Respublika bo‘yicha YaIMning shakllanishida Toshkent shahri 14,0 foiz ulush bilan eng katta hissa qo‘shdi. Toshkent viloyati 10,1 foiz va Samarqand viloyati 7,6 foiz ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarni egallab turibdi.
Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, respublika YaIMni shakllantirishda eng kam ulush Sirdaryo (2,1 foiz), Jizzax (2,9 foiz), Xorazm viloyatlariga (3,7 foiz) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (3,5 foiz) to‘g‘ri kelmoqda.
2019 yil yanvar–sentabr oylari yakunlari bo‘yicha Toshkent shahri (8,2 foiz), Toshkent (7,3), Namangan (7,2 foiz), Andijon (6,9 foiz), Xorazm (6,6 foiz) va Farg‘ona (6,1 foiz) viloyatlarida yuqori o‘sish sur'atlari qayd etildi. Respublika darajasiga (5,7 foiz) nisbatan past o‘sish sur'atlari Qashqadaryo (2,8 foiz), Sirdaryo (3,8 foiz) va Navoiy (4,0 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
2019 yil yanvar–sentabr oylarida kichik biznesning respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 57,2 foizni tashkil etdi. Hududlarda kichik biznesning eng katta ulushi Jizzax (hududda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat umumiy hajmining 83,1 foizi), Surxondaryo (79,8 foiz) va Namangan (79,3 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Kichik biznesning eng kam ulushi Navoiy viloyati (31,3 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (53,4 foiz) va Toshkent viloyatida (53,6 foiz) qayd etildi.