«Mashinalar bu yerdan oynalarini yopib o‘tadi» - Qo‘shtepada aholi zaharli tutun ichida yashamoqda

Jamiyat 15:38 / 29.10.2019 14089

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani «Xumdon» mahallasidan bir guruh fuqarolar tahririyatga murojaat yo‘llashdi. Murojaatchilar yashaydigan hududda «Toza hudud» davlat unitar korxonasiga qarashli chiqindixona mavjud bo‘lib, u yerdan tarqalayotgan zaharli tutun aholi sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu bo‘yicha bir necha tashkilotga murojaat qilinganiga qaramay muammo ijobiy hal etilmagan.

Chiqindixona mahalladagi «Farg‘ona–Qo‘qon» katta avtomobil yo‘liga tutash bo‘lgan hududda joylashgan. Holatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. U yerdan taralayotgan qo‘lansa hidga inson zoti chidashi qiyin. Shamol bo‘lib qolsa u yerdagi chiqindilar atrofga uchadi, daraxtlarga ilashib yotgan yelim xaltalar kishi ta'bini xira qilmasdan qolmaydi.

«Murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Lekin natija yo‘q. Yozda jazirama ob-havo sabab chiqindi uyumlaridan gaz chiqqani bois olov chiqib bir necha kun davomida tutab turdi. Orada mas'ullar kelib o‘chirdi ham. Lekin juda ko‘p vaqt tutab turadi. Chiqayotgan zaharli gaz va tarqalayotgan badbo‘y tutun bolalar sog‘ligiga salbiy ta'sir qilmoqda. Nafas olish yo‘llarimiz zararlanib, allergik kasalliklar boshlanmoqda.

Kechki payt soat 19:00 atrofida tutun hidi shu atrofni egallaydi. Katta yo‘lda o‘tayotgan mashinalar ham shu yerga kelganda oynalarini yopib o‘tadi. Biz esa yashab kelmoqdamiz. Aybimiz shu yerda yashaganimizmi? Nega shuncha murojaatlarga qaramay hamma sukut saqlamoqda? Davlat minglab odamlar taqdiriga befarqmi?», dedi mahalla faollaridan biri.

Ahvol juda achinarli. Muammo yechimini kutmoqda.

Shu yilning may oyida «Mahalla» gazetasi muxbirlari ham vaziyatni o‘rganib ketishgan ekan. O‘shanda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i Farhodjon Xolmatov ham masalaga izoh bergan, biroq vaziyat yomonlashsa yomonlashganki, yaxshilanmagan.

«Mahalla»ga ko‘ra, viloyatda bir kunda 3080 tonna, bir yilda esa 1 million 124 ming tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. «Toza hudud» DUK va sanitar korxonalari 1 million 633 ming kishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bu umumiy aholining 44 foizini tashkil etadi, xolos. Ayni kunda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 20ta kichik chiqindilarni qayta ishlash korxona va tashkilotlari mavjud chiqindilarni saralash va qayta ishlash imkoniyatiga ega emasligi chiqindilar uyumlari «tog‘» bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Gap inson sog‘lig‘i haqida ketmoqda, bu barchasidan muhim bo‘lishi kerak. «Xumdon» mahallasi fuqarolari zaharli gaz va tutundan yillar davomida aziyat chekib kelmoqda. Mas'ullar esa va'da berishdan nariga o‘tolmayapti. Balki, ular o‘zlari kelib shu uylarda bir necha kun yashab ko‘rishi kerakdir. Shunda ko‘zlari ochilarmidi? Shunda u yerdagi norasidalarga rahmi kelarmidi? Biror chora topilib, muammo ijobiy hal etilgan bo‘larmidi?

Saylov ham yaqin. Barcha partiyalar harakatga tushib qolgan. Ulardan ham, ayniqsa, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan mazkur muammo yechilishida tashabbus ko‘rsatishlarini kutib qolamiz. Axir asosiy maqsadimiz xalqni rozi qilish emasmi? O‘zimizga o‘xshagan odamlar taqdiriga befarq bo‘lmaylik, azizlar. 

Zafarbek Solijonov

Ko‘proq yangiliklar: