«Hamma pul «Obod qishloq»qa yo‘naltirilgan». Qibraydagi mahalla ahliga berilgan va'da nega bajarilmadi?

Jamiyat 16:30 / 23.10.2019 10422

Muammolar o‘z vaqtida hal qilinsa, xalq mas'ullardan, mas'ullar o‘z-o‘zidan mamnun. Ammo unday bo‘lmasa-chi, muammolar yillab hal qilinmasa-chi? Unda ko‘ngilxiralik: xalq mas'ullardan norozi, mas'ullarning kayfiyati esa ularning vijdoniga havola.

Tahririyatimizga tushgan murojat bo‘yicha Qibray tumani, Chinobod QFY, Bo‘ston mahallasida bo‘lib, mahalla ahli bilan uchrashdik.

Mahalladagi Subhidam ko‘chasi aholisi ko‘p yillardan beri elektr energiyasining kam quvvatliligidan aziyat chekib keladi. Bundan tashqari, bu ko‘cha barpo bo‘lganidan buyon tosh to‘shalgan yo‘ldan boshqasini ko‘rmagan ekan.

«Bu yerga ko‘chib kelganimizga 30 yil bo‘ldi. Insonga kerak bo‘ladigan gaz, elektr, suvni o‘z hisobimizdan olib keldik. Davlat tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmadi.

Biz elektrni qo‘shni mahalladan tortib olib kelganmiz. Oldiniga, aholi kam vaqtda bilinmadi. Hozir, mana, 80 xo‘jalik bo‘ldik. Bitta transformatordan katta hudud foydalanadi. Aholi yana ko‘paymoqda. Natijada bu transformator qo‘shimcha yuklama bilan ishlaydi. Kuchlanish gohida 130 voltga tushib ketadi.

Hozir muzlatkich ishlatish, televizor ko‘rish stabilizatorsiz bo‘lmay qoldi. Elektr lampalari yoritmay qolyapti.

80 xo‘jalikka alohida bir transformator o‘rnatib berishini so‘rab, ko‘plab joylarga, Toshkent hududiy elektr tarmoqlari AJga ham murojaat qila boshlaganimizga ikki yilcha bo‘ldi. «Yo‘q» deyishmaydi, «qilamiz» deyishadi. Xatlarimizga javoblar yozishadi, borganimizda yaxshi gapirishadi, ammo natija yo‘q.

To‘g‘risini aytganda, murojaat qilishdan charchadik. Transformator o‘rnatish rejaga kiritilgan, rejaning hatto chizmasi chizilgan. Ammo ikki yildirki, natija yo‘q», – deydi shu mahallada yashovchi keksa Tohir Nishonov.

 Yordam so‘rab turli tashkilotlarga qilingan murojaat xatlari hamda javob xatlari bilan tanishib chiqdik. Deyarli hamma javoblar bir xil – qolip javoblar.

 Ko‘chaga kelgan elektr tarmog‘i achinarli holatda – simlar osilib qolgan, simyog‘ochlarning ko‘pchiligi chirigan.

 Subhidam ko‘chasini qiynayotgan yana bir muammo – yo‘l. To‘qsoninchi yillarda paydo bo‘lgan bu ko‘cha avvalboshdan asfalt ko‘rmagan. Yog‘ingarchilik paytida  ko‘chada katta-katta ko‘lmaklar yig‘iladi.

 «Ko‘chaga chiqqudek bo‘lsak, avval bitta oyoq kiyim kiyamiz, katta ko‘chaga chiqqandan so‘ng esa – boshqasini», deydi ko‘cha ahli.

Yo‘l masalasida ham bir necha bor hokimiyatga murojat qilinganini, ko‘plab mutasaddilar, jumladan mahalliy deputat ham kelgani, vaziyatni ko‘zlari bilan ko‘rishganini, ammo natija bo‘lmaganini aytishdi, hokimiyat mutasaddilaridan nolishdi.

Holatni o‘rganish davomida qo‘shni ko‘chaga ham nazarimiz tushdi. Bu yerda yangi  sport maktabi qurilgan ekan. Ammo maktabga olib boradigan yo‘l achinarli ahvolda.

 Biz aholi murojaatini tinglab, mavjud holatga shaxsan guvoh bo‘lganimizdan so‘ng, izoh olish uchun Qibray tumani hokimiyatida bo‘ldik. Uzoq kutishimizdan keyin mas'ullar yetib kelishdi. Dastlab Bo‘ston mahallasidagi yo‘llar holati bo‘yicha Qibray tuman Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi Nuriddin Qayumxo‘jayevga mikrofon tutdik.

Nuriddin Qayumxo‘jayev

 «Joriy yilda ta'mirlanishi kerak bo‘lgan ichki ko‘chalarimiz ro‘yxati shakllantirilib bo‘lingan. Bu ko‘cha bo‘yicha xabarimiz bor. Bo‘ston mahallasidagi ko‘chalarni 2020 yilgi «Ichki ko‘chalarni ta'mirlash manzilli dasturi»ga kiritish choralari ko‘rilmoqda.

 Ko‘chalar mahalliy budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga ta'mirlanadi. Hozircha mazkur mahalla ko‘chalari dasturga kiritilmagan. 2020 yilda dasturga kiritib, ta'mirlashga harakat qilamiz», dedi Qibray tumani Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassisi.

 «Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJga qarashli Qibray tumani ishlab chiqarish texnika guruhi muhandisi Doniyor Egamberdiyev elektr muammosi bo‘yicha bizga izoh berib, mavjud muammodan xabardorligini, lekin hozirda barcha e'tibor va sarmoya «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan qishloqlarga qaratilganligi sababli hozircha ishlar to‘xtab turganligini ta'kidlab o‘tdi.

Doniyor Egamberdiyev

 Egamberdiyev ham bu ko‘cha 2020 yil dasturiga kiritilib, agar pul ajratilsa, mahalla ahliga transformator o‘rnatib berilishini ma'lum qildi. Ammo u bu ko‘chaga transformator o‘rnatish o‘tgan 2018 yil dasturiga kiritilgani, ammo bajarilmaganini e'tibordan chetda qoldirdi.

 To‘g‘risini aytganda, bunday vaziyatga tashkilotlarning bu mazmundagi izohlari biz uchun yangilik emas edi. Izoh doim tayyor. Ammo...

 Nahotki mahalla ahli bitta transformator uchun ikki yil idorama-idora yurishi kerak? Nega 2018 yil rejasiga kiritilgan transformator o‘rnatilmadi? Nega har gal ishlar keyingi yilga suriladi-da, bajarilmagan ishlar uchun hech kim javob bermaydi?

 Umid qilamizki, Subhidam ko‘chasida yashovchilarni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolar qishning izg‘irinli kunlari kelmasidan hal etiladi. Bunda Qibray tuman hokimligidan tashabbus kutib qolamiz. Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

 Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: