O‘zbekistonda utilizatsiya yig‘imini joriy qilish rejalashtirilayotgani iyun oyida ma'lum bo‘lgan edi. Ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, xorijdan transport vositalari olib kirayotgan kompaniyalar va jismoniy shaxslar ushbu yig‘im to‘lovchilari bo‘lishadi.
Joriy yilning 11 oktabr kuni Oliy Majlis Senati utilizatsiya yig‘imini joriy qilishga imkon beruvchi qonun qabul qilgani haqida xabar berildi. Loyiha 8 qonun va 4 kodeksga kiritiladigan o‘zgartishlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ayni vaqtda davlat rahbari tomonidan imzolanishi kutilmoqda.
Mazkur yig‘im joriy etilishi avtomobil bozoriga (jumladan bojxona stavkalarida yuz bergan yaqindagi o‘zgarishlar doirasida) qanday ta'sir ko‘rsatishini o‘rgandik.
Dastlab avtomobil import qiluvchilarning dilerlik markazlariga murojaat qilib, ularning utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi masalasidagi fikrlarini tingladik.
Roodell (Lada, Kia, Renault) kompaniyasi bosh direktori Daniyar Davletiyarov quyidagilarni ma'lum qildi: «Ha, albatta, ushbu masala biz uchun juda muhim. Biz diqqat bilan yangiliklarni kuzatib bormoqdamiz. Agar boshqa davlatlarga nazar solsak, masalan, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasida avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi ushbu mamlakatlar JST (Jahon savdo tashkiloti) a'zoligi to‘g‘risida e'lon qilinganidan hamda avtomobillarga nisbatan bojxona bojlari pasaytirilgandan so‘ng, ya'ni bozor ochilgandan keyin joriy qilingan edi. Yig‘im mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish va import qilinuvchi avtomobillar uchun bojxona bojlari pasaytirilishi natijasida budjetga tushmagan daromadlar o‘rnini qoplash uchun joriy qilingandi.
Avtomobillar narxi o‘zgarishi masalasi xususida gapirsam:
- import qilinadigan avtomobillarning narxlari utilizatsiya yig‘imi+QQS (yig‘im uchun) miqdorida ko‘tariladi;
- mamlakatimizda ishlab chiqarilgan modellar narxi o‘zgarmaydi, chunki davlat ushbu to‘lovlarni qaytaradi, yoki umuman ularni ushlab qolmaydi (RF va Qozog‘istonda aynan shunday holat kuzatilmoqda).
Xulosa qilib aytganda, muhokama qilinayotgan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi utilizatsiya yig‘imi joriy qilish huquqini beruvchi qadam bo‘ladi, xolos. Yig‘imning o‘zi esa yangi yengil avtomobillar bozori erkinlashtirilishi bilan kiritilishi mumkin».
Import qiluvchilar utilizatsiya yig‘imi ularning avtomobillarining narxini oshiradi deb hisoblashadi.
Bu haqda «O‘zavtosanoat» qanday fikrda? 2019 yil 10 sentabr kuni kompaniya vakili Rustam Qodirov «Adolat» SDP fraksiyasi yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlangani haqida gapirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, import qilinuvchi avtomobillar stavkalari 2 baravarga pasaytiriladi, buning oqibatida avtomobillar narxlari o‘zgarmaydi. Shu sababli ular uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilinishini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi.
Ammo joriy yilning 2 oktabr kuni PQ-4010-sonli Prezident qaroriga o‘zgartishlar qabul qilindi va unga ko‘ra:
- qimmatbaho xorijiy avtomobillar importiga berilgan imtiyoz bekor qilindi, ya'ni bojxona rasmiylashtiruvi qimmatlashadi;
- elektromobillardan 10 foiz boj undiriladi;
- xorijiy avtomobillar bazaviy stavkasi 10 foizga qisqardi, o‘ziga xos tarkibiy qismlari o‘zgarmadi.
Biz narxi 15 000 dollar, dvigatel hajmi 1,6 litr bo‘lgan avtomobillar to‘lovini hisoblab chiqdik va natijada 142 354 195 so‘m raqami chiqdi, ya'ni boj avtomobil bahosiga nisbatan 100 foizni tashkil qildi.
Utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi, qimmatbaho avtomobillar va elektromobillarga bojxona bojlari oshirilishi tovarlar narxi o‘sib ketishiga olib keladi, bu esa nafaqat avtomobil bozoriga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, balki bunday qadam bozordan innovatsion va zamonaviy transport vositalari chiqib ketishiga olib keladi va iste'molchini avtomobilsozlikning yangi yechimlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum qiladi, deb hisoblaydilar ayrim mutaxassislar.
Qimmatbaho avtomobillarga imtiyozli stavkalar mavjud bo‘lgan qisqa davr ichida faqat Toshkentda bir necha dilerlik markazlari ochildi, milliardlab so‘m investitsiya kiritildi. 2020 yildan boshlab ushbu markazlarning faoliyati foyda keltirmasligi mumkin, bu esa ish o‘rinlari qisqarishiga, markazlar yopilishiga sabab bo‘ladi. Investorlar esa O‘zbekiston Respublikasi avtomobil bozori jozibadorligiga ishonishi yanada qiyinlashadi.
Bunday holatda utilizatsiya yig‘imi joriy qilinishi bilan, hatto bojxona bojlarini hisobga olmaganda ham, barcha import qilinadigan avtomobillar narxlari o‘sadi.
Yuqorida aytilganidek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ushbu to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinishi yoki ularga mazkur to‘lovlar qaytarib berilishi, bu esa ularga narxlarni oshirmaslik imkoniyatini taqdim qilishi mumkin.
Ammo import qilinadigan avtomobillar narxi qimmatlashsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar sotuvlar hajmini yo‘qotishdan qo‘rqmasdan narxlarni oshirishlari ham mumkin bo‘ladi.
Laziz Isakov