MB dollar sotib olayotganlardan nega pasport so‘ralishiga izoh berdi

Iqtisodiyot 18:17 / 23.10.2019 18753

«Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilinganligi munosabati bilan Markaziy bankda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda qatnashgan Kun.uz muxbirining: «Banklarning valuta ayirboshlash shoxobchalarida 100 dollargacha xorijiy valuta xarid qilish uchun pasport talab qilinmaydi. Nima uchun aynan 100 dollar? Bu miqdor juda kam emasmi? 100 dollardan ortiq valuta sotib olinganida pasport talab etiladi. Umuman pasport ma'lumotlarining olinishi nima uchun kerak?» degan savoliga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobur Abubakirov javob berdi.

«Bu bo‘yicha juda ko‘p tortishuvlar bo‘lgan. Xalqaro tajribadan kelib chiqdik.

Avvalambor, biz bir narsani esimizdan chiqarmasligimiz kerak. O‘zbekiston 2017 yildan boshlab oxirgi 2,5 yil davomida bozor sharoitlarida ishlashni boshladi. Bu degani – liberallashtirish, islohotni endi boshlab, qadam-baqadam ketyapmiz.

100 dollar degani bu miqdor 50 yil davomida 100 dollar bo‘lib qoladi degani emas. Tajribadan kelib chiqib, o‘tkazilayotgan amaliyotlarning hajmidan, unga bo‘lgan talabdan kelib chiqib, summa ko‘tarilishi ham mumkin.

Nima uchun yuz (dollar – tahr.) ekanini aytishim mumkin. Hozirda bankda valuta ayirboshlash operatsiyalarining qariyb 30-40 foizgacha qismini 100 dollargacha bo‘lgan mablag‘ oldi-sotdisi tashkil qiladi. Bu – juda katta ulush.

Ya'ni, agar biz jismoniy shaxslarga shu narsani bersak, qulaylik, shart-sharoit yaratgan bo‘lar edik. Biz mavjud statistika, tahlillardan kelib chiqdik. Bu – bir. Ikkinchisi, boya aytib o‘tilganidek, xalqaro tajriba.

Endi identifikatsiyalash, pasport nima uchun kerak, degan savolga kelsak. O‘zbekiston jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash bo‘yicha FATF tashkilotiga a'zo. A'zo bo‘linganidan keyin tijorat banklari hami ma'lum bir miqdordagi operatsiyalarni o‘tkazayotganda xohlasa-xohlamasa har bir mijozini identifikatsiya qilishi kerak. Identifikatsiya qilinishi talab etiladigan narsa. Bu – xalqaro tajriba. Faqat O‘zbekistondagina emas, butun dunyoda bor narsa», – deya izoh berdi Abubakirov.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari, shuningdek, «qora bozor»ga qanday barham berish mumkinligi haqida gapirib, valutaga daxldor 70ga yaqin qonunosti hujjatlari qayta ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: