Reklama beruvchilar va tarqatuvchilar qanday miqdorda jarimaga tortilishi mumkin ekani aniq belgilanadi

O‘zbekiston 13:49 / 23.10.2019 3036

O‘zbekistonda reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va reklama tarqatuvchilar vakolatli davlat organi tomonidan qanday miqdorlarda jarimaga tortilishi mumkin ekani aniq belgilab qo‘yiladi. Tegishli qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritiladi. Xususan, 29-modda (Reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik) beshinchi qism quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va reklama tarqatuvchilar vakolatli davlat organi tomonidan quyidagi miqdorlarda jarimaga tortilishi mumkin:

noto‘g‘ri reklama berganlik, aksilreklama berishdan bosh tortganlik, reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan yuz baravarigacha miqdorda;

reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishini tugatish haqidagi ko‘rsatmani o‘z muddatida bajarmaganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda;

reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallarni vakolatli davlat organiga belgilangan muddatda taqdim etmaganlik yoki atayin noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaydi”;

quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga jarima qo‘llash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va/yoki O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalarining qarori bir oy muddatda ixtiyoriy ravishda ijro etilmaganda, jarima mablag‘lari sud tartibida undiriladi”.

Ko‘proq yangiliklar: