Mbappe Messining rekordini yangiladi. YeChLda birinchi kun o‘yinlari

Sport 12:10 / 23.10.2019 25188

A guruhi
Zidan iste'fodan qutulib qoldi

«Galatasaroy» — «Real» — 0:1 (0:1)
Gol: Kroos, 18.
«Bryugge» — «PSJ» — 0:5 (0:1)
Gollar: Ikardi, 7 (0:1). Mbappe, 61 (0:2). Ikardi, 63 (0:3). Mbappe, 79 (0:4). Mbappe, 83 (0:5).

Shu kunlarda Ispaniyada bahorda katta umidlar bilan qaytarilgan Zinedin Zidanning «kuni bitgani» haqida yozishmoqda. Xabarlarda aytilishicha, «Qaymoqranglilar» xo‘jayini Florentino Peres jamoaning yana bir sobiq murabbiyi Joze Mourino bilan kelishib qo‘ygani haqida aytilmoqda. O‘tgan haftaning shanba kuni ichki chempionat doirasida «Malorka»dan uchralgan mag‘lubiyat bunday mish-mishlarni ko‘paytirdi. Oldinda esa Istanbulda «Galatasaroy»ga qarshi qiyin o‘yin kutardi.

Maydon egalari o‘yinni tetik boshlashdi, ammo so‘nggi vaqtlarda keskin tanqidlarga uchragan Kurtua madridliklarni qutqardi, u Andonening ikkita xavfli zarbasini bartaraf etdi, keyin esa Chempionlar ligasida 100-o‘yinini o‘tkazgan Kross gol urdi. Unga madridliklarning yana bir tanqidga uchrayotgan futbolchisi Azar assistentlik qildi. Goldan keyin ustunlikni qo‘lga olgan «Real» hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi ham mumkin edi. Raqib darvozasi tomon 14 bor aniq zarba - bu YeChLning shu oqshomdagi o‘yinlari rekordi, ammo bundan ortiq hech narsa. Ayniqsa Azar darvozabonni aldab o‘tganidan keyin bir necha metr masofadan turib bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol eta olmadi.

Lekin birgina gol Zidan iste'fodan qutulib qolishi uchun yetarli bo‘ldi. Hozircha.

Guruhdagi ikkinchi o‘yinda «PSJ» kutilganidek safarda «Bryugge» ustidan g‘alaba qozondi, ammo hisob kutilmagan darajada yiriklashib ketdi. Ikardi parijliklar safida qatorasiga to‘rtinchi o‘yinida gol urdi, ammo bu oqshomning asosiy qahramoni Mbappe bo‘ldi. Jarohatidan tez tiklanayotgan yosh fransuz hujumchi o‘yinning 52-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va qolgan vaqt ichida uchta gol uribgina qolmasdan, Ikardining ikkinchi goliga assistentlik ham qildi.

Shuningdek, u Messining rekordini yangiladi: endi Mbappe Chempionlar ligasida 15-golini urgan eng yosh futbolchi. U bu natijaga 20 yoshu 306 kunligida erishdi. Argentinalik futbolchi YeChLdagi 15-golini urganida 21 yoshu 289 kunlik edi. Endi Neymar yana uning soyasida qolmoqda.

V guruhi
Levandovski top

«Olimpiakos P» — «Bavariya» — 2:3 (1:1)
Gollar: El-Arabi, 23 (1:0). Levandovski, 34 (1:1). Levandovski, 62 (1:2). Tolisso, 75 (1:3). Gilerme, 79 (2:3).
«Tottenhem» — «Tsrvena Zvezda» — 5:0 (3:0)
Gollar: Keyn, 9 (1:0). Son Xin Min, 16 (2:0). Son Xin Min, 44 (3:0). Lamela, 57 (4:0). Keyn, 72 (5:0).

Gretsiyaga safar «Bavariya» uchun og‘ir kechdi. Avvaliga tribunalardagi tartibsizliklar tufayli yoshlar jamoalari o‘rtasidagi o‘yin to‘xtatildi. Keyin asosiy jamoalar o‘rtasidagi o‘yin arafasida ro‘y bergan mushtlashuvlar vaqtida myunxenliklarning 5 nafar muxlisi jarohat oldi. O‘yin ham nemislar uchun omadsiz boshlandi, YeChLda 103-o‘yinida maydonga tushib, Oliver Kan bilan tenglashgan Noyyer El-Arabining zarbasini darvoza chizig‘i ichkarisidan qaytardi. «Bavariya» tezda o‘ziga keldi - birinchi navbatda Levandovskining sa'y-harakatlari tufayli. Polshalik hujumchi hozirda juda zo‘r formada - joriy mavsumda u 17 o‘yinda 21 gol urishga erishdi («Bavariya» uchun 13 o‘yinda 18 gol). U endi 58 goli bilan YeChL tarixidagi eng yaxshi besh to‘purar ro‘yxatidan joy oldi. Oldinda faqat Krishtianu Ronaldu (127), Lionel Messi (112), Raul (71) va Karim Benzema (60).

«Tottenhem» esa bu mavsumdagi omadsizliklari uchun bor alamini «Tsrvena Zvezda»dan oldi. Bir yil muqaddam «shporlar» Chempionlar ligasini guruh bosqichida qatorasiga ikki o‘yinda «Barselona» va «Inter»ga mag‘lub bo‘lish bilan boshlagandi, ammo keyin finalgacha yetib bordi. Balki tarix takrorlanar — na serblar, na «Olimpiakos» pley-off bosqichiga chiqish uchun jiddiy raqobatchi sifatida ko‘rinmayapti. Hatto inqirozni boshdan kechirayotgan «Tottenhem» fonida ham.

S guruhi
Sterling 5ta gol keltirdi

«Shaxtyor» — «Dinamo Z» — 2:2 (1:1)
Gollar: Konoplyanka, 16 (1:0). Olmo, 25 (1:1). Orshich, 60, penalti (1:2). Dodo, 75 (2:2).
«Manchester Siti» — «Atalanta» — 5:1 (2:1)
Gollar: Malinovskiy, 28, penalti (0:1). Aguero, 34 (1:1). Aguero, 38, penalti (2:1). Sterling, 58 (3:1). Sterling, 64 (4:1). Sterling, 69 (5:1).

Agar kunning eng ahmoqona foli uchun sovrin bo‘lganida, uni «Shaxtyor» darvozaboni Pyatov olishi aniq edi. Zagrebning «Dinamo» klubiga qarshi o‘yin vaqtida burchak zarbasi amalga oshirilganida o‘z oldida turgan xorvatlar hujumchisi Gavranchichni bo‘ynidan tortib gazonga yiqitdi. Holbuki bu vaqtda to‘p butunlay boshqa tomonda edi. Darvozabon hech narsa qilmaganiga ishontirmoqchi bo‘lsada, referi Mateu Laos barchasini ko‘rib turgandi va mutlaqo to‘g‘ri penalti belgiladi, uni Orshich aniq ijro etdi va jamoasini oldinga olib chiqdi.

Mezbonlar darvozabonning kulgili xatosi tufayli yutqazishi ham mumkin edi, ammo o‘yin oxirida darvozabonning baxtiga Alan Patrik ajoyib uzatma bilan Dodoni golli vaziyatga chiqardi va hisob tenglashdi.

«Atalanta» hozirda — Italiyada eng qiziqarli va tomoshabop o‘yin ko‘rsatayotgan jamoa, Yevropa miqyosida ham bu jamoaning ko‘rsatkichlari juda zo‘r, ammo Chempionlar ligasida Jan Pero Gasperinining hujumkor modeli ishlamay qolmoqda. Avvaliga Zagrebda — 0:4, endi «Manchester Siti»dan — 1:5. Dastlab Ruslan Malinovskiy penaltidan gol urib, italyanlarni hisobdan oldinga olib chiqqan bo‘lsada, jamoa muxlislarining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. O‘yinning asosiy qahramoni Sterling bo‘ldi, avvaliga Agueroga ikki golda assistentlik qilgan futbolchi (u argentinalik hujumchining ikkinchi golida u uchun penalti ham ishladi) keyin o‘zi uchta gol urdi. Angliyalik futbolchi uchun bu Chempionlar ligasidagi ilk het-trik bo‘ldi.

D guruhi
Dibala «Loko»ning orzusini yakson qildi

«Atletiko» — «Bayyer» — 1:0 (0:0)
Gol: Morata, 78.
«Yuventus» — «Lokomotiv»  — 2:1 (0:1)
Gollar: Miranchuk, 30 (0:1). Dibala, 77 (1:1). Dibala, 79 (2:1).

«Atletiko» hujumchisi Morata Chempionlar ligasida Madridning ikki klubi — «matraschilar» uchun ham, «Real» uchun ham gol urgan ilk futbolchi bo‘ldi. Uning bu o‘yindagi goli Diyego Simeonega «Bayyer» bilan kechgan qiyin o‘yinda g‘alaba keltirdi, ispanlarda gol urish uchun deyarli imkoniyat bo‘lmadi. Morata Lodining qanotdan bergan uzatmasiga o‘z vaqtida sakradi.

Qatorasiga uchinchi o‘yinda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsada, «Bayyer» Madriddagi o‘yinda ustunlik qildi (to‘pga egalik qilish nisbati 60ga 40), nemislar raqibga nisbatan ikki baravar ko‘p zarba berishdi (6ga qarshi 12), ko‘proq burchak zarbasi amalga oshirishdi (2ga qarshi 7), ammo Oblak o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay oldi. «Atletiko» o‘z uslubida natijaga erishdi va guruhda yetakchilik qilishda davom etdi.

Guruhdagi ikkinchi yetakchi bo‘lmish «Yuventus» uchinchi turda «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotishi mumkin edi. Birinchi bo‘limda Miranchuk hisobni ochganidan keyin moskvaliklar hisobni saqlab qolishga o‘ynashdi, ammo o‘yinning so‘nggi qismida Paulo Dibala ikki daqiqa ichida ikki gol urib, turinliklarga g‘alaba keltirdi.

Ko‘proq yangiliklar: