Jahon Banki ma'lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni – oltin-valuta zaxiralari hajmi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda turadi. O‘zbekistonning oltin-valuta zaxirasi 27,4 mlrd dollar qiymatga ega. Davlat tashqi qarzi esa 13,1 mlrd dollarni tashkil etadi.

– Hozirda yirik loyihalarni amalga oshirishga davlat-xususiy sherikchilik mexanizmi qo‘llanilyapti. Agar shu mexanizm yaxshi ishlab ketsa, tashqi qarzimiz kamayishi mumkinmi? 

– Mexanizmni juda ham to‘g‘ri aytib o‘tdingiz. Masalan, Navoiy viloyatida quyosh issiqlik stansiyasini qurish uchun tender g‘olibi e'lon qilindi. Oktabr oyining boshida 100 megavatt elektr stansiyasini qurish uchun Masdar kompaniyasi tanlandi. Bu – nazarimda, juda ham katta yutuq. Hozirgi elektr tariflaridan past narxlarda elektr ishlab chiqarishmoqchi. Bundan keyin ham quyosh elektr stansiyalarini davlat-xususiy sherikchiligi orqali qurish bo‘yicha hukumatda rejalar bor.

Bu boshqa sohalarga ham tatbiq qilinadigan bo‘lsa, xususiy sektor infrastruktura yoki boshqa muhim investitsiyalarni amalga oshiradi.

Xususiy sektor to‘liq hamma ishni qiladi, deb bo‘lmaydi. Baribir bizda ijtimoiy soha qoladi. Ijtimoiy sohani moliyalashtirish barcha mamlakatlarda davlatning zimmasiga tushgan. Xususiy sektor ijtimoiy sohaga kirib kelmaydi. Chunki ijtimoiy soha bu – foyda ko‘radigan soha emas.

Mavzuga oid:
Xalqimiz davlat qarzlari masalasida xavotirlanishiga asos yo‘q – Moliya vaziri o‘rinbosari

O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi MDHning ko‘p davlatlariga nisbatan kam – Odilbek Isoqov

O‘zbekiston qaysi sohalarni rivojlantirish uchun chetdan eng ko‘p qarz olgani ma'lum bo‘ldi

Ko‘proq yangiliklar: