Al-Bag‘dodiyning o‘limi. Bu nimani o‘zgartiradi?

Jahon 16:30 / 29.10.2019 76694

27 oktabr kuni AQSh IShID rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘limi haqida e'lon qildi. «Birinchi raqamli terrorchi» Suriyaning Turkiya bilan chegarasi yaqinida yashiringandi, maxsus topshiriqli «Delta» otryadi uni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot o‘tkazdi va bu amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi. Quyida mazkur amaliyot tafsilotlari, shuningdek, bu hodisa IShIDning kelajagiga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida so‘z boradi.

Bag‘dodiy uchun «ov» ikki yil davom etdi. Uning qayerda joylashgani haqidagi ma'lumot uning asosiy yordamchilaridan biri - Ismoil al-Itaviy orqali aniqlangan. 

IShID rahbari puxtalik bilan yashiringan, tarafdorlari bilan sabzavotlar tashuvchi avtomobilda uchrashib turgan. Avval turkiyaliklar tomonidan qo‘lga olinib, keyin Iroq maxsus xizmatlariga topshirilgan Itaviy Bag‘dodiy bilan uchrashib turadigan besh nafar shaxs nomini ochiqlagan. 

To‘plangan ma'lumotlar MRBga taqdim qilingach, boshqarma xodimlari sun'iy yo‘ldosh hamda dronlar yordamida mahalliy hududni besh oy davomida o‘rgangan. Bag‘dodiy bir qishloqdan boshqasiga ko‘chib o‘tganidan ikki kun o‘tgach uni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlangan.

Havo zarbalari va amerikalik harbiylarning quruqlikdagi amaliyoti Suriyaning Turkiya bilan chegarasidan 5 km masofada joylashgan hududda, turkiyalik harbiylar o‘tkazgan amaliyotdan keyin kurdlar qo‘lidan ketib rossiyalik harbiy politsiya patrullik qilayotgan hudud yaqinida o‘tkazildi.

Reyd qanday o‘tdi?

Vashingtondagi shtabda olti kishi amaliyotni jonli tarzda kuzatib bordi

AQSh armiyasining maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiylari bo‘lgan 8ta vertolyot Iroqdagi aviabazadan Vashington vaqti bilan soat 17:00da parvozga chiqqan. Donald Tramp vitse-prezident Mayk Pens, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Robert O'Brayyen, mudofaa vaziri Mark Esper, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari – armiya generali Mark Milli va Birlashgan qo‘mitaning maxsus operatsiyalar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Markus Evans bilan birga kuzatib bordi.

Amaliyotda maxsus topshiriqli «Delta» bo‘linmasining 1-tezkor guruhi askarlari ishtirok etishdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu harbiylar avvaldan Iroq hududida joylashtirilgandi.

Aviabazadan Barisha qishlog‘igacha 1 soatdan ortiq vaqt davomida uchilgan. IShID rahbari «Al-Qoida» bilan aloqador bo‘lgan «Xurras-ad-Din» guruhi tomonidan nazorat qilinadigan hududda yashiringandi.

Amerikalik harbiylar Turkiya tomonidan nazorat qilayotgan hududdan va Rossiya tomonidan nazorat qilinayotgan Suriya anklavidan uchib o‘tgan. Parvoz haqida Turkiya va Rossiya oldindan ogohlantirilgan, ammo amaliyot qay maqsadda o‘tkazilayotgani ochiqlanmagan.

Qishloqqa yaqinlashgan vertolyot yerdan turib o‘qqa tutilgan, hujum qilganlar javob zarbasi bilan yo‘q qilingan.

Bag‘dodiy yashiringan hovlidagi binolarga va avtomobilga bir necha aviazarba yo‘llangan. Shundan so‘ng harbiylar quruqlikka tushirilgan.

«Soat 23:30larda biz vertolyotlar ovozini eshitdik. Biz palatkadan yugurib chiqdik, harbiylar bizni to‘xtatishdi. Ularning barchasi xorijliklar edi, faqat bittasi arab - iordaniyalik yoki saudiyalik. Ular bizni tintuv qilishdi va kishan taqishdi. Bu odam bilan qanday munosabatdaligimizni so‘rashdi. Bu uyda yashaydiganlarni tanimasligimizni, biz o‘z joyimizda, ular o‘zinikida yashashini aytdik.

U aytdi: «Muammo yo‘q, xavotir olmanglar. Biz siz uchunmas, unga keldik. Shu yerda qolinglar». U biz bilan xushmuomala bo‘ldi va o‘z joyimizda qolishimizni so‘radi. «Men aytmagunimcha shu yerda qolinglar. Keyin qishloqqa ketasizlar. Bu yerda esa portlash bo‘ladi va uy yer bilan bitta qilinadi. Shunda hammasi tugaydi», dedi u», deydi IShID rahbari yashiringan uyga qo‘shni palatkada yashagan Mahmud Ahmad al-Jassim.

Amaliyot yakunida Bag‘dodiy yashagan uy yer bilan yakson qilindi / GETTY IMAGES

Amerikalik jangchilar darvozadan emas, devorni buzib ichkariga kirishgan.

Shundan ko‘ng, ichkarida bo‘lgan Bag‘dodiyning tarafdorlari va jangchilar o‘rtasida otishma bo‘lib o‘tgan. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, «ko‘p sonli» jangarilar o‘ldirilgan. O‘zini portlatishga ulgurmagan ikki ayol - Bag‘dodiyning xotinlari ham o‘qdan halok bo‘lgan.

CNN telekanali ma'lumotiga ko‘ra, kamida ikki jangari va 11 bola qo‘lga olingan.

IShID rahbari yer osti yo‘li orqali qochib ketmoqchi bo‘lgan, ammo yo‘lning oxiri yopiqligini ko‘rgach, o‘zini portlatib yuborgan. Bu vaqtda uning yonida uch nafar farzandi ham bo‘lgan.

«Jasadlar qoldiqlarining genetik ekspertizasi u o‘zini o‘ldirganidan 15 daqiqa o‘tib boshlandi», deydi telekanal manbasi.

Vashington vaqti bilan soat 21:45da Tramp tvitterida «olamshumul ish sodir bo‘lgani» haqida yozdi.

Pentagon rahbari Mark Esperning aytishicha, amerikalik harbiylar reyd yakunida IShIDning kelgusi rejalari bilan bog‘liq muhim ma'lumotlarni qo‘lga kiritgan. Ikki jangchi yengil tan jarohatlari olishgan.

Trampning bayonoti va Rossiyaning shubhasi

AQSh prezidenti ushbu amaliyot yakunlari haqidagi bayonotida Turkiya, Rossiya, Iroq, Suriya va kurdlarga minnatdorchilik bildirdi. U Rossiya tomoni amaliyot haqida ogohlantirilgani, Turkiya esa razvedka ma'lumotlari bilan ushbu amaliyot boshlanishi uchun yordam ko‘rsatgani, amaliyot boshlanganidan so‘ng Amerika vertolyotlari uchun yo‘lak ochib berib, hech qanday muammo tug‘dirmagani haqida gapirdi.

Keyinroq prezident Al-Bag‘dodiyga qarshi o‘tkazilgan harbiy operatsiya videosining bir qismi omma e'tiboriga havola qilinishi mumkinligini ma'lum qildi. 

«Mamlakatimiz uchun juda ajoyib dam olish kuni. Biz ancha avval qo‘lga tushishi kerak bo‘lgan nishonimizni topdik. Razvedka, harbiylar va muvofiqlashtiruvchi bo‘limlarning izchil faoliyati evaziga... Biz juda xursandmiz. Operatsiya videosining muayyan qismini olib, uni e'lon qilishimiz mumkin», — deya ta'kidlagan Tramp jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa AQSh Al-Bag‘dodiyni yo‘q qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli amaliyot o‘tkazgani to‘g‘risida ishonchli ma'lumotga ega emasligini ma'lum qildi.

«Go‘yoki bu «amaliyot»da to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etganlar soni ko‘pligi, har birining bayonoti bir-biriga zid bo‘lishi bu amaliyot o‘tkazilganiga, ayniqsa muvaffaqiyatli yakunlanganiga shubha va savollar tug‘diradi», - degan Rossiya harbiy muassasasi vakili Igor Konashenkov.

Mudofaa vazirligi rasmiysi Idlib IShIDga raqobatchi bo‘lgan «Al-Qoida»ning Suriyadagi bo‘limi tomonidan boshqarilishi va nazorat qilinishiga e'tibor qaratdi.

«Ushbu dalillar bilan bog‘liq holda, Suriyaning «Al-Qoida» tomonidan boshqariladigan hududida IShID rahbari bamaylixotir yurgani - hech bo‘lmaganda AQSh yoki amaliyotning boshqa ishtirokchilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillarini talab qiladi», dedi u.

28 oktabr kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov agar IShID rahbari yo‘q qilingani haqidagi ma'lumot tasdiqlansa, buni «AQShning xalqaro terrorizmga qarshi kurashga qo‘shgan jiddiy hissasi» deb atash mumkinligini aytdi.

IShIDning sukuti

IShIDning tashviqot kanallari hozircha ishlashda davom etmoqda va al-Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi xabarlarga munosabat bildirmadi.

Bi-bi-si jurnalisti Abdurahim Saidning aytishicha, bu jangarilar mediasiga xos bo‘lgan amaliyot bo‘lib, o‘z yetakchilari halokatiga oid xabarlarga hech qachon tezlik bilan munosabat bildirmaydi. 

Saidning taxmin qilishicha, IShID al-Bag‘dodiyning o‘limini keyinchalik jang maydonida halok bo‘lgan qahramon o‘limi ko‘rinishida taqdim etadi. 

Shuningdek, IShID bunday yangilikdan o‘z safiga yangi terrorchilarni jalb etishda foydalanishi mumkin. Mart oyida AQSh Suriyada IShID ustidan uzil-kesil g‘alaba haqida e'lon qilganida tashkilot o‘z faoliyatini Pokiston, Hindiston, Markaziy Afrika Respublikasi va boshqa mamlakatlarda yangi guruhlari ochilishi va yangi hujumlar amalga oshirilishini ma'lum qilgandi. Al-Bag‘dodiyning o‘limi haqida rasman e'lon qilingach ham tashkilot o‘z tarafdorlarini yangi terrorchilik aktlariga chorlashini kutish mumkin.

Bir siyosatchi g‘alabasi

Tramp Bag‘dodiyning yo‘q qilinishi bo‘yicha amaliyotni ajoyib filmga o‘xshatdi / REUTERS

Yaqin Sharq instituti prezidenti Yevgeniy Satanovskiyning fikricha, al-Bag‘dodiyning yo‘q qilinishi haqidagi xabar shaxsan Trampning foydasiga ishlaydi. U ayni vaqtda ikkinchi marta prezidentlikka saylanishga harakat qilmoqda.

«Uning chiqishi yorqin va chiroyli bo‘ldi. Barakalla, qanday ishlashni, auditoriyani his qilishni biladi», degan u Bi-bi-si muxbiri bilan suhbatda.

Uning fikrini «Al-Bag‘dodiyning yo‘q qilinishini Trampning shaxsiy yutug‘i» sifatida baholagan siyosatchi va arabshunos Aleksey Malashenko ham qo‘llab-quvvatlagan.

«Bu siyosatda katta voqea emas, ammo bu Tramp uchun muhim edi», degan u.

Albatta, bu Tramp uchun 2020 yilgi saylovlar arafasida asosiy kuzirlardan biriga aylanishi mumkin. O‘z vaqtida Barak Obamaga ham «Al-Qoida» rahbari Usama bin Lodinning o‘ldirilishi preziyentlik saylovlarida qo‘l kelgandi.

Bundan buyog‘iga nima bo‘ladi?

«Abu Bakr al-Bag‘dodiy IShIDning ramzi edi», deydi Bi-bi-sining xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner.

IShID qudratining cho‘qqisiga chiqqanida bu tuzilma egallagan hududlarda 8 milliondan ortiq kishi istiqomat qilardi. Bu hududlarda qat'iy va shafqatsiz qonunlar, namoyishkorona qatllar o‘tkazish bilan qo‘rqitish, soliqlar va o‘lponlar ustiga qurilgan rejim hukmronlik qilardi.

«Bag‘dodiyning o‘limi albatta tashkilotga yana bir jiddiy zarba bo‘ldi. Ammo bu hammasi tugadi, degani emas. Tez orada uning o‘rnini kimdir egallaydi», deb hisoblaydi Gardner.

Stanovskiyning prognozlariga ko‘ra, al-Bag‘dodiyning o‘limi Yaqin Sharq va Suriyadagi vaziyatga aytarli ta'sir ko‘rsatmaydi.

«Nima uchun ham ta'sir qilsin? Masalan, «Al-Qoida» o‘z vaqtida Usama bin Lodinni yo‘qotgandi. Buning ta'siri bo‘ldimi? Abbottabaddan oldin ham (bin Lodin 2011 yilda ushbu hududda o‘ldirilgandi), keyin ham yashamoqda», deydi ekspert.

Suriya hukumatidagilar esa IShID rahbarining o‘ldirilishi tashkilotning hududiy yacheykalari faoliyatiga kuchli zarba bo‘ldi, deb hisoblamoqda. Turkiyada dushanba kuni IShID tarafdori ekani gumon qilingan 20 kishi qo‘lga olindi. Afg‘oniston hukumati Bag‘dodiyning o‘limi «terrorizmga berilgan kuchli zarba» deb hisoblamoqda.

IShID g‘oyalariga tarafdor bo‘lgan guruhlar Afg‘onistonda, Liviyada, Sharqiy Afrikada, Janubiy-Sharqiy Osiyoda va boshqa mintaqalarda mavjudligini saqlab qolmoqda. BMT Xavfsizlik xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Suriya va Iroqda ham IShIDning maxfiy yacheykalari tuzilishi va ularning faoliyati davom ettirmoqda.

IShID Bag‘dodiyning vorisi nomini e'lon qilmadi. Tahlilchilar ham rahnamoning o‘limi ekstremistlar o‘rtasidagi ichki bo‘linishni kuchaytirishiga umid bildirishgan.

Bag‘dodiyning «o‘ng qo‘li» yana bir amaliyot orqali yo‘q qilindi / GETTY IMAGES

AQSh va ittifoqchilar Bag‘dodiyning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlarni ham yo‘q qilishga kirishdi: Bashiradagi amaliyotdan bir necha soat vaqt o‘tib Bag‘dodiyning «o‘ng qo‘li» hisoblangan Abu al-Hassan al-Muhojiriy Ayn al-Bayda qishlog‘i hududida yuk mashinasiga berilgan aviazarba oqibatida o‘ldirildi.

Dastlab, Iroq razvedkasi Bag‘dodiyning ikki nafar yordamchisi Abu Abdul Rahmon al-Jyezuraviy va Abu Usmon al-Faransiydan biri IShIDning yangi rahnamosi bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Newsweek manbasi esa yangi rahnamo iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh bo‘lishi haqida xabar tarqatdi. Ma'lum qilinishicha, Amerika razvedkasida Bag‘dodiyning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan 6 kishidan iborat ro‘yxat mavjud, nashr ulardan faqat birining nomini keltirgan.

Abdulla Qardosh — Saddam Husayn boshqaruvi vaqtida Iroq harbiy xizmatida ofitser bo‘lgan, sobiq harbiy. Kelib chiqishi turkman millatiga mansub Qardosh Iroqning Tal-Afar shahrida yashagan, u Al-Bag‘dodiy bilan o‘n yildan ortiq vaqt davomida birga yurgan va Bukkadagi Amerika harbiylarining asirlar lagerida ham IShID yetakchisi bilan birga jazo muddatini o‘tagan.

Ko‘proq yangiliklar: